Tamaddunlar ittifoqi anjumanida Ozarbayjon va Turkiya yetakchilari nutq so‘zladi

26 aprel kuni Ozarbayjon poytaxti Bokuda BMT Tamaddunlar ittifoqining VII global forumi ish boshladi. Xalqaro anjumanda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hamda Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘on nutq so‘zladi.

Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev so‘zi avvalida Tamaddunlar ittifoqining asoschilari Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on hamda Ispaniyaning sobiq bosh vaziri Xose Rodriges Sapateroga o‘z minnatdorligini bildirdi.

I.Aliyev asrlar davomida turfa madaniyat va e’tiqodlar chorrahasida joylashgan Ozarbayjonda bugun ham turli e’tiqod va millat vakillari ahil yashayotganini qayd etdi.

Ozarbayjonning iqtisodiy taraqqiyoti xususida so‘zlagan yetakchi amalga oshirilayotgan yirik transport va energetika loyihalari tamaddunlar hamkorligiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

“Mamlakatlar o‘zaro robitada bo‘lar ekan, taraqqiyot sur’ati ham o‘sadi. Biz hamkorlikning samarali yo‘llarini qidirmoqdamiz. Sharq – G‘arb transport koridori Ipak yo‘lini tiklashga xizmat qiladi. Shuningdek, Shimol – Janub koridorini ochish bo‘yicha ham faol chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”, – dedi I.Aliyev.

Ozarbayjon Prezidenti Tog‘li Qorabog‘ mojarosiga e’tibor qaratib, Armaniston BMT rezolyutsiyalariga rioya etmayotganini afsus ila qayd etdi hamda qo‘shni davlat harbiylari Ozarbayjonga tegishli bosib olingan hududni tark etishi lozimligini uqtirdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on esa o‘z nutqida radikal guruhlarga qarshi xalqaro miqyosdagi kurashni kuchaytirishga da’vat etdi.

Turkiya yetakchisiga ko‘ra, terrorizm ofati insoniyatga ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan zarar yetkazmoqda.

“Olti yildirki, Suriyada odamlar nobud bo‘lmoqda. Biz Egey va O‘rtayer dengizlarida 100 mingdan oshiq qochqinni qutqarib qoldik. Bugun mamlakatimiz uch million suriyalik va iroqlik qochqinga boshpana bergan, ularga 10 milliard dollar sarflandi”, – dedi Rajab Toyib Erdo‘g‘on.

Qolaversa, yaqinda Iroq, Nigeriya, Frantsiya, Pokiston, Turkiya, Belgiya, Ispaniyada begunoh insonlar terror qurboni bo‘ldi.

Turkiya yetakchisi terrorizm ustidan g‘alaba qozonish uchun irqchilik, adolatsizlik, tengsizlik va siyosiy ziddiyatlarga barham berish lozimligini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, BMT Tamaddunlar ittifoqi qisqa muddatda katta muvaffaqiyatlarga erishdi, ammo hali qiladigan ishlari-da ko‘p.

Rajab Toyib Erdo‘g‘on terrorizmni biror din, millat yoki madaniyatga nisbat berish noto‘g‘ri ekani, xususan, islom dini zo‘ravonlikni keskin qoralashiga urg‘u berdi.

Anjumanda, shuningdek, BMTning Tamaddunlar ittifoqi bo‘yicha oliy vakili Nosir Abdulaziz al-Nosir, Ispaniya Tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Garsia-Margalo ham o‘z fikrlarini bayon etdi. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun esa mashvarat ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi.

“Inklyuziv jamiyatda birgalikda yashash: muammo va maqsadlar” shiori ostida o‘tgan anjumanda 146 mamlakatdan 2 mingga yaqin vakil, jumladan, xalqaro tashkilotlar yetakchilari, sobiq davlat va hukumat rahbarlari, siyosatdonlar, olimlar, san’at va madaniyat namoyandalari qatnashdi.

Tamaddunlar ittifoqi BMT Bosh Assambleyasining 2004 yil 21 sentyabrdagi yig‘inida Ispaniya bosh vaziri Xose Rodriges Sapatero va Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘on tashabbusi bilan ta’sis etilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad millatlararo, dinlararo muloqotni kuchaytirish orqali ekstremizmga qarshi kurashishdan iborat. Tamaddunlar ittifoqi, xususan, G‘arb va Islom dunyosi o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf etishga e’tibor qaratadi.

Ushbu xalqaro tashabbus uchun Xose Rodriges Sapatero va Rajab Toyib Erdo‘g‘on Jorjtaun universiteti tomonidan “Tamaddunlar muloqoti” mukofoti bilan taqdirlangan.

Tamaddunlar ittifoqining avvalgi anjumanlariga Indoneziya (2014), Avstriya (2013), Qatar (2011), Braziliya (2010), Turkiya (2009) va Ispaniya (2008) mezbonlik qilgan.

Sobir Salim