Prezident Shavkat Mirziyoyev Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm bilan uchrashdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 fevral kuni  Amerika– O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemmni qabul qildi. O‘zbekiston Milliy axbort agentligi xabariga ko‘ra, muzokara jarayonida savdo-iqtisodiy, investitsion, texnologik, innovatsion va ta’limiy yo‘nalishlardagi uzoq muddatli va keng miqyosli hamkorlikni kengaytirish haqida so‘z bordi.

Agrosanoat majmuasi, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa sohalarda ilg‘or tajribalar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va Amerika tashkilotlari va kompaniyalari erishgan zamonaviy texnologik yutuqlarni jalb qilishga asoslangan istiqbolli loyihalar muhokama etildi.

Ayni paytda yurtimizda AQSh ishtirokidagi 164 ta korxona faoliyat olib bormoqda. Xususan, AQShning “Boeing”, “General Motors”, “General Electric”, “CNH Industrial”, “Hyatt”, “Hilton” kabi jahonga mashhur ko‘plab kompaniyalari muvaffaqiyatli ishlab kelayotganini ta’kidlash joiz.

AQSh O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalar hajmi 1 milliard dollardan oshdi. 2016 yilda o‘zaro mahsulot ayirboshlash hajmi 70 foizga ortib, 454 million dollarni tashkil etdi.

Prezident bilan uchrashuvda Kerolin Lemm Amerika–O‘zbekiston savdo palatasining barcha vakillari O‘zbekiston bilan hamkorlikda qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Shu kuni Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida Amerika–O‘zbekiston savdo palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, bank-moliya, neft-gaz, mashinasozlik, savdo-sanoat, sarmoya, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, geologiya va mineral resurslar, metallurgiya, kimyo va oziq-ovqat sanoati, sayyohlik, qishloq va suv xo‘jaligi, elektron mahsulotlar ishlab chiqarish, yuqori texnologiyalar, ta’lim hamda axborot texnologiyalari kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va kontsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

Anjumanda O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning joriy holati va istiqbollari, bu borada hamkorlikning keng ko‘lamli yo‘nalishlarini rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.