Qadim zamonlardan to shu kungacha kundalik so‘zlashuv tilida «kedr» so‘zi turlicha talqin qilinadi. Livan kedri «haqiqiy kedr» sifatida hamisha odamlarning e’tiborini tortib kelgan. U muqaddas daraxt hisoblangan va Livanning gerbida ham o‘z aksini topgan. Rivoyatlarda aytilishicha, Sulaymon alayhissalom bu qimmatbaho daraxtdan ibodatxona qurish maqsadida odamlarni kedr olib kelish uchun boshka yurtlarga jo‘natar ekan.
Kedr qarag‘aylar oilasiga mansub. Bu oilaga yana tilog‘och, oqqarag‘ay, archa, qarag‘ayning o‘zi va boshqa bir qancha ninabargli daraxtlar kiradi. Daraxtlarni nomlashdagi chalkashliklar xristian dini muqaddas kitoblaridan, xususan, Tavrotdan kelib chiqqan. Unda «kedr» so‘zining botanikaga oid tavsifi keltirilmaydi. Shuning uchun Shimoliy Amerika o‘rmonlariga ilk qadam qo‘ygan kishilar yog‘ochi xush bo‘y barcha ninabargli daraxtlarni kedr deb atayvergan. Bunday chalkashlik rus tilida ham bor. Oddiy so‘zlashuv tilida, hatto, o‘rmonshunoslikka oid kitoblarda Sibir qarag‘ayi «kedr» deb ataladi. Mashhur kedr yong‘og‘i aslida Sibir qarag‘ayi yong‘og‘idir. Haqiqiy kedr yong‘og‘i va urug‘larini yeb bo‘lmaydi.
Kedr doimiy yashil tusdagi kuchli daraxt bo‘lib, uzunligi 50 metrgacha boradi. Ular ming va undan oshiq yil umr ko‘radi. Uning to‘rtta turi bor. Shulardan uchtasi O‘rta Yer dengizi mamlakatlarida o‘sadi: atlas kedr Afrika shimolida, Livan kedri Livan, Turkiya va Suriya tog‘larida, Kipr kedri esa Kipr orolida o‘sadi. To‘rtinchi tur — Himolay kedri Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston tog‘larida o‘sadi. Kedr yog‘ochi hasharotlar va zamburug‘lar ta’siriga chidamli bulgani uchun kemasozlikda va turli narsalar tayyorlashda ishlatiladi. Arxeologik qazishmalar chog‘ida, asosan, Livan kedri yog‘ochidan tayyorlangan buyumlar topilib turadi. Masalan, Misr fir’avni Tutanxamon tobutining kedrdan yasalgan yog‘och qismlari, oradan 3200 yil vaqt o‘tganiga qaramasdan, juda yaxshi saqlangan.
Kedr Hindistonda ham muqaddas daraxt hisoblangan va uning yog‘ochi tarixiy obidalar qurilishida ishlatiladi. Hamadon shohining ustunlari kedrdan ishlangan masjidi 1426 yili qurilgan edi.
Kedrning barcha turlari manzarali bo‘lgani uchun ham butun dunyoda ko‘kalamlashtirishda keng qo‘llaniladi. Ular Qrimda ilk marta 1826 yili ekilgan.