Tunda yo‘l yurishga to‘g‘ri kelganlar qorong‘ilikda hayvonlarning yonib turgan ko‘zlarini ko‘rgan bo‘lishlari mumkin. Bu ko‘zlar o‘z-o‘zidan yonib turadi deb taxmin qilish tabiiy. Aslida esa bu yonish qandaydir bir manba, masalan, avtomobil farasidan chiqayotgan yorug‘likning ko‘zda aks etishidir. Yorug‘likning aks etishi aksariyat hayvonlar ko‘zlaridagi kristall modda qatlami tufayli sodir bo‘ladi. Bu modda yorug‘likni aks ettirish qobiliyatiga ega. Odam ko‘zlarida u deyarli bo‘lmaydi.
Aks ettiruvchi qatlam hayvonlarga qorong‘ilikda odamga nisbatan yaxshiroq ko‘rishga ham yordam beradi. Hayvonlar ko‘zlarining qay darajada «yonishi» ulardagi tomirlari soniga bog‘liq bo‘ladi. Ko‘zlarida qon tomirlari soni ko‘p bo‘lgan hayvonlar ko‘zlari qizil, kamroq bo‘lgani och qizil nur taratadi.