Minhojiddin Mirzoning “Gullash payti keldi, bog‘larim” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida shoir Minhojiddin Mirzoning “Gullash payti keldi, bog‘larim” saylanma kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda shoir va yozuvchilar, olimlar, she’riyat muxlislari ishtirok etdi.

Taqdimotni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali ochib, shoir va uning kitobi haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston xalq shoirlari Abdulla Oripov, Mahmud Toir va Anvar Obidjon shoirning ijodiy faoliyatiga yuksak baho berdilar. Sharifa Salimova, Erkin Samandar, Saydi Umirov, Isajon Sulton, Abdunabi Boyqo‘ziyevlar ham so‘zga chiqib, shoirning insoniy fazilatlari va she’rlarining badiiyati haqida gapirdilar.

Minhojiddin Mirzoning “Gullash payti keldi, bog‘larim” kitobi “Tafakkur” nashriyotida chop etilgan bo‘lib, unda shoirning turli yillarda yozilgan she’rlari va dostonlari saylangan, shoir ijodi haqida adabiy qaydlar kiritilgan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, iste’dodli shoir va jurnalist Minhojiddin Mirzo (Hojimatov Minhojiddin Mirzajonovich) 1965 yil 30 iyulda Andijon shahrida tug‘ilgan. ToshDU (hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tugallagan (1990).

O‘z faoliyatini O‘zbekiston radiosi Adabiy-dramatik eshittirishlar bosh muharririyatida muharrirlikdan boshlagan. Minhojiddin Mirzo 1990-98 yillar davomida radiodagi “Maorif va tarbiya”, “Yoshlik”, “Umid” bosh muharririyatlariga rahbarlik qildi. 1998-2002, 2011-2012 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida qator mas’ul vazifalarda faoliyat olib bordi. 2003-2006 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining yosh ijodkorlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, 2005-2006 yillarda o‘rindoshlik asosida “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri lavozimlarida faoliyat olib bordi. 2006-2011 yillarda u Respublika ma’naviyat targ‘ibot markaziga boshchilik qildi. Hozirda “Guliston” jurnali bosh muharriri.

Shu paytgacha M.Mirzoning “Nilufar” (1994), “Visol xabari” (2003), “Yulduzim”, “Ko‘nglim kurtaklari” nomli she’riy to‘plamlari, “Qayg‘u guli” dostoni nashr etilgan.

R. Hamzatov, A. S. Pushkin kabi shoirlarning she’rlaridan o‘zbek tiliga namunalar tarjima qilgan.

U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist (2002). «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).