Konfutsiy kim bo‘lgan?

Xitoyda eramizdan avvalgi 6 asr atrofida yashagan Konfutsiy dunyodagi eng zabardast diniy ustozlardan bo‘lgan. Konfutsiy qadimgi xitoy qo‘lyozmalarini o‘rgangan, ulardan olijanob shaxsni kamol toptirishda zarur deb hisoblangan g‘oyalarni olgan. Keyinchalik u bu g‘oyalarni jamiyatning barcha qatlamlari — imperatorlardan tortib talabalargacha — maslahat so‘rab kelganlar orasida targ‘ib qilgan. U 2400 yil ilgari asoslab ketgan tamoyillar hozir ham mukammal hisoblanadi.

Uning ismi xitoycha Kung Futse tarzidadir. Konfutsiy 22 yoshga yetib, uylangandan so‘ng 3 yil o‘tgach, odamlarni saodatmand yashashga o‘rgata boshladi. Uning baxt-saodatga erishish borasidagi asosiy qoidasi — «O‘zingga ravo ko‘rmagan ishni — boshqalarga ham ravo ko‘rma» — degan oltin qoidadir.

Konfutsiy ko‘plab hukmdorlar xizmatida bo‘ldi, ularda mehr-muhabbat, adolat, hurmat, donishmandlik va samimiyatga asoslangan axloqiy boshqaruv me’erlariga qiziqish uyg‘otishga intildi.

Uning ta’limotidagi asosiy jihatlardan biri — ota-onaga hurmat — Xitoyda katta e’tibor topdi. U ota-onaning hurmatini tirikligidagina emas, ular yorug‘ dunyodan o‘tib ketganlaridan keyin ham joyiga qo‘yish lozimligiga o‘rgatadi. Ajdodlarga sig‘inishning bu shakli Xitoyda uzoq vaqt namoyish etilgan tamoyil — ortga qaramay olg‘a borish o‘rniga o‘tmishga murojaat qilish tamoyilida namoyon bo‘ldi.

Konfutsiy o‘zini xudo deb hisoblamasdi. U, aslida, oliy borliq to‘g‘risida, oxirat to‘g‘risida hech narsa yozmagan. U, inson tabiatan rahmdil bo‘lib, sog‘lom fikrga egaligiga ishonar, boshqa odamlar bilan totuvlikda yashab, ezgulikni saqlab qolish lozimligiga umid bog‘lardi.

Konfutsiy vafotidan keyingi 5 asr mobaynida uning ta’limoti davlat falsafasi bo‘lib keldi. Biroq buddaviylik yuzaga kelgach, konfutsiylik amalda bir muddat unutib qo‘yildi. Keyinchalik u qayta jonlanib, hatto hozirgi kunlarda ham Konfutsiy ta’limoti millionlab kishilar hayotiga ta’sir o‘tkazmoqda.