Boku Butunjahon axborot agentliklari kongressiga mezbonlik qildi

16 noyabr kuni Ozarboyjon poytaxti Bokuda V Butunjahon axborot agentliklari kongressi, Osiyo va Tinch okeani mamlakatlari axborot agentliklari tashkilotining (OANA) XVI Bosh assambleyasi tantanali tarzda ochildi. AZERTADJ agentligi xabariga ko‘ra, Haydar Aliyev nomidagi markazda o‘tgan marosimda Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev qatnashdi va ma’ruza qildi.

“Global miqyosdagi muhim tadbirni o‘tkazayotganimizdan faxrlanamiz. Bu tadbirni mamlakatimiz yutuqlarining e’tirofi o‘laroq qabul qilamiz”, – dedi Ilhom Aliyev.

Qayd etilishicha, Ozarboyjon xalqaro maydonda katta obro‘ga ega sanaladi. Bir necha yil avval 155 mamlakatning qo‘llovi bilan BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zoligiga saylangani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Ilhom Aliyev Ozarboyjon ham Islom hamkorligi tashkiloti, ham Yevropa Kengashi a’zosi ekanini ta’kidladi. Mamlakatda multikulturalizm an’analari shakllanib, turli xalq va millatlar totuv yashayotgani xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda.

Tantanali ochilish marosimida YuNESKO bosh direktori Irina Bokovaning qatnashchilarga videomurojaati namoyish etildi. Mazkur nufuzli tashkilot bosh direktori o‘rinbosari Getachui Engida esa ishtirokchilarni shaxsan qutladi.

Shu tariqa Boku uch kun davomida nufuzli anjumanga mezbonlik qildi. V Butunjahon axborot agentliklari kongressi, Osiyo va Tinch okeani mamlakatlari axborot agentliklari tashkilotining (OANA) XVI Bosh assambleyasi hamda MDH davlat axborot agentliklari rahbarlari kengashida 80 mamlakatning 190 axborot agentligi boshliqlari va vakillari qatnashdi.

Kongress doirasidagi sessiyalarda Butunjahon kongressi, shuningdek, OANA, EANA, FANA kabi xalqaro uyushmalari prezidentlari, Associated Press, Reuters, Sinxua, Anadolu, TASS, France Press, Press Association, EFE, Yonhap, Kyodo, TT, SPA, BTA, AAP, İRNA, DPA, Notimex, ATPE kabi nufuzli axborot agentliklari rahbarlari ma’ruza qildi.

Tadbir yakunida AZERTADJ agentligi Kongress raisligiga saylandi. Demak, 2016-2019 yillarda mazkur xalqaro tuzilmaga Ozarboyjon axborot agentligi yetakchilik qiladi.

Osiyo va Tinch okeani mamlakatlari axborot agentliklari tashkiloti 1961 yilda YuNESKO tashabbusi bilan mintaqa axborot agentliklari o‘rtasida axborot almashuviga ko‘mak berish maqsadida tashkil etilgan. Xalqaro tuzilma 35 mamlakatning 43 axborot agentligini birlashtiradi.

Darvoqe, 17 noyabr kuni Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev V Butunjahon axborot agentliklari kongressi vakillarini qabul qildi. Kongress prezidenti, Caudiya Arabistonining SPA axborot agentligi rahbari  Abdulloh bin Fahd Al-Husayn nufuzli tadbir yuqori saviyada o‘tkazilganini qayd etib, buning uchun Ozarboyjon rahbariga tashakkur bildirdi.