Taxminan eramizdan avvalgi 1100 yillarda Shan sulolasi hukmdorlarini tor-mor keltirgan Chjou sulolasi deyarli ming yil hukm surdi. Bu davrning birinchi yarmi g‘arbiy Chjou deb ataladi. Buning boisi siyosiy markaz hozirgi Shensi viloyati hududida joylashganligidadir.
G‘arbiy Chjou bir nechta poytaxti bo‘lgan zaif siyosiy tuzilma edi. Keyinchalik siyosiy markaz Sharqqa ko‘chgan. Eramizdan avvalgi 771—481 yillar Sharqiy Chjou davri deb atalib, poytaxti Loyan (Xenan) edi. Chjoularning so‘nggi davri — urushayotgan shohliklar davri eramizdan avvalgi 221 yilga to‘g‘ri keladi.
Ushbu ming yillik Chjou sulolasi nomi bilan atalsa-da, bu sulola eramizdan avvalgi 8 asrga kelib butun mamlakat ustidan hukmronlik qilmay qo‘ygan edi. Chjou sulolasi merosiy yer egaligini qarindoshlarga yoki sodiq a’yonlarga bo‘lib, hokimiyatni saqlab qolayotgan edi. Ular esa buning evaziga sulolani siyosiy va g‘arbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashardi. Ayrim viloyatlarning hokimlari kuchaya borib, o‘z hududlarini to‘la nazorat ostiga ola boshlagach, bir-biriga qarshi ham, hukmdorga qarshi ham birlasha boshlagach, hukmdor shoh hokimiyatni qo‘ldan bera boshlaydi, natijada o‘sha viloyatlar mustaqil podsholikka aylana boradi. Ular temir va tuz savdosi orqali boyiy boshlaydilar.
Sharqiy Chjou davrida podsholiklar o‘rtasida ustunlik uchun kurash borar, dam biriga, dam boshqasiga muvaffaqiyat yor bo‘lardi. Eramizdan avvalgi 5 asrga, kurashayotgan podsholiklar davriga kelib podsholiklar soni sakkiztadan oshmadi.