Hayvonlar hidlar tilini bilgan holda tug‘iladimi yoki uni vaqti kelib o‘rganadimi? Bu masalada biologlar o‘rtasida yakdil fikr yo‘q. Tajriba ko‘rsatishicha, masalan, oddiy sichqonda feromon xotira g‘oyat darajada kuchli, u oilaning o‘nlab a’zolari to‘g‘risidagi axborotni yodida qattiq tutadi.
Shu o‘rinda qiziqarli bir tafsilot haqida to‘xtalamiz: sichqonlar oyoq panjalaridagi jinsiy bezlar daktiloskopik (barmoq izlariga qarab aniqlanadigan) naqshlarni hosil qiladi. Ulardan sichqonlar hidi kelib turgan iz egasinigina emas, balki uning qayoqqa yo‘l olganligini ham bexato aniqlay oladi.
Shunday ham bo‘ladiki, qandaydir muayyan bezlarning signallari hayvonni tanib olishga yordam beradi. Masalan, quyonlarda sekret, ya’ni chov bezining tarkibi oila a’zolariga: «Bu men, boshqa hech kim emas!» — deb aytib turadi. Izyubrlar (Sharqiy Sibir bug‘ulari), aksincha, ayni bir xildagi feromonlarga ega bo‘ladi, bu ularda oilaviy o‘xshashlikka olib keladi. Demak, feromonlar xususiyati avloddan avlodga o‘tadi.
Olimlar bir qopqon ichiga kalamush va sichqonni bir necha soat qo‘yib, tajriba o‘tkazishgan. So‘ngra ularni chiqarib yuborib, qopqonni ochiq qoldirishgan. Bu qopqonga uzoq muddat boshqa hayvonlar kirmagan. Asirlar bu yerda «Ehtiyot bo‘l!» signaliga oid hidli iz qoldirgani ehtimoldan xoli emas.
Xavotir feromoni bug‘ularda ham aniqlangan. Bug‘ular xavfni sezib, dumlarini ko‘tarib qochar ekan, «ko‘zgu» atalmish oq dog‘larini ko‘rsatgancha o‘ziga xos yo‘nalish beradi. Ammo o‘rmonda bu signalning o‘zi kifoya qilmaydi. Ana shunda feromonlar yordamga keladi, chunki bug‘u dumining kattagina qismini bezlar egallaydi.
Qarshi havo oqimi ko‘tarilgani zahoti dumga urilib, uning sathida sekretning bug‘lanishini tezlatadi va yugurib kelayotgan bug‘u ortida xavotir feromoni yoyilib ketadi. Bu moddaning nimaligi hali aniqlangan emas.
Olimlar uning formulasini bilmaydilar. Bezlar sekretini tashkil qiluvchi komponentlar orasida xavotir feromoni juda kam miqdorda to‘planadi.