Barcha yo‘llar Pekinga eltadi

Xitoyning bosh havo bandargohidan yomg‘ir qarshi oldi bizni. Pekin havosi xiyla salqin va namxush. Bulutlar tirikchilik tashvishida chumolidek g‘imirlayotgan odamlar andak hordiq chiqarsin degandek obi rahmat ulashadi… Dunyoda sayyoh zotidan-da qiziquvchan xalq yo‘q! Sharros quyayotgan yomg‘ir ham pisand ekanmi, mehmonxonaga joylashib-joylashmay, shahar aylanishga tushib ketdik. Hali boradigan-ko‘radigan joylar ko‘p, vaqt esa tig‘iz – ildam harakat qilmasak bo‘lmaydi.

Og‘irkarvon mo‘ysafid huzurida

Pekin – Chin davlatiga necha asrlardan beri sadoqat bilan poytaxtlik qilib kelayotgan kent. Solnomalarda bu yerda miloddan avvalgi birinchi mingyillikdayoq shahar qad rostlagani qayd etilgan. Mahalliy aholi ham “Odamzod yerda palak yozishi bilan Pekin paydo bo‘lgan”, deydi hazil ohangida. O‘tmishda ko‘hna shahar boshida talay mustabidlar qilich sermab o‘tgan. Shundanmi, Pekin ko‘pni ko‘rgan, og‘irkarvon, vazmin mo‘ysafid timsolida gavdalanadi. Eshitgan chiqarsiz, o‘rta asrlarda turkiylar Pekinni “Xonbaliq” deb atagan. XIV asr oxirlarida Chinga safar qilgan italiyalik jahongashta Marko Poloning shohidlik berishicha, o‘sha mahallar Pekin Venetsiyadan o‘n barobar katta bo‘lgan. Venetsiya esa o‘rta asrlar Ovruposining uchinchi yirik shahri edi…

Pekin bugun ham rub’i maskunning ma’mur kentlaridan biri. Bir qarashdayoq, shaharning betakror me’morchiligi e’tiborni tortadi. Munaqqash qopqa oldida ulkan arslon cho‘zilib yotgan, alvon tomli ko‘hna binolar bir taraf (xitoylarning azaldan hayvonlar shohiga ixlosi baland, imoratlarning kirishida sher haykallari savlat to‘kib turadi). Oftob nurida kamalakmonand jilva taratayotgan, osmono‘par oynaband imoratlar bir taraf. Ko‘kka bo‘y cho‘zgan imoratga mahliyo bo‘lib o‘rta asrlar Xonbalig‘iga kirib qolgangizni sezmay qolasiz. Tor ko‘cha, pastak yog‘och uyli xutunlar o‘tmish merosi sifatida saqlab qo‘yilgan. Yangi bunyod etilgan binolarda esa zamonaviylik va tarixiylik mahorat bilan qorishtirilgani yaqqol seziladi. Qadimdan xitoyliklar olamni besh unsur: yog‘och, suv, olov, tuproq va ma’dan uyg‘unligidan iborat deb biladi. Imoratlarga ham shunchaki jonsiz inshoot emas, moddiy va ma’naviy dunyoni birlashtiruvchi vosita deb qaraladi.

Aholi soni shiddat bilan oshayotgan, korxonalar kundan-kun ko‘payayotgan bir paytda atrof-muhit ifloslanishi Pekin ma’muriyatining asosiy “boshog‘riq”laridan biri. Buning ustiga, shahar ahli sabrini sinamoqchidek vaqti-vaqti bilan bo‘ron bosh ko‘taradi: shimoldagi biyobondan qum galasi bostirib keladi. Lekin tabiat injiqliklari ham shaharni orasta va xushmanzara tutishga to‘sqinlik qilolmaydi. Hollandiyani gullar mamlakati deganlar Pekinda bo‘lmaganmikan deysiz! Har qadamdagi anvoyi gullar qulfi dilingizni ochadi. Hatto ko‘p qavatli uylarning tomlari, osma ayvonlariga ham tuproq olib chiqib, mo‘jaz chamanzorga aylantirilgan. Odmi kiyingan bog‘bon-xizmatchilar gullarni uzzukun parvarishlaydi, yashil gilam – chimni epaqaga keltiradi.

Xitoyliklar so‘nggi yillarda muqobil energiya manbalaridan foydalanishga zo‘r beryapti. Ko‘chalarda quyosh nuridan energiya oluvchi uskunalar bot-bot ko‘zga tashlanadi. Yo‘lboshchimizning hikoya qilishicha, bu yerda yo‘llarni yaxshilash uchun pul ayab o‘tirilmaydi. Chindan ham, tekis va ravon yo‘llar, o‘rgimchak to‘ridek yoyilgan mahobatli ko‘priklar harakat tig‘izligini kamaytirishga xizmat qiladi. Axir, bir necha million avtomobil ro‘yxatga olingan shaharda yo‘lsozlikka jiddiy e’tibor qaratilmasa ham bo‘lmaydi-da!

Hayratlar shahri

Pekinliklar – uddaburo va tili burro tujjor xalq. Bozoru do‘konlarda anoyilik qilsangiz, tamom, cho‘ntagingizni qoqlab olishlari hech gap emas. Cavdogarlar molini kiftiga keltirib maqtaydi, “bilsa hazil, bilmasa chin” qabilida otning kallasidek narx aytadi. Xaridor maqtovlarga pinak buzmay, talashib-tortishishi, erinmay savdolashishi kerak. Rasmi shunday! Molini, deylik, 1000 yuan deb oyoq tirab turgan tujjor obdon savdolashuvdan keyin 50 yuanga ham ko‘na qolishi mumkin.

Pekinda bir lahza ham zerikmaysiz, hayratlar shahri bu! Ovrupo bozorida falon yevro turadigan “Rolex” qo‘lsoatining xitoyi nusxasini “kepak puli”ga olasiz. Amerikaliklar turnaqator navbatda turib xarid qilayotgan “iPhone” savdo rastalarida arzimas aqchaga pullanadi. Pekin shunday hotamtoy shahar, barchaga “bir soatlik xalifa bo‘lish” imkonini beradi. Xalqi ijodkor, yangilikka o‘ch: dunyo bozorida biror yangi mahsulot paydo bo‘lsa, tezda uning ikki tomchi suvdek o‘xshashini yaratadi.

Nusxa ko‘chirish o‘z yo‘liga, ammo xolis aytganda, Ovrupoyu Amerikaning eng nomdor do‘konlari peshtaxtalarini to‘ldirib turgan sara mollar ayni shu mamlakatda ishlab chiqariladi. O‘tmishda qog‘oz, ipak, chinni kabi noyob kashfiyotlar muallifi bo‘lgan millat bugun ham taraqqiyot aravasi shitob harakatlanishi uchun tunu kun ter to‘kyapti. Pekinning Chjunguantsun dahasi “Xitoyning Silikon vodiysi” deb ataladi. Qilni qirq yoradigan elektronika gigantlarini ham shoshirib qo‘yayotgan texnologiya mo‘jizalari shu yerda yo‘qdan bor qilinadi.

Yaproq baribir yerga to‘kiladi

Pekin mamlakatda nufuzi bo‘yicha birinchi, nufusi bo‘yicha esa Shanxaydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Ko‘hna kent 20 milliondan oshiq aholini, yana allaqancha sayyohlarni bag‘riga sig‘dirgan. Xoqon ko‘rgan, tagli-zotli shahar bu! Tarixiy merosga hurmat hissi, qolaversa, tomirida oqayotgan ajdodlar qoni odamlariga kuch beradi, chamasi. Mahalliy aholi nihoyatda mehnatsevar, kuydi-pishdi, tinib-tinchimas. Shafqatsiz raqobat tufayli jonini jabborga berib ishlaydi. Lekin mashaqqatli sinovlarga qaramay, odamlari nekbin kayfiyatda! Ko‘cha-ko‘yda, bog‘-xiyobonda raqs tushayotgan, qo‘shiq aytayotgan yosh-yalang, hatto qariyalar uchraydi. Yo‘lboshlovchimizning tushuntirishicha, odamlar kuy va raqs orqali charchog‘ini yozadi, kayfiyatini ko‘taradi.

“Daraxt qancha yuksak bo‘lmasin, yaproqlari baribir yerga to‘kiladi”, deydi xitoylik eskilar. Pekin aholisi ham odashvashandaligi, kamtarinligi bilan tilga tushgan. Shu-uncha mo‘jizalarga qo‘l urib qo‘yib, hech narsa qilmagandek rioyagarchilik bilan boqadi, tabassum qilib turaveradi.

Markaziy xiyobonlardan birida tosh yo‘lga husnixat bilan nelarnidir yozayotgan qariya diqqatimizni tortdi. Yoshi 90ga borib qolgan otaxon husnixat mashqini qilayotibdi ekan! Qo‘lidagi cho‘tkani suvga botirib, ma’nosi bizga qorong‘u iyerogliflarni yozadi. Qariyaga qasd qilgandek bobo quyosh bitiklarni bir zumda quritib yuboradi. Lekin otaxon taslim bo‘lgisi kelmay cho‘tkasini suvga botirib yana nedir hikmatlarni bitadi. Oftob jahl bilan suv-yozuvni bug‘ga aylantiradi. Qarilikni hali bo‘yniga olmagan nuroniy kuchli ishtiyoq bilan yana iyeroglif donalarini sochadi… Bu holat takror va takror davom etadi. Ismiyu kasbi noma’lum ana shu mo‘ysafid tirishqoq, cho‘ng irodali xitoyliklarning ramzi bo‘lib tuyuldi menga.

Ajdarho qo‘riqlayotgan diyor

Buyuk Xitoy devori…  Bashar qo‘li bilan bunyod qilingan eng ulkan inshoot. O‘tmishning ming bir taloto‘plari, fitnalaridan omon chiqqan noyob bisot. Chin davlatining o‘n beshi yorug‘, o‘n beshi qorong‘i tarixiga shohid obida. Har yili millionlab sayyohlar qadami yetadigan maskandagi marmar lavhga davlat arbobi Mao Szedunning: “Agar Buyuk devorga bormagan bo‘lsang, haqiqiy xitoylik emassan” degan da’vat-xitobi darj etilgan. Xorijliklar qatori chinakam Chin farzandini ekanini isbotlashga bel bog‘lagan, mamlakatning boshqa muzofotlardan kelganlar ham talaygina. Tilsimlarga to‘la obida siriga yetish ishtiyoqida sayyohlar yuqoriga o‘rlaydi. Bir necha ming chaqirimga cho‘zilgan, ustida ikki ot arava bemalol yura olgan devor nurab, kattagina qismi tuproqqa qo‘shilib ketgan. Lekin uning qoldiqlari ham XXI asr insonlarini hayratga g‘arq etishga qodir. Buyuk devor uzala tushib yotgan ajdarhoni eslatadi. Ulkan mavjudot turfa xatarlardan qo‘riqlash uchun qadim afsonalardan shartta chiqib kelgan-u, bamaylixotir yotib olgandek go‘yo. Bu inshoot vasfida talay asotiru rivoyatlar to‘qilgan. “Dunyodagi eng uzun qabriston”, “Qayg‘u devori”… yana ne bir “yorliq”lar bilan ataladi u. Sirasi, uni minglab jon evaziga insoniyat qudratiga qo‘yilgan yodgorlik deyish mumkin.

Pekinda ko‘rishga arziydigan maskanlar serob: Osmon ibodatxonasi, Yopiq shahar, qo‘sha-qo‘sha saroylar, opera teatri, rasadxona, geologiya muzeyi… Qani endi, vaqtingiz bemalol bo‘lsa-yu, har birini soatlab kezib chiqsangiz!

… “Islohotlar me’mori” Den Syaopin 1970-yillarda Xitoyda ulkan iqtisodiy o‘zgarishlarga qo‘l urdi. Yangi islohotlar esa “Pekin bahori” deb ataldi. O‘sha mahallar g‘uncha tukkan nihollar vaqt o‘tib mo‘l-ko‘l mevaga kirdi. Chin davlatining bosh kenti o‘tmishda g‘animlardan ihota bo‘lsin deb devor qurgan bo‘lsa, bugun do‘stlar bilan aloqalarni yaxshilash uchun taraqqiyot ko‘priklarini bunyod etyapti…

S.Salim

Muallif olgan suratlar