Toshkentda olmon tili bo‘yicha eng yaxshi yosh notiqlar aniqlandi

13 mart kuni Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasida O‘zbekiston bo‘yicha chet tili sifatida olmon tilini o‘rganayotgan talabalar orasida o‘ninchi marotaba notiqlik tanlovi o‘tkazildi.

Elchixona matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tanlov g‘olibligi Urganch davlat universiteti talabasi Iroda Ismoilova, ikkinchi o‘rin Andijon davlat universiteti talabasi Gulsanam Rasulova, uchinchi o‘rin Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi Mahkam Hamidov va O‘zDJTU talabasi Barno Ahmadjonovaga nasib etdi.

Joriy yilgi musobaqada ilk marotaba “Tinglovchilar tanlovi” yo‘nalishi kiritildi. Ushbu sovrin o‘z mahoratini namoyish etgan O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Regina Bazikeevaga berildi. G‘oliblar va barcha ishtirokchilar olmon tilidagi kitob va audioasarlardan iborat sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Germaniya elchixonasi an’anaviy tarzda o‘tkazib kelayotgan tanlovda butun O‘zbekiston bo‘ylab olmon tilini o‘rganayotgan talabalar ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi. Mamlakatdagi oliy o‘quv yurtlari o‘z talabalari o‘rtasida ichki tanlov o‘tkazib, Germaniya elchixonasida bo‘lib o‘tadigan yakuniy bosqich uchun bittadan, jami 16 vakilni saralab berdi.

Tanlovdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda olmon tili o‘rganilishini qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir. Bunda yosh notiqlar oldindan tanlangan muayyan mavzu bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini hay’at a’zolari va tinglovchilar qarshisida olmon tilida ifodalab berishi hamda savollarga javob berishi talab etiladi.