Ozarboyjon IV Islom birdamligi o‘yinlariga hozirlik ko‘rmoqda

Ozarboyjon poytaxti Bokuda joriy yil 12-22 may kunlari o‘tadigan IV Islom birdamligi o‘yinlariga chiptalar 19 martda chiqariladi. Ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, nufuzli musobaqa uchun 500 mingdan ziyod chipta sotilishi rejalashtirilgan.

Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 2015 yil 18 sentyabrdagi farmoniga ko‘ra, IV Islom birdamligi o‘yinlari bo‘yicha tashkiliy qo‘mita ta’sis etilgan. Mamlakatning birinchi xonimi Mehribon Aliyeva tashkiliy qo‘mita raisi etib tayinlangan.

Musulmon olamidagi eng nufuzli sport tadbiri sanalgan musobaqalar yengil va og‘ir atletika, suvga sakrash, suzish, suv polosi, basketbol, futbol, badiiy va sport gimnastikasi, ushu, stol tennisi, qo‘l to‘pi, dzyudo, yunon-rim kurashi, merganlik, tennis, voleybol, boks, karate kabi 20 ta sport turi bo‘yicha o‘tkaziladi.

Ozarboyjon Yoshlar va sport vaziri  Ozod Rahimov hozircha 50 ta mamlakat Milliy olimpiya qo‘mitalari musobaqalarda qatnashish istagini bildirganini aytgan. Ozarboyjon xalqaro bellashuvlarda 57 ta musulmon davlat vakillari ishtirokini erishishni maqsad qilgan. Ozod Rahimovga ko‘ra, Bokuga 3000-3500 nafar sportchi kelishi ko‘zda tutilgan.

Mamlakat rahbariyati sport bellashuvlarini yuksak saviyada tashkil etish orqali butun jahonga musulmon olami yakdilligini ko‘rsatishni maqsad qilgan.

“Umid qilamizki, sport musobaqalari dunyoga islom birdamligini namunasi bo‘lib xizmat qiladi  va musulmon olamida do‘stona robita va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi”, – deydi Ozarboyjon Prezidentining ijtimoiy-siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Ali Hasanov.

20 ta sport turi bo‘yicha bellashuvlar Bokudagi 15 ta zamonaviy arenada o‘tkaziladi.

Haydar Aliyev nomidagi stadion

Boku Olimpiya stadioni

Crystall Hall arenasi

Milliy gimnastika arenasi

Tofiq Bahromov nomidagi stadion

Eslatib o‘tamiz, Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatda 2017 yilni Islom birdamligi yili deb e’lon qilgan. IV Islom birdamligi o‘yinlari esa ushbu yildagi asosiy voqealardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Keyingi yillarda dunyo miqyosida muqaddas islom dinini yomonotliq qilish, uni obro‘sizlantirishga urinish kuzatilayotgani sir emas. Rasmiy Boku xalqaro maydonda muqaddas islom qadriyatlarini himoya qilib, islomofobiyaga qarshi kurashni kuchaytirish lozimligini ta’kidlab kelmoqda.

“Bugun dunyoning ayrim siyosatchilari va ekspertlari islomni terror bilan bog‘lab, uning nomiga dog‘ tushirmoqda. Ular aynan musulmon mamlakatlar terrorizmdan eng ko‘p aziyat chekayotganini unutib qo‘ymoqdalar”, – degan edi Prezident Ilhom Aliyev Bokuda o‘tgan xalqaro gumanitar forumda.

Ozarboyjon rahbariga ko‘ra, islom tinchlik, bag‘rikenglik va adolat dini bo‘lib, uni terror bilan bog‘lash katta xato sanaladi.

Tahlilchilar tomonidan Ozarboyjonda 2017 yil Islom birdamligi yil deb e’lon qilinishi Bokuning muqaddas islom dinini muhofaza etish yo‘lidagi navbatdagi qadami sifatida baholanmoqda.

Sobir Salim