Bahman Og‘oraziy: “Eron va O‘zbekistonning do‘stona aloqalari yanada jadal rivojlanadi”

Toshkentda Eron Islom Respublikasi milliy bayrami – Islom inqilobi g‘alabasining 37 yilligi munosabati bilan qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xorijiy davlatlarning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, diplomatlar hamda O‘zbekiston ilm-fan namoyandalari jam bo‘ldi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi hukumati nomidan Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev qatnashdi.

Anjumanda Eron Islom Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahman Og‘oraziy nutq irod qildi.

Diplomat o‘z nutqida qadimiy tamaddun sohibi bo‘lgan Eron so‘nggi yillarda iqtisodiyot va ilm-fanni taraqqiy ettirish borasida katta yutuqlarga erishayotganini qayd etdi.

Eron va G‘arb mamlakatlari xalqaro sanktsiyalar borasida o‘zaro kelishuvga erishgani 2015 yilning muhim hodisalaridan biri bo‘ldi. Elchi Bahman Og‘oraziy mazkur masalaga alohida to‘xtaldi.

“Biz Islom inqilobining 37 yilligini o‘zgacha bir vaziyatda bayram qilmoqdamiz: yaqinda Eron va 5+1 nomi bilan tanilgan guruh muzokaralari yakuniga yetdi. Eron Islom Respublikasi jahondagi murakkab xalqaro masalalarni tinch yo‘l va ijobiy natijalar bilan yechish bo‘yicha mislsiz muvaffaqiyatga erishdi. Hozirda bu kelishuvlar ijro etish bosqichiga kirgan. Ushbu chigal muzokaralar jarayonidagi tekshiruvlar natijasida Eron tinch maqsadda  yadroviy huquqini amalga oshirish uchun sa’y-harakat qilayotgani tasdiqlandi  va uning haqqoniyligi isbotlandi”, – dedi diplomat.

Ta’kidlanishicha, uzoqni ko‘zlamasdan o‘ylab topilgan xalqaro sanktsiyalarning bekor qilinishi Eron taraqqiyotida yangi sahifa ochib qolmay, qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikni faollashtirishga xizmat qiladi.

Eron elchisi mintaqa xalqlari so‘nggi yillarda terrorchilik, diniy tafriqa va mazhabiy kurashlardan aziyat chekayotganini afsus bilan qayd etdi. Mazkur ixtiloflar  ko‘plab insonlar umriga zomin bo‘lmoqda, xalqlar boshiga kulfat yog‘dirmoqda. Diplomatning ta’kidlashicha, bugungi ayanchli vaziyatni mintaqa mamlakatlari va xalqlari bir yoqadan bosh chiqaribgina bartaraf etishi mumkin.

Elchi o‘z nuqtida Eron va O‘zbekiston aloqalari xususida ham mulohazalarini bayon etib, o‘zaro hamkorlik yaqin kelajakda ikki mamlakat oliy martabali rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan yanada jadalroq rivojlanishiga ishonch bildirdi.

“O‘zbekiston zaminida buyuk musulmon donishmandlari voyaga yetgani hamda uning Markaziy Osiyoning yuragida joylashgani zimmasidagi tarixiy vazifani bajarishi uchun alohida imtiyoz beradi. Bir tomondan, do‘stona munosabatlar, tarixiy mushtarak jihatlar va ikki mamlakatning qo‘shniligi, boshqa tomondan esa, Eronda O‘zbekistonning xalqaro dengizlarga chiqa olishi uchun qulay transport-kommunikatsiya tarmoqlarining mavjudligi o‘zaro hamkorlikni barcha sohalarda yanada kengaytirishga ko‘mak ko‘rsatadi”, – dedi Eron elchisi.

Qayd etilishicha, rasmiy Tehron Toshkentning xalqaro dengizga chiqish bilan bog‘liq tashabbuslarini olqishlaydi.

Eron 1991 yil 25 dekabrda O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan. 1992 yil 10 mayda ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilgan. Ikki mamlakat hamkorligining shartnomaviy-huquqiy asosini 60 ga yaqin hujjat tashkil etadi.

2014 yil natijalariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash 374,9 million AQSh dollarini tashkil etgan. O‘zbekistonda Eron sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan 120 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Mamlakatlar o‘rtasida transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa jabhalarda hamkorlik izchil rivojlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Bahman Og‘oraziy 2015 yil 10 dekabrda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga Eron Islom Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi sifatida ishonch yorlig‘ini topshirgan. Diplomat qabul chog‘i ikki davlat hamda xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada chuqurlashtirish, davlatlararo bitim va kelishuvlarni amalga tatbiq etishda bor bilim va tajribasini ishga solajagini aytgan.

Sobir Salim