Nima uchun hayvonlar o‘z hududlarini belgilaydi?

Sibir o‘rmonlarini kezganda quyidagi qiziqarli bir hodisaga duch kelinishi tabiiy. Ya’ni Sibir bug‘ulari bir qarashda g‘aroyib ish bilan bandday ko‘rinadi — ular kichikroq daraxtlar va butalar po‘stlog‘ini shoxlari bilan tiladi, so‘ngra o‘sha yerga boshlari va bo‘yinlari bilan ishqalanadi. Gap shundaki, tananing shu qismlarida joilashgan yog‘ va ter bezlari daraxtlarda hudud band etilganligidan dalolat beruvchi o‘ziga xos belgilar qoldirish imkonini beradi.

O‘ziga tegishli joylarni belgilashning boshqa usullari ham bor, ammo usullarning kimyoviysi afzal hisoblanadi. Aytaylik, ayni shu bug‘ular tuyoqlari bilan yerni o‘yadi, natijada bu yerda barmoqlar orasidagi sekret bezlarining hidi uzoq muddat saqlanib qoladi.

Antilopalar boshqa usuldan foydalanadi — ular o‘z «dastxat»larini butalar va baland bo‘yli o‘t-o‘lanlar uchlarini tishlash va ularga darhol ko‘z oldi bezlarini tekkizish orqali qoldiradi. Kemiruvchilar qo‘yadigan belgilar juda qiziq bo‘ladi. Yirik qumsichqon, odatda, o‘zi turgan yerni uyib signal uyumlarini hosil qiladi va ularni qorni bilan tekkislaydi, unda qorin o‘rta bezlari ajratadigan feromonlar (maxsus kimyoviy moddalar) joylashgan bo‘ladi. Quyonlar inga kirish joyini iyak osti, bo‘rsiq — dum osti sekreti bilan belgilaydi.

Ayrim hayvonlar feromonlarni hatto qurol qilib olganlar. Masalan, sassiqqo‘zan dushmanlardan himoyalanar ekan, o‘ta badbo‘y hid — o‘lat isi deb atalmish qo‘lansa hidning ko‘p miqdordagi juda achchiq sekretini ishga soladi. Undan o‘rdakburun ham qolishmaydi, u ham kezi kelganda badbo‘y hidli qurolidan foydalanib, oyoqlariga joylashgan bezlaridan zaharli sekret chiqaradi.