AQSh Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni O‘zbekistonda bo‘ldi

13-15 dekabr kunlari AQSh Markaziy qo‘mondonligi Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni, general Maykl Garret bir guruh maslahatchi va yordamchilar bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.

“Mazkur tashrif xavfsizlik bo‘yicha keng ko‘lamli hamkorligimiz doirasida O‘zbekiston hukumati va Mudofaa vazirligi bilan yuqori darajada olib borilayotgan muloqot davom etayotganidan dalolat beradi”, – deb xabar beradi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

Tashrif davomida yuqori martabali harbiylar O‘zbekiston Mudofaa vazirligi vakillari bilan uchrashdi hamda Qurolli kuchlar akademiyasida o‘tgan brifingda ishtirok etdi.

Uchrashuvlarda xavfsizlik sohasidagi hamkorlik Qo‘shma Shtatlar uchun O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashdagi bir vosita ekani ta’kidlandi.