Akulalarning 150 ga yaqin turi mavjud, ularning ayrimlari anchagina yirtqich bo‘lgani bilan ko‘pchiligi beg‘araz ekani hayron qolarli.
Akulalar baliqlardan tubdan ajralib turadi. Masalan, baliqlarning oyqulog‘i ustida harakatlanuvchi qoplamasi bor, akulalarning terisida tirqishlar mavjud. Ularning yelka o‘rkachi suyakdan emas, balki tog‘aylardan iborat. Tishlar akulalarning o‘ziga xosligini belgilaydi. Tish, odatda, jag‘ suyaklarida joylashadi, akulalarniki esa bir necha qator bo‘lib milkida o‘rnashgan.
Tishlar joylashgan terisi juda sekin rivojlanadi, bir nechta tishlari barvaqt to‘kilib, orqadagilari bilan almashinadi.
Akulaning og‘zi boshining quyi qismida joylashgan. Suv tagida holatini o‘zgartirmasdan turib ovqatlanadi. O‘zidan yuqorida bo‘lgan jonivorlarni chalqancha holda yotib, tutib yeydi.
Akulalar 0,3—1,5 metr atrofida bo‘ladi. Ular ko‘pincha kemalar ortidan ergashib suzadi va benihoya beg‘arazdir, ba’zi baliqlar undan hayiqmaydi.
Biroq anchayin xavf soladigan ikki tur akula mavjud. Ulardan biri yo‘lbars akuladir. U tropik suvlarda yashaydi va og‘irligi 270 kilogrammgacha bo‘ladi. Yo‘lbars akula dengiz arslonlarini yutib yuboradi va odamlarga ham hujum qiladi. Eng yirtqich akula oq akuladir. Ularning ayrimlarining bo‘yi 12 metr atrofida bo‘ladi. U o‘ylab-netib o‘tirmasdan bir odamni yeb quyishi mumkin, yo‘lbars akula misoli dengiz arslonini bir zarbda paqqos tushiradi.
Qiziq, eng katta akula — kit akulasi juda beozordir. Uning bo‘yi 15 metr atrofida bo‘lib, og‘irligi 18 tonnagacha chiqadi. Uning ovqati plankton deb ataluvchi zig‘irday mayda jonivorlardan iborat. Kit akulasining tishlari yoki tishchalari juda mayda — 3 millimetr atrofidadir.