O‘zbek yozuvchisining Ahmad Yassaviy haqidagi kitobi Turkiyada chop etildi

Yozuvchi Sa’dulla Siyoyevning “Ahmad Yassaviy” nomli romani Turkiyadagi Cümle Yayınları nashriyoti tomonidan turk tilida nashr etildi. Roman tarjimasi istanbullik professor, doktor Shuayb Qoraqoshga (Prof. Dr. Şuayip Karakaş) oiddir. 480 sahifalik ushbu kitob buyuk mutasavvuf Ahmad Yassaviy hayoti va ijodi asosida yozilgan.

“Ahmad Yassaviy” romanining ilk boblari 1993 yili “Sharq yulduzi” jurnalida bosilgan. Ikkinchi kitobi “Yassaviyning so‘nggi safari” nomi bilan 2002 yilda chop etilgan. 2012 yili “O‘zbekiston” nashriyotida birinchi va ikkinchi kitoblar “Ahmad Yassaviy” nomi bilan nashr etilgan.

Sa’dulla Siyoyev 1939 yilda Qozog‘istonning Turkiston shahri yaqinidagi Qarnoq qishlog‘ida oilasida tug‘ilgan. «Qasam ichmagan yigit» (1970), «Sadag‘ang ketay» (1972), «To‘ylar muborak» (1975), «Oy borib, omon keling» (1976), «Og‘ir vaznli janjalkash», «Erkaklar uchun ertaklar», «Yorug‘lik» (1986), «Beparvo bo‘lmoqchiman» (1990), «Avaz» (1987), «Yassaviyning so‘nggi safari» (2002) kabi kitoblari chop qilingan.