Tarix saboqlari: Tog‘li Qorabog‘ mojarosi qanday boshlangan edi?

1988 yilning noyabrida Armanistondan ozarboyjon millatiga mansub aholini haydab chiqarish yakunlandi. Shu vaqtdan boshlab Armanistonda ozarboyjon millatiga mansub aholi qolmadi. “Armaniston armanlar uchun” shiori shu tariqa ro‘yobga chiqarildi. Bu haqda Ozarboyjon Fanlar akademiyasi Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Ilg‘or Niftaliyevning Day.az saytida e’lon qilingan maqolasida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, 1988 yilning 27-29 noyabr kunlari Armanistonning bir qator tumanlarida ommaviy tartibsizlik uyushtirilib, ozarboyjon millatiga mansub 188 odam o‘ldirildi, yuzlab uylar yoqib yuborildi. Ozarboyjonlarni surgun qilish amaliyotida rasmiylar ham qatnashdi. Armanistonni tark etishga rozi bo‘lmaganlarga qurolli guruhlar hujum uyushtirdi. Surgun qilingan ozarboyjonlar orasida Armaniston Oliy Kengashi (13 kishi) va SSSR Oliy Kengashi (1 nafar) a’zolari ham bor edi. Bosqinchi guruhlar deputatlarning daxlsizligi talabiga rioya qilmadi.

Ta’qibchilardan xalos bo‘lish uchun yupun kiyingan odamlar qorli-qirovli kunlarda dovon oshib yo‘l bosishga majbur bo‘ldi.

Ozarboyjon axborot agentligi 1988 yilning 3 dekabrida Armanistondan kelgan qochqinlar soni 78 mingtaga yetgani haqida xabar bergan edi.

Sovet Ittifoqi hududida qochqinlarning paydo bo‘lishi o‘sha davr mafkurasi – sotsialistik tartibga zid edi. Shu bois SSSR Ministlar kengashi qochqinlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha hukumat komissiya tashkil qildi. Ammo Markaz millatlararo ixtilofning ko‘lamini to‘la baholamadi. Shu bois tez oradan vaziyat nazoratdan chiqib ketdi.

Ozarboyjon davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 1990 yil fevralida Armanistondan 186 ming ozarboyjon, shuningdek, 11 ming kurd va 3,5 rus millatiga mansub aholi qochib o‘tgan. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatni yanada kuchaytirdi.

Moskva yuritayotgan yuzaki siyosat esa vaziyatni murakkablashtirib qolmay, o‘zaro ixtilofga olovga moy sepgandek ta’sir ko‘rsatdi.

1988 yil 20 fevralda Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyati Armaniston SSRga qo‘shildi. Bu esa minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan fojianing boshlanishi edi.

Ko‘p o‘tmay Xojali qirg‘ini ro‘y berdi. 1992 yilning 25-26 fevral kunlari Armaniston qurolli kuchlari Rossiyaning Xonkendidagi 366-motoo‘qchi polki yordamida Ozarboyjonning Xojali shahrida ommaviy qirg‘in jinoyatini sodir etdi. O‘shanda 613 nafar tinch aholi qatl etildi, 487 kishi jarohatlandi va 1275 kishi asir olindi. Asir olinganlarning ko‘pi yaqinlari bag‘riga qaytmadi, ularning taqdiri hali-hamon noma’lum qolmoqda.

1992 yil 7-8 mayda Ozarboyjonning ko‘hna tarixiy-madaniy markazi – Shusha shahri okkupatsiya qilindi.

Aksar tahlilchilar Tog‘li Qorabog‘dagi ayirmachilik harakati kutilmaganda ro‘y bergan degan fikrni yoqlaydi. Ammo arxiv hujjatlarini o‘rganish jarayonida Tog‘li Qorabog‘ni Ozarboyjondan ajratib olish harakatiga ko‘p yillar tayyorgarlik ko‘rilganini tasdiqlaydi.

SSSRning so‘nggi rahbari Mixail Gorbachyov o‘z xotiralarida bunday yozadi: “Uch yil ichida (1985-87 yillar nazarda tutilmoqda) Markaziy Qo‘mita Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat yuzasidan 500 ta xat oldi. Qayta qurish ichki kuchlarni uyg‘otib, eski yaralarni ochib yubordi. Milliylik tuyg‘usi bilan birga milliy ekstremizm paydo bo‘ldi”.

Shu tariqa M.Gorbachyov Tog‘li Qorabog‘ ziddiyatidan avvalroq Moskva yetilib kelayotgan urushdan xabardor bo‘lganini tan oladi. Ammo uni bartaraf etishga kerakli choralar qo‘llanmaydi.

O‘zaro ixtilof kuchayib bordi. 1992 yilning 7-8 may kunlari Ozarboyjonning ko‘hna tarixiy-madaniy markazi – Shusha shahri Armaniston qurolli kuchlari tomonidan okkupatsiya qilindi.

“Shusha okkupatsiyasi payti 480 nafar tinch aholi vakili o‘ldirilgan, 600 dan oshig‘i jarohatlangan, 22 mingdan ziyod aholi kindik qoni to‘kilgan vatanida qochqinga aylangan. Bundan tashqari, 68 kishi, jumladan, ayollar va bolalar asir olingan. 6800 xo‘jalik, 44 maktab, 279 madaniy obida, jumladan, bir qancha masjid va uy-muzeylar vayron qilingan”, – deydi Amerikadagi Montana universiteti professori Tomas Golts.

Lochin tumanining qo‘ldan ketishi Ozarboyjon tarixidagi og‘ir yo‘qotishlardan biri sanaladi.

1992 yil 17-18 may kunlarida Lochin tumanining qo‘ldan ketishi Ozarboyjon tarixidagi og‘ir yo‘qotishlardan biri sanaladi. Xojali va Shusha tumanlaridan keyin Lochin ham boy berilgach, Qorabog‘ urushining birinchi bosqichi taqdiri uzil-kesil hal bo‘ldi.

Tadqiqotlarga qaraganda, Qorabog‘ va unga yondosh yetti tumanda 876 ta aholi punkti, 7000 ga yaqin sanoat, qishloq xo‘jaligi korxonalari, 153 ming turarjoy, 4366 ta madaniy ob’ekt, 616 ta maktab, 242 ta bog‘cha, 397 ta shifoxona, 10 ta poliklinika, 10 tug‘ruqxona, 76 ta dorixona, 4 ta sanatoriy, 10 ta masjid vayron etilgan. Kutubxona, muzey, teatr va boshqa madaniyat o‘choqlari vayron qilingan, transport tizimi izdan chiqqan.

1988 yili Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon tarkibidan chiqishi ortidan yuzaga kelgan harbiy to‘qnashuvlar bir necha yil davom etgan. 1994 yil may oyida tomonlar o‘t ochishni to‘xtash borasida kelishuvga erishgan. Ikki davlat o‘shandan buyon YeXHTning Minsk guruhi va Rossiya, Frantsiya, Germaniya hamda AQSh ishtirokida muammo yechimi borasida muzokaralar yuritib kelmoqda.

Rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.

Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.

Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ o‘z hududi ekanini ta’kidlab keladi. Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.

S.Salim