Atmosferaning og‘irligi qancha?

Erni qalin atmosfera qatlami o‘rab turadi. Yer atmosferasi 20 ga yaqin gazlardan tarkib topgan. Ulardan asosiysi kislorod va azot gazlaridir. Shuningdek, uning tarkibida suv bug‘lari va chang zarralari ham bor.

Havo ham materiyaning boshqa istalgan turi kabi materiyadir va uning o‘ziga yarasha og‘irligi bor. Vazn predmetga ta’sir etuvchi og‘irlik kuchi kattaligidir. Tarozi pallasiga tosh qo‘yilganda, posangisi 5 kilogrammni ko‘rsatsa, toshga ta’sir ko‘rsatayotgan og‘irlik kuchi 50 Nyutonga teng bo‘ladi.

Xuddi shunday Yerning tortish kuchi ham atmosferadagi har bir gaz va chang zarrasiga ta’sir etadi. Yer atmosferasining ham juda katta havo okeani sifatida o‘z vazni bor. Agar uni siqib, taroziga qo‘yish mumkin bo‘lganda edi, taxminan 5 171 000 000 000 000 tonna tosh bosar edi.

Havo bizni hamma tarafdan bosib turadi. U bizning tanamizni bir tonna yuk bilan bosadi. Tanamiz ko‘nikib ketgani uchun ham biz buni sezmaymiz. Atmosfera bosimi dengiz sathida eng yuqori darajada bo‘lib, u 1 kv.sm.ga 1 kg.ni tashkil etadi. Dengiz sathi atmosferaning eng quyi qatlami bo‘lgani uchun ham bosim u yerda juda yuqoridir. Joylarning balandligi oshishi bilan bosim kamayib boradi. Shuning uchun ham kosmik skafandrlarda, yuqori balandlikda uchadigan samolyotlarning kabinalarida havo bosimini inson tanasi ko‘nikkan darajada saqlab turishga harakat qilinadi.

O‘zingizni okean kengliklarida adashib ketgan kemadaman yoki yo‘l topish uchun hech bir belgi bo‘lmagan sahroda sargardon yuribman, deb faraz qiling. Shunda siz o‘zingizni kimdir topib kelishi uchun turgan joyingizni qanday tushuntirgan bo‘lardingiz? Aynan shu maqsadda kenglik va uzunlik tushunchalari o‘ylab topilgan. Ular yordamida sizni Yer yuzasining istalgan nuqtasidan izlab topish mumkin.

Kenglik ob’ekt turgan joyni Shimoliy va Janubiy kengliklarga nisbatan aniqlashga xizmat qiladi. Qutblar o‘rtasidagi masofaning qoq o‘rtasidan ekvator deb ataladigan xayoliy chiziq o‘tadi. Bu nol kenglikdir. Biz ekvatordan Shimolga yurganda, Shimoliy kenglikka, janubga yurganda esa Janubiy kenglikka tushib qolamiz. Kengliklar Yer atrofida ma’lum teng oraliklar orqali o‘tgan xayoliy chiziqlardir. Ular bir-biriga va ekvatorga paralleldir. Shuning uchun parallellar deb ataladi. Chiziqlar orasidagi masofa kilometrlar bilan emas, graduslar bilan o‘lchanadi. Agar aylanani chiziqlar bilan uning markazidan o‘tadigan 360 ta teng qismga bo‘lsak, qo‘shni chiziqlar orasidagi burchak 1 gradusga teng bo‘ladi. Joyni topishda yanada aniqlik bo‘lishi uchun har bir gradus 60 minutga, har bir minut esa 60 sekundga bo‘linadi.

Shimoliy qutb shimoliy kenglikning 90-gradusida, Janubiy qutb esa janubiy kenglikning 90-gradusida joylashgan.

Biroq biror joyni aniq topib olish uchun o‘sha joyning shimol va janubga nisbatan holatini bilishgina yetarli emas. Buning uchun o‘sha joyning g‘arb va sharqqa nisbatan holatini ham bilish kerak bo‘ladi. Uzunlik chiziqlari aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Sharqiy yoki G‘arbiy qutb bo‘lmagani uchun ularning hisob boshlanadigan nuqtasi ham yo‘q. Ancha vaqt burun nol uzunlik chizig‘i Buyuk Britaniya poytaxti Londonning sharqiy chekkasida joylashgan Grinvich laboratoriyasi orqali o‘tishiga kelishilgan edi. Uzunlik chiziqlari meridianlar deb ataladi. Ularning barchasi ekvatorga nisbatan perpendikulyar holatda bo‘lib, bir-biri bilan ikki nuqtada: Shimoliy va Janubiy qutblarda kesishadi. Nol meridian chizig‘ining sharq tomonida sharqiy kenglik mintaqasi, g‘arb tomonida esa g‘arbiy kenglik mintaqasi joylashgan.