«Bronenosets»ning nimaligini bilasizmi? Bu zirhni eslatuvchi suyak kosaga o‘ralgan, hajman uncha yirik bo‘lmagan sut emizuvchidir.
Amerika Qo‘shma Shtatlari janubidan Janubiy Amerika janubigacha bo‘lgan hududda bronenosetsning o‘nta turi yashaydi. Bronenosetsning ust tomoni suyak kosa bilan qoplangan, u boshda bitta va orqasida ikkita yassi qattiq jismdan iborat bo‘ladi. Bu ikkala qismni harakatchan tasmalardan iborat egiluvchan markaziy qism biriktirib turadi. Bu bronenosetsning aylanishi va u yoq-bu yoqqa qarashiga imkon beradi.
Kosa markazi bo‘ylab o‘tgan mana shu tasmalar sonidan ba’zida bu hayvonlarni tasniflashda foydalaniladi. Masalan, yetti tasmali, sakkiz tasmali, to‘qqiz tasmali bronenosetslar mavjud. Amerika Qo‘shma Shtatlarida to‘qqiz tasmali bronenosetslar yashaydi. Barcha bronenosetslar dumi suyak bilan qoplangan bo‘ladi. Bundan ularning bitta turi mustasno, tabiiyki, u yumshoq dumli deb yuritiladi!
Qizig‘i shundaki, emalsiz oddiy o‘simtalar bronenosets uchun tish vazifasini o‘taydi. Bu tabiatda behisob bo‘lgan ziddiyatlardan biridir. Tanasi qattiq — tishlari yumshoq. Hayvonlarning ko‘pchiligi dastlabki tishlardan butun umr bo‘yi foydalanadi.
Shunday tishlarga ega bo‘lgan bronenosets yumshoq oziq — chumolilar, qirchumolilar, qurtlar, chuvalchanglar va qo‘ng‘izlar bilan kifoyalanishga majbur. Sizga ma’lumki, bunday oziq barglar orasida yoki yumshoq yerda bo‘ladi, shuning uchun bronenosets uni kavlab olishi kerak. Tabiat bronenosetsga bergan yumshoq tishlar hissasi baquvvat tirnoqlar va kuchli oldingi oyoqlar hisobiga qoplangan. Bronenosets itdan ko‘ra tezroq kavlay oladi! Bundan tashqari, u tirnoqlari va kuchli oldingi oyoqlaridan dushmanlaridan tezlikda yashirinish uchun uya kavlashda ham foydalanadi.
Bronenosetslarning ko‘pchiligi o‘z dushmanidan qochib yoki kavlagan uyasiga yashirinib jon saqlaydi. Bronenosetslarning faqat bir turi — uch tasmali bronenosets g‘ujanak bo‘lib olib jon saqlaydi. Mazkur bronenosetsning kosasi boshqalarnikiga nisbatan pishiqroq bo‘lib, bu uning uchun himoyaning eng ishonchli usulidir.