“Siz Payg‘ambarni ko‘rganmisiz?” kitobi qayta nashr etildi

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti “Diniy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi, siyrat fani ustozi Abdul Azim Ziyouddinning “Siz Payg‘ambarni ko‘rganmisiz?” kitobi to‘ldirilib, qayta nashr etildi. Kitobning birinchi nashri 2007 yili amalga oshirilgan edi. Ushbu kitob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam siyratlari bo‘yicha 197 ta test savol-javoblaridan iborat bo‘lib, Makka davrini o‘z ichiga oladi.

“Siz Payg‘ambarni ko‘rganmisiz?” kitobiga Shayx Abdulaziz Mansur muharrirlik qilgan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (rahmatullohi alayh), Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Haydarxon Yo‘ldoshxo‘jayev so‘zboshi yozishgan.

“Muallif o‘z asarini yozishda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyrati shariflariga oid mo‘tabar manbalardan foydalanganlar. U kishi bu ishda kitob tanlash qobiliyatlari ham yuqori darajada ekanini namoyish qilganlar desam, mubolag‘a bo‘lmasa kerak” deyiladi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning (rahmatullohi alayh) so‘zboshisida.

“Bu kitobdan ko‘zlangan asosiy maqsad suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam siyratlari haqida ma’lumoti oz o‘quvchilarga ilm berish, ilmlarini tartibga solish, xatolari bo‘lsa, to‘g‘rilash, ba’zi tushunmagan joylariga aniqlik kiritish; ma’lumoti o‘rtacha bo‘lgan o‘quvchilarning bilimini oshirish; yaxshi ma’lumotga ega bo‘lgan kitobxonlarning bilimini savol-javob uslubida mustahkamlash hamdir” deyiladi muallif muqaddimasida.

Siz Payg‘ambarni ko‘rganmisiz?” kitobini Toshkent shahridagi Chorsu kitoblar uyi va boshqa kitob rastalaridan sotib olishingiz mumkin.