Arastu (Aristotel) Qadimgi Yunonistonda buyuk kishilardan bo‘lgan. U hamma davrlarda yashab o‘tgan buyuk faylasuflar sirasiga kiradi.
Arastu faylasuf Aflotun huzurida yigirma yilga yaqin ta’lim oladi. Aflotun vafot etgandan so‘ng Arastu o‘z ta’lim uslubini rivojlantira boshlaydi. U amalda inson duch keladigan barcha muammolar bilan qiziqardi. Aql qay tarzda ishlaydi? Haqiqat qayerda-yu yolg‘on qayerdaligini qanday ajratib olishimiz mumkin? Hokimiyatning qanday shakli afzalroq?
Arastu atrof muhitni kuzatgan va dalillar to‘plagan holda bu savollarga javob topishga intildi. U har bir hodisa o‘zining mantiqiy izohiga ega deb hisoblagan hamda tadqiqotlar va kuzatuvlardan hukm chiqarib, uni ta’riflab bergan ilk olimlar qatorida turadi.
Arastu o‘z maktabiga asos soladi va unga «Litseum» deb nom beradi. U har bir kishi yaxshi va foydali yashab o‘tish imkoniyatini bilish yo‘li bilan olamda o‘z o‘rnini egallashi mumkinligiga ishontirishga harakat qiladi. U yoshlik va qarilik oralig‘idagi umrga — «oltin o‘rtalik»ka ishonardi.
Guvohlik berishlaricha, Arastu astronomiya, fizika, poeziya, zoologiya, notiqlik san’ati, biologiya, mantiq, siyosat, boshqaruv, axloq ilmi bo‘yicha to‘rt yuzga yaqin asar yozgan.
Arastu asarlarini butun jahonda odamlar yuzlab yillar davomida o‘qib- o‘rganishmoqda. Hech bir olim shuncha uzoq davr mobaynida odamlar tafakkuriga bu qadar ta’sir ko‘rsatmagandi.
Hozirgi olimlar Arastuning ikki ming yildan ziyodroq vaqt ilgari olib borgan kuzatishlari bugungi kun nuqtai nazaridan ham to‘g‘ri ekanligini tasdiqlashmoqda. U har bir fikr isbotlanishi darkorligini hamda bilimlar asosi dalillar ekanligini bizga anglatadi.