Bulutlarning qanday turlari bor?

Yomg‘ir yog‘ayotgan paytda osmon simobday og‘ir bulutlar bilan qoplangan bo‘ladi. Osmonda to‘p-to‘p bulutlar suzib yurganda, yomg‘ir yog‘masligi ham mumkin. Bulutlar, issiq havo balandlikka ko‘tarilib, suv bug‘lari ma’lum darajada soviganidan so‘ng hosil bo‘ladi. Hech qachon bir-biriga o‘xshash ikkita bulut bo‘lmaydi. Ular doimo o‘z shaklini o‘zgartirib turadi. Bulutlar shaklining turlicha bo‘lishiga sabab shuki, ular turli temperatura va turlicha balandliklarda hosil bo‘lishadi. Bundan tashqari, bulutlar turli zarrachalardan ham tarkib topishi mumkin. Bu ular joylashgan balandlik va temperaturaga bog‘liq.

Eng baland bulutlar «nurlanuvchi bulutlar» deb ataladi. Ularning balandligi — 50—100 km! Undan keyin «sadaf bulutlar» keladi. Balandligi — 22—33 km. Ular chang va yomg‘ir tomchilaridan tarkib topgan juda yupqa, tabiat rassomi bezagan chiroyli bulutlardir. Ularni kun botganidan so‘ngra yoki kun chiqishidan oldin kuzatish mumkin.

10 km va undan balandlikda esa «patsimon», «patsimon qat-qat», «patsimon to‘p-to‘p» bulutlar joylashadi. Patsimon bulutlar yomg‘ir olib keladi, ular ko‘pincha ob-havo yomonlashishidan darak beradi. Qat-qat bulutlar kun botishi chog‘ida paydo bo‘ladi va yomg‘ir maydalab yog‘ishidan darak beradi. Kulrang va past bulutlar, odatda, yomg‘ir olib keladi. Oq to‘p-to‘p bulutlar esa ochiq quyoshli kunda moviy osmonda suzib yuradi. Bulutlarning hosil bo‘lishi jarayoni bir xil emas. Ularning asosiy turlari bilan bir qatorda aralash turlari ham bor: patsimon to‘p-to‘p bulutlar, patsimon qat-qat bulutlar, qat-qat yomg‘irli bulutlar, shuningdek, atmosferaning yuqori qatlamlaridagi kumushsimon va sadaf bulutlar.

Er yuzasidan tepaga ko‘tariladigan havo oqimlari bulutlarni osmonda tutib turadi. Ammo havo soviy boshlashi bilan bulutda suv to‘plana boradi. Mayda tomchilar asta-sekin, yerga yomg‘ir bo‘lib yog‘adigan darajaga yetgunga qadar kattalasha boshlaydi. Yerga inayotgan tomchilar muzlash temperaturasidan past bo‘lgan havo qatlamidan o‘tadigan bo‘lsa, qor yoki do‘l yog‘adi.

Bulutlar Yer yuzasidan turlicha balandliklarda paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham ular bir necha turga bo‘linadi: yuksak, o‘rtacha, quyi. Shuningdek, barcha balandliklarda turishi mumkin bo‘lgan bulutlar bor.