Abdulla Oripov: “Ozod ruh meni bir umr tark etmadi” (2011)

O‘zbekicton Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov bilan cuhbat

— Abdulla aka, mana bugun tabarruk yoshga yetdingiz. Muxlislaringiz, adabiyot ixlosmandlari bu sanani istiqlolimiz bois yuksak mavqe va maqomga erishgan milliy adabiyotimiz bayrami sifatida nishonlashga taraddud ko‘rmoqda. Siz bu muborak kunlarga ijodiy kuch-g‘ayratga to‘lib-toshgan, deyarli har kuni yangi bir she’r tug‘ilayotgan, katta-kichik to‘plamlaringiz chop etilayotgan eng faol vaziyatda yetib keldingiz. Aytingchi, yetmish yosh chorrahasidan bosib o‘tilgan yo‘llarga bir qur nazar tashlasangiz qanday manzaralar ko‘z oldingizdan o‘tadi?

— Albatta, ko‘z yumib xayol sursang, juda ko‘p voqealarni, manzaralarni eslaysan kishi. Bunday holat har bir odamga, albatta, xosdir. Axir, har kimning ham o‘z tarjimai holi bor-ku. Avvalambor, men hammasi uchun shukrona aytaman. Ayniqsa, tiriklikning o‘zi bebaho va betakror ne’mat ekaniga iymon keltiraman. G‘alati davrlarni ham ko‘rdik, payti kelganda ko‘p qatori “do‘mbira”sini ham chertdik. Biroq, eng muhimi, xalqim, ustozlarim orzu qilgan millatimiz ro‘shnoligini, ozodligini ko‘rish nasib etdi.

Qo‘limga qalam olib ilk satrlarimni yozgan damlarimda bir kun kelib shoir bo‘laman, deb sira o‘ylagan emasman. Lekin bir xulosa shulki, har kim peshonasiga bitgan yumushni ado etib o‘tar ekan. Tasavvur qiling: bir davrada to‘rtta qariya o‘tiribmiz. Ular bir-birlaridan kasbi-korlarini so‘rashsa, biri — men do‘xtirman, deydi, biri — bog‘bonman, der. Menga navbat kelsa, “Ha, mening umrim she’r yozib o‘tdi”, deyman-da.

Haqiqatni ta’riflashda turli o‘lchovlar yo‘q, deb o‘ylardim. Aslida bundoq emas ekan. Katta haqiqatlar qatori mayda-chuydalari ham ko‘p uchrar ekan. Mening uchun eng katta haqiqat, eng katta armon, hech shubhasiz, xalqimni dunyodagi boshqa yetuk xalqlar qatorida ko‘rish edi. Eng achchiq alam esa kamsitilishdir. Bitta seni kamsitsalar-ku, mayli. Lekin xalqingning kamsitilishini tasavvur etib ko‘r-chi! Shu ma’noda, kechirgan hayotimning eng oliy, eng farahbaxsh nuqtasi, shubhasiz, Istiqlolimiz, deyman.

Endi kichik haqiqatlarga kelsak, shuni aytish kerakki, dunyoda mashaqqatlarning borligidan, nokomillik mavjudligidan sira ko‘z yumib bo‘lmaydi. Men bir she’rimda: “Ey pahlavon, seni yengadigan mayda tashvishdir”, deb yozganman. Hayotni ijodiy tahlil etish jarayonida esa o‘sha katta va kichik haqiqatlar bir-birlariga qo‘shilib ketadi. Busiz jo‘yali asar yaratib bo‘lmaydi. Ya’ni mayda haqiqatlarga o‘ralashib ham qolmaylik va, ayni paytda, katta haqiqatni ham aslo nazardan qochirmaylik.

Men hozir ijodiy tajribalarim, ayrim she’rlarim haqida gapirishim mumkin. Lekin bular ko‘proq tadqiqotchilar uchun zarurroq, deb o‘ylayman. Kitobxonlar esa yozganlaringni yaxlit holda ko‘radi. Ya’ni tayyor oshga baho beraveradi. Qay bir ijodkor nuqul baxtni kuylagandir, qay biri faqat shiorlar yozgandir. Qay birida satira kuchli, qaysi birining sozi esa mungliroqdir. Adabiyot tarixida bu kabi manzaralarning barchasi mavjud.

Mening xulosalarimdan asosiylaridan yana biri shuki, hayotga tayangan ijodda borliqning barcha rang-barangliklari aks etmog‘i shart. Ya’ni, xalqing quvonganda quvonib, o‘yga tolganda iztirob cheksang, axir bu tabiiy hol-ku. Shoir tizmalarining mujassamida u mansub bo‘lgan xalqning orzu-armonlari, turfa kayfiyati ifodasini topolgan bo‘lsa, naqadar yaxshi!

Meni qiziqtirgan yana bir umumiy hilqat borki, u ham bo‘lsa inson nomi bilan bog‘liq tushunchalar, taassurotlar, o‘ylardir… Xuddi ana shu o‘rinda qarshingda nur va zulmat, yovuzlik va ezgulik, muhabbat va nafrat singari abadiy muammolar paydo bo‘la boshlaydi. Ushbu fazilatu qusurlar dunyodagi barcha xalqlarga bab-baravar tegishlidir. Ana shu mavzularni real hayot hodisalari bilan bog‘lab talqin qilish mening eng ulug‘ orzuim bo‘lib kelgan.

— Bugun istiqlolimiz o‘zining yigirmanchi dovoniga yaqinlashib bormoqda. Shu davr mobaynida Vatanimiz erishgan beqiyos o‘zgarishlar matbuotimiz sahifalaridagi publitsistik chiqishlaringizda ko‘p bora e’tirof etilib, quvonchlaringizni muttasil baham ko‘rib kelmoqdasiz. Bugun milliy adabiyotimiz erishgan yutuqlar va uning bo‘y-bastini qanday tasavvur etasiz?

— Milliy adabiyotimizning keyingi ellik yillik jarayoniga men ham ozmi-ko‘pmi guvohman. Turli vaziyatlarni, adabiy musobaqayu izzattalab muhorabalarni kuzatdim. G‘oyaviylik nasosi orqali puflab shishirilgan puchak iste’dodlar-ku ko‘p edi, lekin afsuski, “norning it oldida tiz cho‘kkanini ham ko‘rdim”.

Xayriyat, bularning aksariyati unutildi. Lekin bir holatga guvohmanki, har qanday sharoitda ham xalqimizning didi, ma’naviyati aslo o‘tmaslashgan emas. U, yashirincha bo‘lsa-da, Mashrabni ham, Qodiriyni ham o‘qib yurdi. Albatta, adabiyotda ham yalpi yuksalish (daholarni hisobga olmaganda) birdaniga yuz bermaydi. Jumladan, o‘tgan asrning elliginchi yillaridagi umumiy adabiy saviya bilan hozirgi saviyani hatto qiyoslab bo‘lmaydi. Hozirgi havaskor shoir agar yetmish yil oldin paydo bo‘lganida, balki u favqulodda iste’doddek baholanishi mumkin edi. Demak, saviya yuksalibdi. Demak, katta shoir bo‘la olish imkoniyati tobora qiyinlashib bormoqda. “Shoir bo‘lish og‘ir, Shoir bo‘lish qiyin, Bunday buyuklarning Kahkashonida”.

Hozirgi adabiyotimiz juda katta izlanish yo‘lidan bormoqda. Yengil-elpilik balki ashulachilar uchun kechirimlidir. Lekin adabiyotning yuki og‘ir. Qog‘ozni tinmay qoralash mumkin, umrboqiy asar yaratish esa oson emas. Xudo bergan iste’dodning yonida o‘nta filning mehnati qo‘r to‘kib turadi. Hozir shoirlarning ko‘paygani balki ba’zilarni biroz ajablantirishi ham mumkin. Men esa ushbu manzaraga doimo qiziqish bilan qaraganman. Axir, “bor, ko‘tar she’ringni”, deyishdan ko‘ra, yaxshi yozishga harakat qil, deyish afzal va maroqli emasmi? Asalning hech bo‘lmasa, yuqi qoladi-ku. Ayniqsa, ijodkorga xayrixohlik va muruvvat ortib borayotgan bugungi kunlarda o‘z ilhomini namoyon etishga intilish katta samara beradi, deb o‘ylayman. Eslang, qaysi davrda qaysi yurtning rahbari o‘z adabiyotiga bizdagichalik e’tibor ko‘rgizgan? Yurtboshimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarini o‘qiganimizda ushbu haqiqatga qayta-qayta ishonch hosil qilamiz.

Ustozimiz Abdulla Qahhor o‘z vaqtida: “O‘zbek adabiyoti kelajakda buyuk adabiyot bo‘ladi”, degan bashoratni aytgandilar. Domlamiz ushbu orzularini nimalarga asoslanib bayon qilgani menga noma’lum. Biroq Abdulla aka bugungi mustaqillik kunlarini ko‘rganida bashoratimning asosi mana shu mustaqillikdir, degan bo‘lardilar. Men bunga ishonaman.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida odamlarimiz o‘zgarib, ongu tafakkurlari yuksalib, ertangi kunga ishonchi ortib borayotganini alohida ta’kidlaganlari bejiz emas. Mazkur kontseptsiyada Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning amalga oshishi mamlakatimizni yuksak taraqqiy etgan davlatlar qatoriga olib chiqishiga shubha yo‘q. Demak, kelajagi buyuk davlatning adabiyoti ham, albatta, buyuk bo‘lajak.

— Abdulla aka, ellik yil muqaddam — Siz ilk she’rlaringizni yoza boshlagan davrning ma’naviy muhiti qanday edi? Ijodingizga ozod ruh bag‘ishlagan qudratli kuch nimada, deb o‘ylaysiz?

— Men o‘zimning mo‘jaz she’riyatimni tsivilizatsiya va siyosatdan uzoq bo‘lgan olis bir qishloqda ozod va erkin o‘spirin sifatida boshlaganman. Menga aql o‘rgatadigan adabiy to‘garaklar bo‘lmagan. Ular meni keyinchalik qurshab olganlar. O‘sha ozod ruh esa meni bir umr tark etmadi.

Adabiy muhit qanchalik qolipga solingan bo‘lmasin, xolis fikrlaydigan jasur ijodkorlar bor edi. Ular, albatta, ichidagi gaplarni har doim ham ochiq aytavermasdilar. Nozikroq she’rimizni tinglaganda: “Bu she’rni sen o‘qimading, men eshitmadim”, deb ketaverardilar. Bundoq esdaliklar alohida bir suhbatga mavzudir, deb o‘ylayman.

— Albatta, she’riy asarning biror misrasini ajratib olib xulosa chiqarishga urinish notabiiy tuyuladi. Yaxshi she’r butun holidagina mukammaldir. Modomiki, suhbatimiz ijod va unga muhitning ta’siri haqida ekan, o‘zim ta’sirlangan ba’zi misralarni tilga olsam, aybga qo‘shmaysiz. Menga “Yuzma-yuz” dostoningiz og‘ir mumtoz ohanglarni eslatganday bo‘ladi. Biroq unda shunday misralar borki, Siz:

Hayqiryapman hozir… Ba’zida lekin

Zaif shamollarga bo‘ysunar sozim, —

deysiz. O‘sha “zaif shamollar”ning ijodingizga ta’siri katta bo‘lganmidi?

— Dunyoda chorasizlikdan yomon narsa yo‘q. Odam bolasi ajal oldida-ku, chorasiz. Biroq u oddiy insoniy mehrga zaha yetganda ham qo‘lidan hech narsa kelmasa, chorasiz qolsa, nola chekadimi-yo‘qmi?! Bunday ohanglar adabiyot tarixida doimo eshitilib kelgan. Mayli, Yaratganning o‘zi kechirsin, misolni yuqoriroqdan olaylik: nega o‘z davrining eng badavlat shaxslaridan biri, mamlakatning bosh vaziri Navoiy hazratlari “Topmadim”, “Ko‘rmadim” singari radiflarni tinmay takrorlaganlar? Qalbi karaxt kitobxon: “Obbo, hazratimga nima yetishmagan ekan?”, kabi savollarni o‘ylab topishi mumkin. Darhaqiqat, bir qarashda bu ishtiboh to‘g‘riday tuyuladi. Lekin molu dunyong bisyor bo‘lsa-yu, atrofingdagi havo notoza, ezgulikning ko‘zida yosh qalqib tursa, Navoiy dod demay kim dod desin?! Demak, chaqaloq bejiz yig‘lamaydi. Insoniyat muttasil ravishda komillikka qarab intilib kelmoqda. Odam bolalarining bir oyog‘i Oyga yetgani bilan ikkinchi oyog‘i hamon tubanlikdan uzilgan emas.

Biz hozir umuminsoniy tuyg‘ular haqida so‘zlashib turibmiz. Attangki, bir zamonlar ushbu tuyg‘ularning loaqal bir uchquni qalamingizdan chaqnaganda ham balolarga giriftor bo‘lar edingiz. Shuning uchun men hurriyatni kuylashdan charchamayman!

— Umuman, ilhom va ijod jarayoni qanday kechadi, deb o‘ylaysiz?

— Olamning yaratilishida birinchi turtki sabab bo‘lgani kabi har qanday oddiygina ijodda ham, albatta, nimadir zarur. Tosh tushmasa, yel esmasa, tinch turgan hovuz suvi o‘z-o‘zidan mavjlanadimi? Menimcha, ijodiy turtki ikki xil qiyofada namoyon bo‘lajak. Birinchisi, sizu biz ko‘rib turgan moddiy borliqning bevosita taassuroti bo‘lsa, ikkinchisi esa fikr g‘alayonidir. Mo‘jazgina to‘rtlik ham, ulug‘ doston ham shu ikki jihatning uyg‘unligi tufayligina dunyoga keladi.

— Ona tabiatimiz go‘zalliklari, fasllar tarovatidan ilhomlanib yozgan she’rlaringiz katta-katta turkumlarni tashkil etadi. Ayniqsa, bahor va kuz falsafasiga qayta-qayta murojaat etishingiz boisi nimada?

— Siz shoir ijodiy kayfiyatiga tabiatning, jumladan, fasllarning ta’siri haqida so‘rab turibsiz. Endi men ham sizga savol bilan murojaat qilaman: magar biz hech qanday fasl mavjud bo‘lmagan o‘zga sayyoraga borib qolsak qanday holga tushardik? O‘sha vaqtda ham bizga faqatgina qalb va tafakkur yordam berib, yangi tuyg‘ularni qog‘ozga tushirgan bo‘lardik. Inson zoti o‘zi bahramand bo‘lib turgan muhitni, tabiatni tuqqan onasidek yaxshi ko‘radi, e’zozlaydi. Shimolning muhtasham o‘rmonlariga boqib, she’r yozganimda o‘sha o‘rmonlarning chakkasiga olis cho‘llarimning binafshasini taqib qo‘ygim kelgan (“Za’faron zulfingga taqib ketayin, olis cho‘llarimning binafshasini”). Bular o‘ylab topilgan emas, ko‘ngildan chiqqan tuyg‘ular edi.

Endi bahor va kuzga kelsak, ular yoz va qishni hisobga olmaganda, tayoqning ikki uchlari kabidir: ko‘karish va so‘lish, maysayu hosil va hokazo. Mana shu holat negadir shoirlarni doimo qiziqtiradi. Boshqa bir sababini aytolmayman, lekin, muzlagan qahraton qishdan keyin zamindan bosh ko‘targan boychechak har qanday odamda ham sog‘inch va hayrat hissini qo‘zg‘ab yuborishi aniq. Tabiat biz uchun ham azal, ham abaddir. U bizning mangu panohimizdir. Har qanday sharoitda ham faqat tabiat bizni beminnat ovutadi, taskin beradi. Bir vaqtlar “Ona bo‘la qolgin, menga tabiat”, deya she’rlar yozganimni eslayman.

— She’rlaringizning boshqa tillardagi tarjimalari Sizni qoniqtirganmi?

— Umuman, tarjima haqida mening o‘z tushunchalarim bor. Birinchisi, ayniqsa, hozirgi globallashuv davrida dunyo xalqlari o‘zaro axborot almashib turgan davrda bir-birlarining ma’naviyatidan xabardor bo‘lishlari nihoyatda zarur. Shu ma’noda, adabiy tarjimaning tarixiy ehtiyoj darajasiga ko‘tarilishi tabiiy jarayondir. Ikkinchidan, tarixiy talab yo‘q sharoitda ham oliymaqom har qanday asarni boshqa xalq o‘z tilida o‘qishni xohlab kelgan. Bunga misollar ko‘p, jumladan, “Kalila va Dimna”, “Bo‘ston”, “Guliston” kabi asarlar tabiiy ravishda tilimizga bir necha bora tarjima qilingan. Bunday asarlar tabiatda uchraydigan go‘zal ohularga o‘xshaydiki, ularni har kim o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga oshiqadi. Tarjimaning asl bahosi dastavval mana shu ishqibozlikda ko‘rinishi kerak.

She’rlarimning tarjimalari haqida gapirganda, albatta, tarjimonlarga e’tibori uchun rahmat, deyman. Lekin ular meni qoniqtirgan emas.

— Adabiyotdagi ustozlik maqomini qanday izohlaysiz?

— Kishi o‘zining hurmati va e’tiqodi yuksak bo‘lgan zotlarni ustoz, desa to‘g‘ri bo‘ladi. Hatto bu o‘rinda yoshdagi tafovut ahamiyatsiz bo‘lishi mumkin. Nainki, ustoz-shogirdlik, balki do‘st tutinishda ham yosh, martaba, boylikdan qat’i nazar, avvalo, ko‘ngil bir-biriga to‘g‘ri kelishi shart. Bizning Sharqda sochiga oq oralagan har qanday odamning izidan ustoz, deb yugurish ayb sanalmaydi. Albatta, bu ham axloq belgisi bo‘lishi mumkin. Biroq o‘sha mo‘ysafid ezgulikka xayrixoh bo‘lmasa-chi? Xudo saqlasin, uning ichi qora bo‘lsa-chi? Demak, ustozlik ma’naviy yuksaklik bilan uyg‘un va tutashdir. Nimaiki ibrat bo‘lsa, o‘sha biz uchun ustozdir. Ijodkorga esa birinchi ustoz, albatta, kitob. Pushkin jon berayotib kitob javoniga boqqancha: “Alvido, do‘stlarim!” degan ekan.

— Muxlislaringizni yangi rejalaringiz ham qiziqtirishi tabiiy.

— Men hozirgacha ko‘nglimdagi barcha o‘ylaganlarimni yozdim, deya olmayman. Afsuski, ko‘p vaqtimiz behuda o‘tdi. Bemalolchilik, har xil yumushlar, mayda tashvishlar balki yozilmagan ko‘pgina satrlarimning boshiga yetgandir. Lekin she’rga sig‘maydigan taassurot va xulosalar ham bisyorki, men ularni hali yaxlit bir asarga jamlay olgan emasman. Xudo omonlik bersa, bu orzularga ham yetgaymiz.

Suhbatdosh Murod Abdullayev

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 12-sonidan olindi.