O‘zbekistonda Ramazon hayiti 18 iyul kuni nishonlanadi

2015 yil 14 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi Qarori e’lon qilindi.

Qarorda ezgulik, shukronalik, mehr-oqibat ayyomi bo‘lmish muborak Ramazon hayitining ma’naviy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini inobatga olib, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida, O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2015 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 18 iyul shanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarorini e’tiborga olib, 2015 yil 18 iyul dam olish kuni deb belgilandi va mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlanishi tavsiya etildi.

Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa barcha mutasaddi idora, jamoat tashkilotlari Ramazon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda o‘tishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirishi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etildi.