Nima uchun hayvonlar gaplasha olmaydi?

Aksari hayvonlar o‘zaro muloqotda bo‘lishi mumkin, ammo ularning hech qaysi biri odam singari gaplasha olmaydi. Ya’ni birorta hayvon so‘zdan foydalanmaydi.

Qushlar sayraydi, boshqa qushlarga tushunarli bo‘lgan tovushlarni chiqaradi. Hayvonlar muloqotda hid, harakat, tovushlardan foydalanadi, ular shodlik, g‘azab, qo‘rquvni ifodalashi mumkin.

Ammo inson nutqi — juda murakkab jarayon va birorta hayvon uni takrorlashga qodir emas. Buning sabablaridan biri insonda butun boshli organlar turkumi mavjudligida bo‘lib, bular yordamida u so‘zlar tarkib topadigan tovushlarni talaffuz qiladi. Bizning tovush tilchalarimiz alohida usulda titraydi, bo‘g‘iz, og‘iz va burun bo‘shliqlari alohida usulda sozlanadi! Lablar tishlar, pastki jag‘, til va tanglay o‘ziga xos usulda harakat qiladi. Bularning barchasi unli va undosh tovushlarni talaffuz qilishga moslashgan, buni hayvonlar takrorlashga qodir emas. Hayvonlar so‘z va gap tuzish uchun tovushlarning butun bir turkumini talaffuz qilolmaydi.

Hayvonlar nima uchun gaplasha olmasligining yana boshqa, muhimroq sababi bor. So‘zlar — narsalar, xatti-harakatlar, sezgilar, tajribalar, g‘oyalar ramzi. Masalan, «qush» so‘zi — uchadigan jonli ob’ektni ifodalash uchun qo‘llangan ramz. Boshqa so‘zlar uning rangi, shakli, uchishi va sayrashini ifodalaydi. Uchinchi guruh so‘zlardan qush va uning xatti-harakatlari to‘g‘risidagi fikrni ifodalash maqsadida foydalanish mumkin.

Boshqa kishi bilan muloqotda bo‘lish maqsadida so‘zlarni qo‘llash ma’lum yo‘sinda uyushtirilgan ramzlardan foydalanishni anglatadi. Buning uchun ma’lum darajada aql-idrok bo‘lishi talab etiladi, bu esa hayvonlarda yo‘q. Shuning uchun ular inson singari gaplasha olmaydi.