Germaniyada Markaziy Osiyo va AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

7 dekabr kuni Germaniyaning Hamburg shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda siyosiy, iqtisodiy va boshqa sohalardagi hamkorlikning istiqbollari yuzasidan fikr almashilgan hamda tomonlar mazkur shakldagi hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekani qayd etilgan.

Shuningdek, AQSh Davlat kotibi hamda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston Tashqi ishlar vazirlari joriy yil avgustda Vashingtonda o‘tgan S5+1 vazirlar uchrashuvida kelishilgan beshta qo‘shma loyiha bo‘yicha olg‘a siljish masalasini muhokama etgan. Ma’lumki, AQSh mazkur loyihaga 15 million dollar ajratgan.

O‘zbekiston delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchilik qilgan. Vazirlar uchrashuvida Turkmaniston vakili ishtirok etmagan.

AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, rasmiy Vashington beshta mamlakatning S5+1 diplomatik platformasiga sodiqdir.

“Davlat kotibi Jon Kerrining o‘tgan yili noyabr oyida Markaziy Osiyoga qilgan tarixiy tashrifi chog‘ida Samarqandda boshlangan, so‘ngra avgust oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan muloqot bu safar Hamburgda ham davom etdi. Bu vazirlarning iqtisodiy aloqalar, mintaqa xavfsizligi, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi hamda insonparvarlik kabi o‘zaro manfaatli mintaqaviy masalalarni to‘rtinchi bor muhokama qilish uchun uchrashuvidir”, – deydi Davlat departamenti voizi Jon Kirbi.

Qayd etilishicha, Davlat kotibi Markaziy Osiyo vazirlarini mamlakatlar mustaqilligining 25 yilligi bilan muborakbod etib, Qo‘shma Shtatlar ushbu davlatlar suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi qo‘llab-quvvatlanishini bildirgan.