Elchi: O‘zbekiston va Ozarbayjon aloqalarini strategik hamkorlik deb baholash mumkin

Ozarbayjon hamda O‘zbekiston hamkorligi izchil rivojlanmoqda va mazkur robitani strategik hamkorlik deya baholash mumkin. Mazkur fikr Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Husayn Quliyev tomonidan Respublika kuni munosabati bilan Toshkentda uyushtirilgan rasmiy qabul marosimida bildirildi.  

Tantanali qabul marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatlar, jurnalistlar hamda ozarbayjon diasporasi vakillari qatnashdi. Tadbirda O‘zbekiston hukumati nomidan bosh vazir o‘rinbosari Adham Ikromov ishtirok etdi.

Elchi Husayn Quliyev 1991 yildan so‘ng Ozarbayjon mustaqil, demokratik davlat qurish yo‘liga kirganini ta’kidladi. 

Qayd etilishicha, nisbatan qisqa muddatda mamlakat BMT, Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, Yevropa Kengashining doimiy, BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zosi bo‘ldi hamda xalqaro maydonda o‘z o‘rnini topdi.

Ozarbayjon asrlar davomida madaniyat va e’tiqodlar chorrahasi bo‘lib kelgan. Mazkur tarixiy an’ana bugun ham davom etmoqda.

“Mamlakatdagi islohotlar iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, neftga tobelikni kamaytirishga qaratilgan va bizning bosh maqsadimiz Ozarbayjonni har jihatdan mutaraqqiy mamlakatga aylantirishdir”, – dedi elchi H.Quliyev.

Diplomatning ta’kidlashicha, Armaniston tomonidan okkupatsiya qilingan Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash yetti tuman rasmiy Boku uchun eng og‘riqli muammo bo‘lib qolmoqda. Elchi H.Quliyev mazkur masalada O‘zbekiston Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlagani, BMT Bosh Assambleyasining okkupatsiya qilingan hududdan Armaniston qo‘shinini zudlik bilan olib chiqish haqidagi rezolyutsiyasini ma’qullaganini qayd etdi. Buning uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

“Biz ham o‘z navbatida birodar O‘zbekistonni barcha xalqaro tashkilotlar doirasida qo‘llab-quvvatlaganmiz va bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlaymiz”, – dedi Ozarbayjon elchisi.

Tadbirda ikki mamlakat hamkorligiga oid badiiy va publitsistik materiallar mualliflari – jurnalist va tarjimonlar taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, 1918 yilning 28 mayida Ozarbayjon Milliy kengashi Ozarbayjon Demokratik Respublikasi mustaqilligini e’lon qilgan edi. 1990 yildan buyon 28 may – Respublika kuni sifatida bayram qilinadi.

Sobir Salim