Amirqul Karim (1960)

Amirqul Karim (Amirqul Karimov) 1960 yil 2 sentyabrda Shahrisabz tumanining Yangi qishlog‘ida tug‘ilgan. 1985 yilda Leningrad Davlat universitetining jurnalistika fakultetini, 1994 yilda Hindiston Javarla’l Neru universitetining Ommaviy axborot vositalari institutini tugatgan.
Mehnat faoliyatini “Turkiston” (avvalgi “Yosh leninchi” gazetasida boshlagan (1985–89), keyin “Yosh kuch” jurnali bo‘lim boshlig‘i (1989–1991), O‘zbekiston Milliy axborot agentligida (1991–1996) xodim, bo‘lim boshlig‘i, xalqaro axborot tahririyati Bosh muharriri, O‘zbekiston Milliy matbuot markazi raisi (1996–2003) ayni vaqtning o‘zida “Hurriyat” gazetasi Bosh muhariri (2002–2003) vazifalarida ishlagan. 2003 yil mart oyidan “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi raisi vazifasida ishlab kelyapti.
“Kuzda gullagan daraxt”, “Oq tunlar”, “Shabnam terayotgan quyosh”, “Ilinj”, “Sening gullaring” kabi she’riy to‘plamlari mavjud. Faqat ulardan “Shabnam terayotgan quyosh” she’riy kitobigina 1990 yilda “Yosh kuch” kutubxonasi seriyasida chop etildi.“Amir Temur o‘gitlari” (Navro‘z” nashriyoti,1990 yil) kitobiga hammualliflik qilgan.
V. Cherevanskiyning “Amir Temur” tarixiy qissasini Xurshid Do‘smuµammad bilan (“Ikar–malik“ nashriyoti, 1993yil), Nobel mukofoti laureati J.Steynbekning “Javohir” qissasini (“Ma’naviyat” 2000 yil), rus shoiri V. Visotskiy “Ta’qiqlangan qo‘shiqlar” she’rlar to‘plamini (“Yangi asr avlodi” 2006 yil), tarjima qilib chop ettirgan.

* * *

Umrimni elga berding,
Ko‘z yoshim selga berding,
Qalbimni elga berding,
Falak, sendan so‘rog‘im
Ko‘nglimni kimga berding?!

Shundayin yorug‘ dunyo,
Zulmatni menga berding.
Kimga shodlik, g‘am degan
Ulfatni menga berding,
Falak, sendan so‘rog‘im,
Ko‘nglimni kimga berding?!

Rizqimni yo‘lga berding,
Gulimni cho‘lga berding,
Xanjarni qo‘lga berding…
Falak, sendan so‘rog‘im,
Ko‘nglimni kimga berding?!.

UNUTDING

Nahot sen bir hovuch zarni deb,
Dilingni gulxanni unutding.
Suydirgan baxt ta’min tuydirgan.
Ishq degan gulshanni unutding.

Seni deb o‘tkazgan onini,
Sen desa berajak jonini.
Qahringdan ushoqdek mo‘jazu,
Mehringdan ulkanni unutding.

Nigohing devona aylagan
Visoling parvona aylagan,
Baxtim deb bir seni tanlagan,
Sevgingla to‘lganni unutding.

Shamolsiz ichikkan yaproqlar,
Havasin keltirgan titroqlar…
Oqshomni yoritgan oy nuri
Izimiz bosilgan tuproqlar.

Biz uzgan atirgul iforin,
Va’damiz.., sevgimiz tumorin,
Ul shirin bo‘salar xumorin…
Chehrangsiz so‘lganni unutding.

Nahot sen… sog‘inching ko‘yida,
Bevafo yorining to‘yida,
«Yor-yor»u nog‘ora kuyida
Tiriklay o‘lganni unutding..?!

Nahot sen…

YoRNING JAMOLI

Eramning bog‘i, Firdavs bulog‘i
Dilimning dog‘i yorning jamoli.

Yuzida yog‘du, ko‘zida jodu
Olamda toqdur qaddi kamoli.

Sochi — shalola, yonog‘i — lola
Ko‘nglimda nola — labining boli.

Suv kabi oqsam, yuziga boqsam
Qaniydi yoqsam… — bahor shamoli.

Bunchalar zolim ul qaro xoling
Amir zavoling — yorning xayoli.

YaNGI LAZGI

Bobur ohanglarida

Yuzi — gul, labi — yoqut,
sumbulsoch ko‘zi — ohu,
Bir ishva tabassuming
ayladi mani jodu.
Sendan bir nafas eltgan,
dunyoni qafas etgan,
Dilimni otash etgan
aytgin, qandayin tuyg‘u.

Bir ko‘rishda bo‘ldim lol,
ey, pari sohibjamol,
Sensiz yashamoq malol
chashmimga kelmas uyqu.
Bo‘lsang san Xorazmdan,
shamsona orazingdan,
Lutfingu arazingdan
ko‘nglimga tushdi qutqu.

Tuyg‘ulari pinhonim,
baxshida senga jonim,
Amiring, navniholim,
ishqingga endi tutqun.