Uyqu — barchaga taalluqli hodisa. Jami tirik mavjudot unga ehtiyoj sezadi. Uyquning davomiyligi ko‘plab omillarga bog‘liq bo‘ladi. Rossiya Yevropa qismining markaziy va janubiy mintaqalarida uyquni nihoyatda yaxshi ko‘radigan mo‘jazgina bir hayvon yashaydi. Uning nomini ham uyquchi deb atashadi. Butun kunni u daraxt kovagidagi uyasida betashvish uyquda o‘tkazadi, faqat qorong‘i tushgandagina bir oz chigilni yozish va ul-bul iste’mol qilib olish uchun 2—3 soatga uyg‘onadi.
Uy hayvonlari ham ko‘p uxlaydi: ular yovvoyi avlodlari yemish izlashga sarflaydigan vaqtni tejaydi. Ertalab ishga ketayotib xonadonda qoldirib ketilgan it, odatda, butun kun bo‘yi egalari qaytgunga qadar uxlaydi, ammo tunda ham uyqusizlikdan azoblanmaydi.
Qushlarning ko‘pchiligi qorong‘i tushishi bilan uyquga ketadi. Faqat bahorda — juftlashish davri kelganda ular kechqurunlari va tong saharda, shimolda esa butun tun bo‘yi ishqiy navolar aytib chiqadi.
Ochofatlar hammadan kam uxlaydi. Ko‘rsichqon bir kunda juda ko‘p miqdorda qurtlar va hasharotlarni to‘plashi kerak bo‘ladi, uxlash uchun unga besh soatcha vaqt qoladi.
Uyqu tabiatiga ko‘ra hayvonlar kunduzgi va tungi hayvonlarga ajratiladi. Garchi odamlar kunduzgi mavjudotlarga mansub bo‘lsalar-da, ko‘plarga kunning ikkinchi yarmida, kechqurun va hatto tunda ishlash osonroq tuyuladi. Bunday odamlarning uyg‘onishlari qiyin va uxlashlari undan ham qiyin bo‘ladi. Boshqalar, aksincha, ertalab o‘rinlaridan yengilgina va sakrab turadilar, kunning birinchi yarmida sermahsul ishlaydilar, kechqurun esa erta uxlashga yotadilar. Tunda ishlash bunday kishilar uchun azobning o‘zginasidir. Bu uyqumiz ritmining tug‘ma xususiyatlariga bog‘liq bo‘lib, inson buni o‘zgartirishga qodir emas.
Kichik yoshdagi bolalar va uy hayvonlari tunu kun bir necha marta uxlaydi. O‘z uyqusini mayda-mayda qismlarga bo‘ladigan hayvonlar ham mavjud. Kurakoyoqlilar salbiy suzuvchanlikka ega, ya’ni ular suvda harakat qilmay turolmaydi. Shuning uchun qirg‘oqqa yoki muz ustiga chiqishning imkoni bo‘lmaganda, ular bir-ikki daf’a toza havodan nafas olish uchun muntazam suv sathiga chiqib turishga majbur bo‘ladi. Shimoliy dengiz fili esa suv tubida uch-to‘rt minut uxlaydi. Ammo qattiq o‘rinda ham ular to‘yguncha uxlay olmaydi. Muz ustiga chiqib olgan nerpa, bor-yo‘g‘i ikki-uch minut uxlaydi, so‘ngra boshini ko‘tarib u yoq-bu yoqqa alang-jalang qaraydi va xavf yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, yana ikki-uch daqiqaga uyquga ketadi.