Bir, ikki, uch, to‘rt, besh, olti, yetti, sakkiz, to‘qqiz… Shu so‘zlarni eshitganda nima esingizga keladi? Men bu so‘zlarni eshitsam, ularning yozuvdagi ifodasi — raqamlarni bir-bir ko‘z oldimga keltira boshlayman: 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9… «Bir» deganda ilk belgi — raqam xayolimda charxday aylanaveradi.
«Ikki» deganda esa qaddi-qomati kobra ilonga o‘xshab, boshini egib, oldidan duch kelganni chaqishga shay turgan olifta raqamni o‘ylayman. Nega «uch» deganda 7 raqamini ko‘z oldimizga keltirmaymiz? Buning sababi nimadaligini bilasizmi?
Aslida tarix silsilasidan hozirgacha hech narsa o‘z-o‘zidan bus-butun yetib kelavermas ekan: u kuchli bir asosga ega bo‘lmog‘i, nimagadir asoslanishi kerak ekan, chog‘i. Biz har kuni, kerak bo‘lsa, har daqiqa ishlatadigan raqamlar ham yuz yillar davomida yetib keldi. E’tibor bersak, qadimdan qolgan osori atiqalar qatori mana shu raqamlar tarixi, yozilishi ham ko‘pchilikni qiziqtirib kelgan. Hatto o‘tgan asrning tinib-tinchimas, shovvoz olimu fuzalolari raqamlar ustida tadqiqotlar ham olib borgandi. Natijada raqamlar «taqdiri», tuzilishi haqida har kim turli xil talqinni ilgari surdi — kimdir «xosiyatli va xosiyatsiz» raqamlarni birma-bir sanab, qayd etdi. Kimdir bu raqamlarning o‘ziga xos boshqa xususiyatlari borasida yangilikni ko‘tarib chiqdi.
Buni qarangki, bir guruh olimlar raqamlar ustida yana bir qiziq taxminni ilgari surishgan. Manbalarda aytilishicha, bizga «rim raqami» deya uqtirilgan bu sonlar aslida ilk bor qadim Hindiston aholisi tomonidan keng iste’molga kiritilgan ekan. Hind xalqi anoyi emas-da, bu raqamlarni ishlata boshlar ekan, ularni bir-biridan adashtirib yubormaslikning turli yo‘llarini qidirishgan ko‘rinadi.
Dastlab raqamlar ustiga maxsus belgilar ham qo‘yishgani, bu unchalik qulay bo‘lmagach, qandaydir chiziqlar qo‘yib farqlagani to‘g‘risida ma’lumotlar ham yo‘q emas. Lekin baribir chalkashish holatlari kuzatilgan ekan. Nihoyat bir necha aqlliroqlari boshdan do‘ppini olib, kengashgan shekilli, kutilmaganda jo‘yali bir chorasini topishadi: ular raqamlarni burchagiga qarab farqlashni o‘ylab topadi! O‘sha raqamlar esa dastavval suratdagiday ko‘rinishga ega bo‘lgan.
Endi olimlarning fikriga qaytsak, buning qanchalik haqiqatga to‘g‘ri kelish-kelmasligini raqamlarning burchagini sanab chiqsak, ularning soni ayni o‘sha raqam qiymatini berishi va olimlarning bu taxmini haqiqatdan uzoq emasligiga amin bo‘lamiz. To‘g‘ri, hozirgi paytga kelib ayrim raqamlar, xususan, yetti bilan to‘qqiz raqamining shakl-shamoyili birozgina bo‘lsa-da, o‘zgargan. Ammo bu degani ushbu taxminlar noto‘g‘ri degan xulosani bermaydi.
Nima bo‘lganda ham biz shuni e’tirof etishimiz va tan olishimiz kerakki, haqiqatan ham tarix silsilasidan uncha-muncha narsa o‘z ko‘rinishini o‘zgartirmasdan kelmaydi. Kim biladi, balki bunday narsalarning faqat biror narsaga asoslanganlarigina bizgacha yetib kelgandir, xolos? Raqamlardan tashqari yana qanchadan-qancha narsalarda ham bunday asoslar mavjuddir, ular raqamlar tsingari o‘z kashfiyotchilarini kutib yotgandir?!
Jasur Kengboyev