Qirg‘iziston elchixonasida aviahalokatda qurbon bo‘lganlar xotirasiga Hamdardlik daftari ochildi

Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchixonasida 2017 yil 16 yanvar kuni ro‘y bergan aviahalokatda qurbon bo‘lganlar xotirasiga Hamdardlik daftari ochildi. Bu haqda elchixona matbuot xizmati xabar beradi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar diplomatik korpus vakillari 17 va 18 yanvar kunlari (soat 10:00 dan 12:00 gacha va 15:00 dan 17:00 gacha) Niyozbek yo‘li ko‘chasi 30-binoda joylashgan manzilda Hamdardlik daftariga o‘z ta’ziyanomasini yozib qoldirishlari mumkin.

Joriy yil 16 yanvar kuni Honkong–Bishkek yo‘nalishida parvoz qilayotgan “Boing-747” yuk samolyoti Qirg‘izistonning “Manas” aeroporti yaqinidagi Dacha-Suu qishlog‘ida halokatga uchradi. Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi aviahalokat oqibatida 31 kishi halok bo‘lgani, 11 kishi shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar bergan.

ACT Airlines aviakompaniyasiga qarashli samolyot noqulay ob-havo sharoiti sabab halokatga uchragani aytilmoqda.

Qirg‘iziston xalqi boshiga tushgan fojia munosabati bilan 2017 yil 17 yanvar mamlakatda motam kuni deb e’lon qilingan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 yanvar kungi aviahalokat munosabati bilan Qirg‘iziston yetakchisi Almazbek Atambayevga hamdardlik izhor etgan.