Ziyouz.uz sayti muharriri “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, Ziyouz.uz sayti muharriri Davronbek Tojialiyev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy islohotlar, yangilanish va innovatsiya jarayonlaridagi faol ishtiroki, ko‘p yillik samarali mehnati, yosh avlodni ona yurtimizga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigini Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi va bir guruh jurnalistlarga davlat mukofotini topshirdi.

Ziyouz.uz sayti 2004 yili tashkil etilgan bo‘lib, o‘zbek tilidagi eng yirik ma’rifiy portaldir. Ayni paytda www.ziyouz.uz portali o‘zbek, rus va ingliz tillarida faoliyat yuritib, unda 25000 dan ortiq ilmiy-ommabop, ma’rifiy maqolalar, 10500 ta elektron kitob o‘rin olgan. Portalga kuniga o‘rtacha 17000 kishi tashrif buyuradi, 100000 sahifa o‘qiladi. Portalning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida 50000 muxlisi mavjud.

Mazkur portal 2012, 2013, 2014 yillarda UZ Milliy domeni Internet-festivalining “Fan va ta’lim sohasida eng yaxshi sayt” yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. 2014 yili “MIT.uz” milliy internet-tanlovining “O‘zbekistonning boy madaniyati, san’ati, tarixi va mustaqillik g‘oyasini aks ettiradigan eng yaxshi sayt” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan.