Olima Nabizoda (1974)

1974 yilda tug‘ilgan. O‘zMUning filologiya fakultetini tamomlagan.
Shoiraning “Nigoh sadosi” nomli to‘plami nashr qilingan. Shuningdek, she’rlari ingliz, frantsuz va olmon tillarida ham chop etilgan.

* * *

Musofir
ildizlari chuqur,
shoxlari havolarda
adashgan daraxt…

* * *

Yarim tun.
Qitirlagan ovozdan cho‘chidim.
Quloq tutdim:
tirikchiligim
sichqonning tilida kuylardi…

* * *

Qorong‘i hovli.
Siz bilan kechgan
hayotdan
bir ovoz keldi:
kaltakesak nag‘masi ekan.

* * *

Oynada
ko‘zyoshim raqsga tushardi.
Derazamni
ko‘klamning
vahimasi bosdi.

* * *

U kunlar ham o‘tdi.
Xotirada
shoxdagi gilosdek
dona-dona yodlar qoldi.
Ko‘zlarda
namozshomgullarning
tonggi charchog‘idek
faryodlar qoldi.
U kunlar ham o‘tdi…
Xudoga shukr.

* * *

Bu shaharning
balki
devorlari tosh,
yo‘llari shag‘al.
Bu shaharda
balki
chinorlar talosh,
odamlar dag‘al.
Bu shaharning
balki
tunlari sirli,
qo‘llari kirli.
Ehtimol,
ko‘zlari yoshli,
ko‘ngli taloshlidir…
Ha,
bir ehtimol yana bor:
bu shaharda
bir shaharni
sog‘inib o‘lmoq
mumkin.

* * *

Yillarki,
oy erinmay
sochlarimni kumushga bo‘yar,
dog‘larin esa allalar
yuragimda tunlagan quyosh.
Oftobshuvoq hovliga
oy nurlarin
suvdek sepmoq,
devorlarga
quyoshli yuraklarni
chizmoq istayman.
Aslida,
aslida,
davrimdan qochmoq istayman.

* * *

Sen menga zamondosh,
davrdosh,
davradoshsan balki.
Shukrki,
tuproqdosh emassan…

* * *

Yuzi za’faron,
gulquloqlari qirmizi
qishki atirgul
menga
nozik vatandosh.

* * *

Yana qor yog‘di.
Qaylargadir ketgim keldi.
Qorni g‘ijirlatib,
qaylardadir yurgim keldi…
Bo‘ldi. Yetar. Bas.
Ketaman.
Xayolimda g‘ujg‘on qor – so‘zlar.
Palto
jimgina ilindi yelkamga.
Shlyapa
yuvosh qushchadek beozor
qo‘ndi boshga.
Qo‘lqoplarning
qo‘llarda ajinlari
bilinmay ketdi.
Ostonada etigim yotardi:
asabiy.
Kimdir yo nimadir shivirladi:
ketgisi yo‘q
etikning.

* * *

Onam buloq bo‘lgin, derdi,
Dengizdek toshaman, derdim.
Bolam, bir some’ quloq bo‘l, derdi,
Hayqirib tog‘lar oshaman, derdim.
Dengizlarning ko‘z ko‘rmas
nahanglari bor ekan.
Po‘rtanalar ichinda adashdim.
Hayqiriqning hech tinmas
ohanglari ko‘p ekan,
chin (jin) qiriqlar ila talashdim.
Endi,
buloq bo‘lgim,
bir some’ quloq bo‘lgim
keladi ona!
Sen yo‘qsan, yo‘q!