Eramizdan avvalgi 6 asrdayoq Xitoyda qishloqlar mavjud bo‘lib, u yerda dehqonlar cho‘chqa, it boqishar, tariq ekishardi. Keyinchalik dukkakli ekinlar, sholi yetishtira boshlashdi. Eramizdan avvalgi 2700-yilga kelib xitoylar ipak qurti pillasidan shoyi tayyorlash yo‘lini o‘rganib olishdi. Eramizdan oldingi 1800 yildan boshlab Xitoyda shaharlar vujudga kelib, hunarmand shaharliklar yuqori sifatli sopol buyumlar va metall asbob-anjomlar ishlab chiqara boshladi. Eramizdan avvalgi 1500-yildan keyin xitoyliklarda yozuv mavjud edi.
Xitoy shaharlari faqat tashqi dushmanlar bilan emas, balki o‘zaro urushlar ham qilardi. Fuqarolar urushi bir necha yuz yillar davom etdi. Bu urushlar tugashi arafasida hokimiyat bir qo‘lga — imperator Sin Shixuan-diga o‘tdi. Eramizdan avvalgi 221 yilda u ulkan mamlakatni yagona saltanatga birlashtirdi va unga Xitoy deb nom berdi. Uning sulolasi Xitoyda ko‘p emas — 11 yil hukmronlik qildi, biroq o‘rnatgan boshqaruv tizimi 1912 yilga qadar saqlanib turdi.
Imperator Sin Xitoyning shimoliy chegaralarida Buyuk Xitoy devorini bunyod etganligi tufayli shuhrat topdi. Bu devor toshdan ko‘tarilgan ulkan inshoot edi. Shimoldagi ayrim knyazliklar dushmandan himoyalanish uchun ilgari ham devor barpo qilgandilar. Imperator Sin esa bir qancha devorlarni qo‘shib yubordi va shu tariqa umumiy chegarani bunyod etdi.