Napoleon Bonapart kabi o‘z hayotlik cho-idayoq butun olamga ta’sir qila olish kuchiga ega bo‘lgan kishilar tarix sahnida juda ozchilikni tashkil qiladi. U 1769 yilning 15 avgustida Korsika orolining Ayachcho degan joyida tug‘ilgan. U hali bolalik chog‘idayoq o‘zining kitoblarda o‘qib bilgan qadimiy davr qahramonlaridek bo‘lishini istardi. U Parijdagi harbiy akademiyani o‘qib tugatganida hali 16 yoshga ham kirmagandi.
24 yoshida Bonapart Tulon shahrini britaniyaliklar istibdodidan ozod qilishdagi qahramonliklari uchun brigada, ya’ni muayyan qo‘shin generali lavozimiga loyiq topildi. Keyinchalik u armiyani boshqarib Avstriya ustidan g‘alaba qozondi, Misrdagi urushda zafar qozondi.
Napoleon Frantsiyaning birinchi Konsuli, hukmdori bo‘ldi. U hukumatni boshqarishning barcha tizimlarini isloh qildi.
1804 yilda Napoleon Frantsiyaning imperatori deb e’lon qilindi. Napoleon frantsuz imperiyasini boshqargan o‘n yil davomida muttasil urush davom etdi. Uning g‘alabalari Napoleonga Yevropada Ispaniyadan to Rossiya chegaralarigacha bo‘lgan hududlarga hukmronlik qilish imkoniyatini tug‘dirdi.
1812 yilda u o‘zining olti yuz minglik askarlari bilan Rossiyaga bostirib kirishga qaror qildi. U garchi Moskvani qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, uning qo‘shinlarining ta’minoti yaxshi darajada emasdi, shu boisdan u yana ortiga qaytib ketishga majbur bo‘ldi. Ortga qaytish chog‘ida uning askarlaridan faqat yuz ming kishigina omon qoldi. Shundan keyingi bir necha mag‘lubiyatlardan so‘ng Napoleon taxtdan voz kechdi va Elba oroliga surgun qilindi. Keyin u Elbani tark etib, yangi armiya tashkil qildi, biroq 1815 yilda Vaterloo yaqinida uning qo‘shinlari Vellington va Blyuxer qo‘mondonligidagi armiya tomonidan tor-mor qilindi.
Napoleon britaniyaliklarga asir tushdi, ular Napoleonni mahbus sifatida hech narsa o‘smaydigan Muqaddas Yelena oroliga surgun qildilar. Napoleon o‘sha yerda 1821 yilning 5 mayda vafot etdi. U o‘z davlatini yangi zafarlar va kuch-qudrat sari yetaklagan yillarida, ayni paytda ko‘plab qirg‘inlar, balo-qazolarning sababchisi bo‘ldi, butun boshli xalqlarning hayotini izdan chiqardi.