Shayx Muhammad Sodiq rahimahullohning Ramazonga bag‘ishlangan kitobi chop etildi

«Hilol-nashr» nashriyot-matbaasi hamda Islom.uz portali xodimlari ishtirokida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamiga mansub yangi kitoblarning taqdimot marosim bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi info.Islom.uz.

Noshir, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining o‘g‘li Ismoil Muhammad Yusuf kirib kelayotgan Ramazoni sharif munosabati bilan barchani muborakbod etdi, so‘ngra Islom.uz portalida hamda «Hilol-nashr» nashriyot-matbaasining mohi Ramazonga bag‘ishlab rejalashtirilgan ishlari to‘g‘risida, xususan, bugun «Mo‘minning qalqoni» deb nomlangan mufassal ro‘za kitobi hamda «Baxtiyor oila» kitobining yangi nashri taqdim qilinayotgani haqida gapirdi.

Taqdimot marosimiga tashrif buyurgan «To‘xtaboy» jome’ masjidi imom-xatibi Ishoqjon Begmatov hamda «Minor» jome’ masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinovlar ham so‘zga chiqib, ustozimizning el-yurtimizga, xalqimizga va butun dunyo musulmonlariga ko‘rsatgan fidoyiliklari, buyuk xizmatlari haqida to‘lqinlanib so‘zladilar.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik shayx hazratlarining ilmiy merosi, u zot asos solgan ilm-ma’rifat bog‘ining meva berayotgani, hali bu ilm sarchashmasi xalqimizga uzoq yillar manfaat keltirishi haqida so‘zladi.