2017 yilda O‘zbekistondan 7200 kishi Haj safariga boradi

%image_alt%

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmatining ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda haj ziyoratiga borish istagini bildirganlarning soni oshib borayotganini e’tiborga olib, 2017 yildan o‘zbekistonlik fuqarolar uchun haj kvotasi 7200 nafar qilib belgilandi (ilgari bu ko‘rsatkich 5200 nafar edi).

O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” fondi takliflariga binoan hamda o‘zbek xalqining bag‘rikeng va insonparvarlik tamoyillariga asoslanib, joriy yilda mazkur kengash tomonidan bir va undan ortiq marotaba haj va umra safarlariga borgan shaxslarning muborak ziyoratlarga borishlari kechiktirib turilishi haqida qaror qabul qilindi.

Mazkur qarorning qabul qilinishida respublika miqiyosida muborak umra va haj safarlariga borish istagini bildirgan fuqarolar sonining tez sur’atlarda ortib borishi, mustaqillik yillarida fuqarolar turmush darajasining yuksalishi, aholi sonining o‘sishi, ular tomonidan haj va umra safarlariga borish istagida amaliy yordam so‘rab ko‘plab murojaatlar qilinishi ham e’tiborga olingan.

O‘z o‘rnida Jamoatchilik kengashining ushbu qarori aksariyat vatandoshlarimiz tomonidan keksalarimizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik sifatida iliq kutib olingani kuzatilmoqda.

Ayni paytda ta’kidlash joizki, islom dini ta’limotlariga ko‘ra har bir insonga umrida bir marta haj ziyoratini amalga oshirish (haj safari davomida umra ziyorati ham bajariladi) farz qilingan. Bunda albatta uning sog‘lom va iqtisodiy jihatdan yaxshi ta’minlangan bo‘lishi belgilangan. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ham Arabiston yarim orolida yashagan bo‘lsalarda umrlarida bir marta haj amalini bajarganliklari tarixdan ma’lum.

Aksariyat musulmon mamlakatlarida, jumladan, Saudiya Arabistoni Podshohligida ham o‘z fuqarolariga 5 yilda bir marta haj qilishlari mumkinligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.