Biz girdobni odamlarni, kemalarni suv qa’riga tortib ketib, falokat va o‘limlarga sababchi bo‘luvchi aylanayotgan ulkan suv massasi sifatida tasavvur qilamiz. Aslida girdoblar xavfli bo‘lsa ham, biror narsani tortib ketish yoki yutib yuborish qudratiga ega emas.
Dastlab girdobning o‘zi nima ekanini bilib olaylik. Daryodagi girdobga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. U oqim qirg‘oqning bir chetiga urilib, aylanishi natijasida hosil bo‘ladi. Kichik joyda aylanayotgan suv girdobning chetiga intiladi va o‘rtada o‘yiq hosil bo‘ladi. U markazdan qochuvchi kuch hosilasidir. Suv to‘la chelakni aylantirganimizda ham, aynan shu kuch suvni to‘kmay ushlab turadi.
Odamlar va kemalar uchun xavfli deb hisoblanadigan katta girdoblarning tabiati qanday? Bir to‘lqin oldingisini quvib yetganida, okean oqimlari aylanib harakat qila boshlaydi. Bu hol ko‘pincha orollar o‘rtasidagi ensiz bo‘g‘ozlarda va quruqlik qismlari o‘rtasida hosil bo‘ladi.
Agar bunday bo‘g‘oz chuqur bo‘lsa, suv ko‘tarilgan payt u yerda aylanayotgan suv massasi voronkalar hosil qilganini ko‘ramiz. Ammo, ta’kidlab o‘tganimizdek, okeanlarda girdob hosil bo‘lmaydi. Okeandagi girdob katta miqyosdagi suvning betartib harakati yoki aylanishidir.
Girdoblarni dunyoning turli chekkalarida kuzatish mumkin. Ulardan uchtasi mashhurdir: Malstryom, Xaribda va Niagara sharsharasidan quyiroqdagi girdob. Malstryom Norvegiya sohillarida, Xaribda esa Italiya va Sitsiliya o‘rtasidagi bo‘g‘ozda joylashgan.