Kenguru — Yerdagi hayvonlarning eng g‘aroyibi va qadimiysi hisoblanadi. Bizga ma’lumki, yuz ming yillar ilgari yerda kengurining otga tenglashadigan turi yashagan!
Hozirgi kunda kenguruni «Kengurular mamlakati» deb atalmish Avstraliyada uchratish mumkin. Kenguru hatto bu mamlakat gerbida xam aks ettirilgan.
Kenguru — xaltalilar orasida eng mashhuri. Ona kenguru bolalarini orqa oyoqlari orasida qornida joylashgan mo‘yna xaltachada olib yuradi va shu yerda boqadi. Kenguru bolalari bu xaltachada uzoq muddat yashaydi.
Tug‘ilganda bir dyumdan bir oz kattaroq hajmdagi kenguru bolasi uvoqqina, pushti rang, tuksiz, dum-dumaloq bo‘ladi! Onasi tug‘ilgan zahoti uni xaltachasiga soladi va bola yana ma’lum muddat mutlaq nochor ahvolda bo‘ladi. Olti oylik bo‘lganda, u kuchukchadek kattalik kasb etadi. U hamma yerga onasining xaltasida boshini chiqarib boradi. Onasi daraxtlar barglarini yeyish uchun to‘xtaganda, u ham barglarni uzib yeydi.
Kenguru bolasi yurish va yugurishni urgangandan keyin ham iliq, xavfsiz xaltachani tark etgisi kelmaydi. Xavf tug‘ilganda ona bolasi oldiga sakrab-sakrab keladi hamda uni lablari bilan olib, beto‘xtov va ohista xaltachasiga soladi.
Kenguru katta bo‘lganda bo‘yi ikki metrgacha yetadi. Uning old oyoqlari kalta va orqa oyoqlari juda uzun bo‘ladi. Bu kuchli orqa oyoqlar kenguruga 13 metrgacha uzunlikka sakrash imkonini beradi! Kenguru sakrash vaqtida tayanish va muvozanatni saqlash uchun o‘zining ulkan, uzun dumidan foydalanadi.
Avstraliyada kengurular ovlanadi, chunki ular hosilni payxon qiladi. Ular go‘shtidan taom, terisidan ajoyib, pishiq charm tayyorlanadi. Kenguruni xavf-xatardan tezligi va uzoqdan yaqinlashayotgan dushmanni eshitish imkonini beradi sezgir quloqlari himoya qiladi. Kenguru ovchi itlar ko‘magida ovlanganda u itni old oyoqlari bilan tutib olib, orqaga oyog‘ining bir zarbasi bilan tepib o‘ldirishi mumkin.