Pornografiya va zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qilish uchun javobgarlik kuchaytirildi

“O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 2012-yilning 13-aprelidan kuchga kirdi.

Qonun odob-axloqqa qarshi jinoyatlar va qonunbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish vositasida jinoyat va ma’muriy qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga, zo‘ravonlikni, shafqatsizlik va pornografiyani targ‘ib qiluvchi xatti-harakatlarning oldini olishga qaratilgan.

Ushbu Qonunga ko‘ra, pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi. O‘sha harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb qilish, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, pornografik mahsulotni, shuningdek uni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish vositalarini musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni, shuningdek uni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish vositalarini musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zbekistonda pornografiya va zo‘ravonlikka qarshi doimo kurashib kelingan.

Yangi tahrirdagi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida” Qonunning 6-moddasiga ko‘ra ommaviy axborot vositalaridan pornografiyani targ‘ib etish taqiqlanadi.

“O‘zbekiston Respublikasi axborot resurslarini tayyorlash va ularni ma’lumotlarni uzatish tarmoqlarida, shu jumladan, Internetda tarqatish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat qiluvchi, urush, zulm va pornografiyani targ‘ib qiluvchi, diniy va milliy nizolarni qo‘zg‘ovchi, inson sha’ni va qadr-qimmatini poymol qiluvchi axborotlar hamda amaldagi qonun hujjatlari bilan tarqatilishi taqiqlangan boshqa axborotlarning olib kirilishi va tarqatilishi taqiqlanadi.