Uyg‘un Ro‘ziyev. Tavba (hikoya)

Eski “Zarbdor” xo‘jaligining sobiq qorovuli Sho­qulning na uyida halovat bor, na yurish-turishida. Hali o‘t-o‘lanlarga zeb bo‘lib turgan shudringlar butkul parlanib ulgurmasidan uning uyida yana olatasir boshlandi. Keyin Shoqul ko‘chaga o‘qday otilib chiqdi. Buni ko‘rgan qo‘ni-qo‘shni borki, uning ahvolini darrov tushundi. Demak, uni kelini yana quvib-solgan. Cholga qiyin bo‘ldi. Ko‘p yillardan beri, umuman, yolg‘iz o‘g‘li Halimga Begimoyni xotinlikka olib berganidan beri ahvol shu. Chol o‘zi jikkakkina odam, Halim ham undan ortiq emas. Kelin esa ancha bo‘ychan, keng gavdali, baquvvat. Shoqul bilan o‘g‘li ikkovini qo‘shsa ham bir kelincha chiqmaydi.
Shoqulning kampiri-ku, kelinni ko‘rmasdan qaytish qilgan. Kelinni Shoqulning o‘zi topgan. Begimoyning otasi savdo idorasida ombor mudiri bo‘lib ishlardi. Shoqul uncha-munchani pisand qilmay qolgan paytlar edi. “O‘g‘limga qizini beraman degan g‘arib-g‘urabolar ko‘p, lekin men o‘zimga o‘xshagan o‘ziga to‘q odam bilan quda bo‘lishim kerak” deb o‘sha ombor mudirining qiziga og‘iz soldi. Chol hali Begimoyni ko‘rmagan, o‘g‘li ham dunyodan bexabar edi. Halimjon uyalinqirab: “Dada, kelinni avval bir ko‘rib gaplashsammikan?” deb bir og‘iz so‘ragan edi, Shoqul o‘z bilganidan qolmay: “Kelinni kelganda ko‘r, sepini yoyganda ko‘r. Men ham onangni faqat chimildiqda ko‘rganman, nima, ziyon qildimmi? Xavotir olma, quda bo‘lmish tilla odam, ayoli ham bip-binoyi. Onasini ko‘ru, qizini ol”, deb uni boshqa bu mavzuda gapirtirmadi. Ombor mudiri o‘rta bo‘yligina, uning xotini ham tog‘oradan toshgan xamirga o‘xshagan yumaloqqina edi. Qizlari ham o‘zlariga o‘xshagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan Shoqul qaddi qomat borasida adashganligini to‘y kuni bildi. Begimoy yuzi barkashday, qo‘llari belkurakday, bo‘yi salkam shiftga tegay deb turgan basavlat, barvasta, bir musht ursa har qanday erkakning to‘rtta qovurg‘asini sindiradigan, devday ulkan qiz edi. “Oq ko‘ylakning ichida bitta odam bormikan yoki ikkitami” deb Shoqul kelinchakning atrofida aylanib, o‘ylab o‘yiga yetolmadi. Hatto Halimning qulog‘iga: “O‘g‘lim, men lotereyamizga mashina chiqadi, deb yursam, birato‘la “K-700” degan traktor chiqibdi-ku”, deb asta shivirlab ham qo‘ydi.
Shoqul, to‘ydan keyin ko‘p cho‘zmay kelinning javobini bergizib yuboraman, deb o‘ylab yurgan edi. Lekin Begimoy ham anoyilardan emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Fe’li ham qomatiga yarasha ekan. Birinchi kun­lardanoq qo‘lida o‘qlog‘ni o‘ynatib yuradigan bo‘ldi. Shoqul o‘g‘lini yoniga chaqirib shivirladi:
– Halimboy, o‘g‘lim, vaqt g‘animatida bu kelinning bahridan o‘tib qo‘yaqol, bizga to‘g‘ri kelmaydi. Biz xipchagina odamlarmiz, kelin ham o‘zimizga yarasha bo‘lgani yaxshi. Bo‘lmasa bu uyda bizga kun yo‘q.
Halim yer chizib turdi-da, kutilmagan javobni aytdi:
– Dada, men u bilan nikohdan o‘tdim. Mulla ham nikoh o‘qiyotganda, endi ikkovingiz er-xotinsizlar, qo‘sha qariysizlar, dedi. He yo‘q-be yo‘q, javobini berib yuborsam xafa bo‘ladi. Rosti, u menga yoqib qoldi.
– He, mazaxo‘rak bo‘lmay har balo bo‘l, – dedi Sho­qul jahli chiqib.
Shunday qilib, Halimjon xotinini taloq qil­madi. Hali bunga arzirlik bahona ham yo‘q edi. Gavdasi uchun desa, bu sabab bo‘lolmaydi, insofsizlik bo‘ladi. Shoqul tirnoq orasidan kir qidirib min­g‘irlayverdi. Bir kuni Halimjon ham nimadandir xunob bo‘lib, xotinini aybladi. Ustiga-ustak, gavdasiga yarashmasa ham, jahliga erk berib:
– Seni qo‘yib yuboraman, – degan gap og‘zidan beixtiyor chiqib ketdi.
– Nima qilasan, qo‘yib yuborasan? Men ikkoving­ning javobingni berib qo‘ymay tag‘in. Ikkalang ikki tomonimda go‘ng qidirgan qovog‘ariga o‘xshab g‘in­g‘il­laganing g‘ing‘illagan. Qani, uyni bo‘shatib qo‘­ying­lar-chi. Tur yo‘qol, ikkoving ham qorangni ko‘r­satma bu yerda, – deb Begimoy ota-bolani eshikdan uloq­tirdi. Ular yana xezlanib kelishgan edi, boshlariga o‘qlog‘ bilan urdi.
O‘shandan beri ota-bolaning ko‘rgan kuni shu. Sho­qul alamidan chiqishning hech ilojini topolmaydi. Qaysi gunohi uchun bunday baloga giriftor bo‘lganini yaxshi biladi-yu, lekin birovga bildirmaydi. Begimoy o‘qlog‘ bilan quvganda har gal ko‘chaga qochib chiqadi-da, uchragan odamga hasrat daftarini ochadi. Ko‘chada hech kim ko‘rinmasa, to‘g‘ri Mahkam etikdo‘zning oldiga boradi. O‘sha yerda biroz nafas rostlab, ko‘nglini yozib qaytadi. Etikdo‘z eski quduqday odam, qancha gapirsang ham eshitib o‘tiraveradi, pinagini buzmaydi.
Shoqul yana etikdo‘zning turli-tuman charm va yelim hidi anqib yotgan torgina do‘konchasiga yo‘l oldi.
– Ha, yana boshingga o‘qlog‘ tushdimi? – dedi etikdo‘z ro‘parasidagi kir stulchaga kelib o‘tirgan Shoqulga bir qarab qo‘yib.
– Qayerdan bilding? – dedi Shoqul ajablanib.
– Yuzing aytib turibdi.
– Ha, sening ko‘zing o‘lgur juda o‘tkir, do‘ppining tagidagi yoriqniyam darrov ko‘radi. Bo‘yingga bo‘z tuproq tortilgur kelin yana o‘qlog‘ bilan savalab qoldi. Nima qilay, unga Xudoning o‘zi insof bermasa, bandasi bas kelolmaydi. Mening tushunishimcha, xotin kishining joni sochida bo‘ladi. Sochidan bir burab tortsang, yengiladi-qo‘yadi. Bu so‘loqmonning sochini changallash uchun esa narvon qo‘yib chiqish kerak. Lekin u yalmog‘iz narvon qo‘yib chiqquningcha qarab turmaydi-da.
– Bekordan-bekor urmaydi-ku, o‘zing ham mij­g‘ov­lik qilmagin-da.
– Men nima qilibman? Sochini yuvishga bir chelak qatiqni ishlatib yuboribdi. “Hoy, kelin, uyimizda atigi bitta sog‘in sigirimiz bor, sening bunday soch yuvishingga butun boshli fermaning qatig‘ini ham yetkazib bo‘lmaydi-ku, deganimni bilaman, o‘qlog‘ bilan tashlanib qolsa bo‘ladimi.
– Har holda sigirni o‘zi sog‘ib mehnat qilganidan keyin xohlasa sutini ichsin, xohlasa qatig‘iga boshini yuvsin, ixtiyoriga ham qo‘yib bergin-da, xasislik qilavermay.
– Qayoqda, sigirni o‘g‘lim sog‘adi.
– Ol-a.
– To‘g‘ri, boshda bir-ikki kun u sog‘di. Lekin qarab turib sigirga rahmim kelib ketdi. To‘xta, bas qil, sigirni Halimning o‘zi sog‘adi, dedim. Indamasam kurakday qo‘llari bilan sigir bechoraning yelinini yulib olardi-da suv minorasiga o‘xshamay o‘lgur.
– Fe’li tor odamsan, Shoqul, sening shu in­jiq­ligingga bundan boshqa kelin chiday olmas edi.
– Lekin bu kelinga mening chidashim qiyin bo‘­l­yapti-da. O‘z eriga, o‘z qaynotasiga qo‘l ko‘tarsa-ya. Ma­na, boshimni ko‘r, g‘urra bo‘lmagan tangaday joy qol­madi, – u do‘ppisini yechib, dabdalasi chiqqan boshini ko‘rsatdi. – Xotin kishining erkakka qo‘l ko‘tarishi biz­ning elda uyat hisoblanadi. Rahmatli xotinim qo‘l ko‘tarish yoki gap qaytarish u yoqda tursin, yuzimga bir marta tik qaragan emas. Bu azroyil, bilmayman, g‘orda o‘sganmi, yuzing-ko‘zing demaydi. O‘g‘lim esa halimday muloyim bo‘lib uning aytganini qilib yuribdi. He, erkak bo‘lmay har balo bo‘l, deyman. Menga tortmadi u. Vaqtida bir emas, kerak bo‘lsa beshta ayolni o‘tqizib-turg‘izishga ham qurbim yetardi. Bu bo‘lsa bitta xotinni eplayolmaydi.
– O‘zing aytyapsan-ku, bu kelinning bitta o‘zi o‘nta xotinga tatiydi, deb.
– E, to‘g‘risi, yashashdan ham bezib qoldim.
– Bunaqa qiynalib yurguncha, kelinning ota-onasini, qarindoshlaringni maslahatga yig‘, kelinni insofga chaqirishsin.
– Undan kattaroqlarini ham chaqirib ko‘rdim, naf bermadi. Mahalla oqsoqolini yetaklab kelgan edim, kelin pinagini ham buzmay bezrayib turaverdi. Oqsoqol endigina nasihatga og‘iz juftlagan edi, og‘zidan olib yoqasiga yopishtirdi. “Sen muttaham, ma­halladagi bolalarga beriladigan nafaqa pullarining yarmini cho‘ntagingga urishdan hazar qilmaysan-u, endi uyalmay-netmay menga nasihat qilmoqchimisan. Hozir xumday boshingga o‘qlog‘ bilan bir solsam aqling joyiga tushadi”, deb o‘dag‘ayladi. Oqsoqol boshqa bir og‘iz ham gapirolmay, urra qochib qoldi.
– Ammo boplabdi, to‘g‘risiyam shu-da, – deya etikdo‘z miriqib kuldi.
– Keyin bir kuni imomni chaqirib kelish uchun machitga bordim. Imom yo‘q ekan, mutavallisi mulla Marayim tasbeh tashlab o‘tirgan ekan. Arzi dodimni aytdim. Boshim yorilgan, chakkamdan qon oqayotgan edi. Rahmi kelgan mulla ham ko‘p tarang qilmasdan darrov ko‘ndi. Nima bo‘lgandayam mullaning salobati bor, aziz avliyolar va xudo nomidan gapirsa insofga kelib qolar, deb o‘ylagan edim-da. Lekin bu xudobexabar, mullaning ham obro‘yini bir pul qildi. “Mullaman, deysanu, aslida o‘g‘rilarga sheriksan. Machitga tushgan ehsonning yarmini uyingga tashmalaysan. Pana-pastqamda aroq ichishdan o‘zingni tiyolmaysanu, ikkita ma’raka bir kunga to‘g‘ri kelib qolsa pulni ko‘proq beradiganiga borasan. Shu ahvolingga menga imonu insofdan va’z o‘qigani keldingmi? Soqolingga kuya tushsin”, deb sal bo‘lmasa mullaning soqoliga chang solay dedi. O‘shandan keyin mulla Marayim qattiq qo‘rqqanidan bir necha kun machitga ham chiqmabdi.
Mahkam etikdo‘z kula-kula tizzalari ustiga qo‘yib olgan eski botinkani bir maromda tikaverdi.
– Kelining balo ekan. Uning fe’liga ko‘nikib, taq­dirga tan berib yashashdan boshqa ilojing yo‘qqa o‘x­shaydi.
– Ha, bilaman, bu baloni menga Xudoning o‘zi yubordi. E, nega kulasan?
– Hadeb Xudoni tilga olganingga kulgim qistadi.
– Nima bo‘pti tilga olsam?
– Shu paytgacha sen Xudoni tan olmasding. Agar Xudo bor bo‘lsa, mana, men o‘zim Xudoman, deb kerilarding.
– Nima qilay, Mahkamboy, biz, axir, shunday o‘s­dik. Shuning uchun gunohsiz o‘tgan kunimiz ham bo‘l­masa kerak. Hamma narsani partiya yaratgan ekan, deb qizil bayroqni ko‘tarib, “urra-urra”ni aytib yuravergan ekanmiz. Bir kunda hammasining oyog‘i osmondan bo‘lib ketishi yetti uxlab tushimizga kiribdimi. Endi yoshing bir joyga borganidan keyin qilgan gunohlaringni tushunaverar ekansan. Bilmadim, hali nariyoqda nimalar kutayotgan ekan? Har tugul u yoqda menga jazo unchalik ko‘p bo‘lmasa kerak. Chunki Xudo mening u yoqqa borishimni kutib ham o‘tirmasdan, shu yerning o‘zidayoq jazoyimni berib qo‘yibdi. Ha, mullaning o‘zi shunday dedi. Eh, senga maza, kun bo‘yi do‘koningda g‘imirsib o‘tirasan. Uying tinch, boshingni og‘ritadigan tashvishing bo‘lmasa. Birov bilan ishing ham yo‘q.
– Qorovul bo‘lib ishlab yurganingda sening ham halovating joyida edi.
– Eh, o‘tdi davron, ketdi davron. Endi qorovullikka yo‘l bo‘lsin. Xo‘jalik yo‘q, idorasi ham allaqachon buzilib ketgan. Nima, osmonni qo‘riqlaymanmi?
– Hov bir rais qamalganidan keyin baraka uchgan edi-da o‘zi xo‘jalikdan.
– Qaysi raisni aytasan, Sarkayevnimi?
– Ha, Turob Sarkayev. Yaxshi odam edi bechora. Bir qop pulni o‘zi o‘g‘irladimi, o‘g‘irlatib qo‘ydimi yoki o‘zi aytganday, rostdan ham tuhmatga uchradimi, haytovur shu mashmasha bilan qamalib ketgan edi. Shundan so‘ng dom-daraksiz ketdi, sho‘rlik.
– O‘zingga ehtiyot bo‘l, qo‘shningni o‘g‘ri tutma, degan donolar. E, qo‘y o‘sha gaplarni. Asli men ham etikdo‘z bo‘lsam bo‘larkan. Lekin sening bukchayib o‘tirishing yoqmaydi-da. Menga qara, sening ham gavdang hech to‘g‘ri bo‘ladimi? Qani o‘rningdan tur-chi.
– Turg‘izib nima qilasan, onadan shunday tug‘il­ganman.
– Rostdan ham, qorinda qanday yotgan bo‘lsang, bu yerda ham bir umr shunday o‘tiribsan, qoyil. Hali go‘rda ham shunday bukchayib yotsang kerak.
– Ermak qilma.
– Boshqa nimaniyam gapiray?
Etikdo‘z qo‘lidagi botinkani tikib bo‘lib, ipni kesdi. Keyin ikkinchi poyini tizzasiga qo‘yib, tikishga kirishdi.
– Tavba qil, Shoqul, bilib-bilmay qilgan gunoh­laringni kechirishini so‘rab Xudoga yolvor.
– Endi yolvorganim bilan o‘tarmidi. Tuzukroq Qur’on tilovat qilishniyam bilmayman. Mulladan so‘­rab yodlab olay desam, endi baribir eslab qo­lol­mayman. Mana bu kallaning ichida miya qoptimi. Bori ham tinmay o‘qlog‘ urilaverganidan suyulib bo‘l­gan.
– Butkul Xudo urgan ekan-da seni.
– Ha, urgani shu bo‘lsa kerak.
– Baribir, astoydil yolvorsang O‘zi kechiradi. Balki shundan keyin boshingga tushayotgan azoblardan qutularsan. – Mahkamboyning yana kulgisi qistadi. – Yo xudoyo qudratingdan, tavba, tavba, kelib-kelib senday betiyiq odamning ham bir kunmas bir kun oxiratni o‘ylab qolishi kimning xayoliga kelibdi deysan. Ishonish qiyin, aql bovar qilmaydi.
Shoqul indamay boshini egdi. Qilgan gunohlarini eslab xo‘rsindi. So‘ng etikdo‘zning do‘konchasidan chi­qib, yuragi bezillasa ham, uyi tomonga qarab ketaverdi. Qishloqning yakkayu yagona bekati yonidan o‘tayotganda shaharga boradigan avtobus to‘xtab turganini ko‘rib, bir zum o‘ylanib qoldi. Miyasida har xil xayollar g‘ujg‘on o‘ynadi. Avtobus yo‘lovchilar bilan to‘lay deb qolgan edi. Demak, hademay jo‘nashi turgan gap. “Men ham shaharga jo‘navorsammikan? – deya o‘yladi Shoqul. – Musofir bo‘lmay musulmon bo‘lmas, degan edi mulla Marayim. Shu gapda bir hikmat bor. Zora meni ham musulmonlar qatorida sanab, gunohlarimni kechirsa. Bir necha kun ko‘rinish bermasam uydagilar ham oyog‘i kuygan tovuqday tipirchilashadi. Shundan keyin ehtimol kelin ham insofga kelib, qadrimga yetib qolar”. U shunday xayollarga berilib, avtobusga chiqib o‘tirganini ham sezmay qoldi. Hatto o‘rindiqda xayol surib o‘tirib, ko‘zi ham ilindi. Avtobus bir-ikki silkinganidan keyin ko‘zini ochib atrofga alangladi. Bu paytda ular qishloqdan chiqishayotgan edi. Katta yo‘lga tushib olgandan keyin avtobus shamolday uchib ketdi.
Shoqul shaharga kelishga kelib oldi-yu, endi u yog‘iga nima qilishni bilmay boshi qotdi. Avtobusda birga kelgan hamqishloqlari unga e’tibor ham bermay har tomonga tarqab ketishdi. Shoqulning tomog‘i qaqradi. Atrofga razm solib, yo‘lning narigi betida gazli suv sotadigan do‘konchani ko‘rib, o‘shaning oldiga bordi. Bir stakan muzday suv olib, ho‘plab-ho‘plab ichayotgan edi, yana uch-to‘rtta yigitlar kelib, stakanlarga qo‘l uzatishdi. Talabalar bo‘lishsa kerak, biri sumka ko‘targan, birining qo‘lida kitob-daftar. Shoqul ularga qaray-qaray suv ichdi. Shunda ulardan biri ko‘ziga issiq ko‘rindi. Unga tikilib-tikilib qaradi. Oxiri taniganday bo‘ldi.
– Hoy, menga qara, – dedi chol yigitning tirsagidan tortib, – sen anavi Ubaydulloning o‘g‘limisan?
– Ha, – dedi bola stakanni bo‘shatib. – Ie, assalomalaykum, Shoqul buva, siz bu yerda nima qilib yuribsiz?
– Aylangani keldim, chirog‘im, aylangani. Bu deyman, o‘qishdan qaytyapsizlarmi?
– Ha, o‘qishdan.
– Turar joylaring bormi ishqilib?
– Bor, huv anavi domda, ijara uyda turamiz.
– Nima, o‘qish joylaringda o‘zlaringning yotoq­xonalaring yo‘qmi?
– Yotoqxona bor, lekin bizga ijara uy ma’qulroq. Har holda erkinroq yashaymiz.
– Ha, durust, durust.
– Yuring, biznikida mehmon bo‘ling.
Shoqul chol biroz kalovlanib turdi va keyin, ayni muddao bo‘ldi, deb ichida xursand bo‘ldi.
– Mayli, borsam bora qolay. Baribir qishloqqa qaytganimdan keyin Ubay garang, o‘g‘lim qanday yashayotgan ekan, deb so‘rayverib odamni garang qiladi, – deb Shoqul ular bilan birga ketdi.
Ko‘p qavatli beton uydagi bu xonadon tovuqning katagiga o‘xshagan joy edi cholning nazarida. Shoqulning nafasi siqilaverdi.
– Hoy, Ubay garangning o‘g‘li, shu diqqinafas ikkita xonada to‘rt kishi turasizlarmi? – dedi u toqati toq bo‘lib.
– Ha, to‘rtalamiz yashaymiz.
– Ko‘rgan kunlaring qursin. Bu yerda kasal bo‘lib qolasizlar-ku. Uyning ichiga hojatxona qurgani nimasi, undan ko‘ra ko‘chadan qurib qo‘ymaydimi. Ubay garangni men qo‘li ochiq, yashashni biladigan odam deb yursam, teskarisi ekan. Seni shaharda o‘qitish niyati bor ekan, avval shu yerdan bir kichikroq bo‘lsa ham hovli sotib olsa bo‘lmasmidi? Yoki puli yo‘qmidi? Pul topiladigan narsa, qidirgan odam topadi. Dangasalik qilgan Ubay garang. Endi, mana, birovning katagida tiqilishib yotibsizlar.
– E, biz ko‘nikib ketganmiz, buva.
Shoqul chol bu uyda zo‘rg‘a bir kun yashadi. Ertalab yigitlar o‘qishga ketishayotganda chol ular bilan xayrlashib boshqa tomonga ketdi. U kun bo‘yi shahar aylandi. Qaysi ko‘cha duch kelsa o‘shanga kirib ketaverdi. Do‘konni ko‘rib qoladimi, dorixonanimi, ham­masiga kirib chiqdi. U shahar ko‘chalarini darbadar kezarkan, o‘zini musulmonlikka munosib haqiqiy musofirday his qilardi. Faqat qosh qoraya boshlagandagina, ninachiga o‘xshab, kimnikida yotib qolishni o‘ylab boshi qotdi. Non do‘koni yonida turib, ichkaridan chiqayotgan odamlarni kuzatdi. “Kimdan bir kechaga joy so‘rayman?” deb o‘yladi. Qaddi qomati raso, mallasoch bir ayol chiqdi. “Yo‘q, bu o‘laqolsa ham rozi bo‘lmaydi”, deya o‘yladi u. Keyin qora ko‘zoynak taqqan, soch-soqoli o‘sib ketgan, badqovoq bir kishi chiqdi. Undan so‘rashga yuragi betlamadi. Birozdan so‘ng paxmoqqina itni yetak­lagan kampir chiqdi. Qo‘lidagi xaltada ancha-muncha narsa borga o‘xshardi. Shoqul unga salom berdi. Kampir beparvogina bir qarab qo‘yib, yo‘lida ketaverdi. Shoqul chol unga ergashdi.
– Menda ishingiz bormi yoki itimdami? – dedi kampir taqqa to‘xtab.
– E, laychangizda nima ham ishim bo‘lishi mumkin, xaltangizni ko‘tarishib borsam deb edim.
– Tilanchimisiz?
– Yo‘q, musofirman.
– A, ko‘chada qoldingizmi?
– Juda unchalikmas. Kerak bo‘lsa daraxtga suyanib ham tong ottirish mumkin. Lekin yaxshi suhbatdosh bo‘lsa, uxlamasdan ham oqshomni o‘tkazsa bo‘ladi.
– Ha, tushunarli, ishtahangiz chakki emas.
– Kechirasiz, opammisiz, singlimmisiz, ismingizni ham bilmayman?
– Buning nima farqi bor, ko‘rinib turibdi, ikkovimiz ham ancha yoshni urib qo‘ygan qariyamiz. Lekin sen mendan ham qariroq ko‘rinasan, – dedi kampir ko‘pdan beri taniydigan qadrdoni bilan gaplashayotgandek bamaylixotir sensirab.
– Bo‘lishi mumkin, haligi, bir umr og‘ir mehnat qilgandan keyin…
– Shundaymi, nima ish qilgansan o‘zi?
– Xo‘jalik idorasida qorovul edim.
– Aha, rosa ishlagan ekansan-ku. Pashshangni qo‘rib, oyog‘ingni osmonga ko‘tarib yotavergansan-da. Mayli, buguncha menikida qorovul bo‘laqol. Bir kecha ming kecha bo‘ptimi. Shundoq ham katta hovlida yolg‘iz o‘zim yashayman. Masha deyaver meni. Seniki-chi?
– Shasha.
– Bu nima deganing?
– Shoqul mening ismim.
Shoqul cholga bu kampirning tatarcha talaffuz­da gapirishi yoqib tushdi. Bunday kampirlar ko‘­­­­­ri­ni­shidan zaharga o‘xshasa ham, aslida yaxshi odam­lar­ga mehribonchilik qilishda hech kim ularga teng­­­­lasholmasligini u ko‘p marta eshitgan.
Kampirning uyi pastqamgina, hovlisi ko‘rimsiz, devorlari zanglagan tunukadan bo‘lsa ham, lekin keng, bir nechta mevali daraxtlari ham bor edi. Faqat uning to‘rtta cho‘chqasi borligi Shoqulning g‘ashini keltirdi. Ichkarilaganlari sayin cho‘chqalarning qo‘lansa hidi dimog‘iga urilib ko‘nglini behuzur qilaverdi. Biroq ko‘p o‘tmay shu hidga ham ko‘nikib qoldi. Kampir tovada allambalo ovqat pishirdi. Shoqulning unchalik ko‘ngli tortmasa ham qorni ochligi sabab durustgina yedi. So‘ngra ikkalasi allamahalgacha suhbatlashib o‘tirishdi.
– Aft-angoringdan xudojo‘ygina odamga o‘xshay­san. Lekin belingda belbog‘ing ko‘rinmaydi? – dedi kampir sinchkovligini namoyish qilib. – Joynamozsiz yurganingni aytaman-da.
– Soqol-mo‘ylabimga qarab hamma shunday deydi. Lekin bu soqolga ishonib ovora bo‘lma, enajon, – dedi Shoqul dasturxondan bitta olmani olib u yoq-bu yog‘iga qararkan. – Agar hamma narsa soqol bilan hal bo‘lganida edi, allaqachon imomlikni da’vo qilgan bo‘lardim. Afsuski iyagimdagi bu bezak lankaga ham yaramaydi. O‘lmasam mullaga shogird tushib, rosmana sajda qilishni o‘rganib ham olarman.
– Bu yurishingda kechikib qolmasang mayli edi.
Shoqul boshiga tushgan tashvishlarni, ichidagi dardlarini aytib yengil tortgisi keldi-yu, lekin bu dardu hasratlarimni laychayu cho‘chqalar bilan gaplashib yashaydigan kampirga aytsam battar gunohga botmaymanmi, deb o‘ylab, yana hammasini ichiga yutdi.
Ammo baribir kampir oromijon suhbatdosh ekan. Shoqul uch kun unikida qolib ketdi. Faqat to‘rtinchi kun ertalab kampirning qosh-qovog‘ini ko‘rib, kechqurun bu hovliga qaytib kelishga yuragi betlamadi. U o‘sha kuni shaharning eng katta dehqon bozorini aylandi. Yangigina uzilgan sarxil mevalarni ko‘rib ishtahasi yayrab ketdi. Sotib olishga qimmatlik qiladi, tatib ko‘rish esa tekin. U bozorni to‘ldirib turgan mevalardan oz-ozdan tatib ko‘rib qornini to‘ydirdi.
Keyin kechgacha bozor atrofidagi baqqollik do‘­konlariga birma-bir kirib chiqdi. Bir do‘konga kirganida baqaloqqina do‘kon egasining xaridorlarga shirin muomala qilayotganini ko‘rib, mehri tovlanib ketdi. Ichkarida eshik yonida turgan bo‘sh stulga o‘tirib nafas rostladi. Baqaloq kishi Shoqul cholga bir-ikki qarab qo‘ydi-da, so‘ng salom berib, nariroqdagi stol ustida turgan choynakdan bir piyola choy quyib unga uzatdi. Shoqul yaxna choyni huzur qilib ichib, do‘kon yopiladigan paytgacha ham shu yerda o‘tiraverdi.
– Otaxon, kech bo‘ldi, do‘konni yopmoqchiman, – dedi nihoyat baqaloq kishi muloyimlik bilan.
– Chirog‘im, yaxshi odamga o‘xshaysan, men bu kecha shu yerda qolay. Musofirman, qishlog‘imga qaytay desam, kech bo‘lib qoldi, – dedi Shoqul iltijoli ohangda.
Do‘kon egasi bir muddat o‘ylanib turgach, o‘n­g‘ay­sizlandi.
– Musofir bo‘lsangiz, yuring, buguncha biznikida mehmon bo‘la qoling, – dedi u Shoqulning o‘rnidan turishiga ko‘maklashib.
Do‘konni yopgach, ikkovlari piyoda yo‘lga tushishdi. Shoqul bu mehmondo‘st kishining ismi Boqiboy ekanligini bilib oldi. Yo‘l-yo‘lakay Boqiboy dorixonadan bir talay dori olib chiqdi.
Boqiboyning hovlisi yangi va ozodagina ekan. Anavi Masha kampirnikiga o‘xshab cho‘chqalar chopib yurgani yo‘q, sassiq ham emas. Uyi ham shinam. Ayvondan keng bir xonaga kirishdi. Bu yerga stol-stul qo‘yilgan, Boqivoy mehmonga stol to‘ridan joy ko‘rsatdi. Undan ichkarida yana bir xona bor ekan. O‘rtada eshikning o‘rni boru, lekin eshik qo‘yilmagan, faqat parda yarim tortib qo‘yilibdi. O‘sha qorong‘i xonada bemor kishi yotibdi shekilli, tinmay yo‘taladi. Boqiboyning o‘g‘li bo‘lsa kerak, bir o‘spirin salom berib kirib, stol ustiga dasturxon yozdi. Keyin bir zumda dasturxonni noz-ne’matga to‘ldirib tashladi.
– Baraka top, bolajonim, ko‘p yasha, menday mo‘y­safid bo‘lib yurgin, – deb Shoqul bolani maqtab qo‘ydi.
Ichkari uyda bir narsa taraqlab ketdi. Bemor qattiq-qattiq yo‘taldi. Boqiboy shoshilib ichkariga kirib chiqdi. Ayvonda qoldirgan dorilarini olib kelib yana ichkariga kirdi. Dorilarni ichkizib chiqdi chamasi, bemor tinchlandi.
– Uzr, otaxon, otamiz betob yotibdilar, – dedi Boqiboy qaytib chiqqach xijolat bo‘lib. – Kasalxonaga yotqizaylik, desam ko‘nmadi. Uyda davolayapmiz. Yo‘­tal qiynayapti. Shuning uchun bizni chaqirmoqchi bo‘l­salar ham ba’zida ovoz chiqarmay, biron narsani ta­raqlatadilar.
– Hechqisi yo‘q, xijolat bo‘lmang. Ota tabarruk, ota­larni asrash kerak, – dedi Shoqul garchi bemorning yo‘tali asabini o‘ynatayotgan bo‘lsa ham.
– Otaxon, shom vaqti bo‘lib qoldi. Agar namoz o‘qisangiz sharoit hozirlab beraman, – dedi Boqiboy qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib.
– Yo‘q, chirog‘im, kamina bunday tabarruk tadbirlardan hozircha yiroq, – dedi Shoqul biroz o‘ng‘ay­siz­lanib.
– Unday bo‘lsa siz choy ichib turing, men ayvonga chiqib kelay. Keyin birga suhbatlashib ovqatlanamiz, – deb Boqiboy ayvonga chiqib, joynamoz yozdi.
Boqiboy qaytib kirganida Shoqul chol ichidagi ko‘pdan beri g‘alayon qilib yotgan gaplarni unga aytgisi keldi.
– Bilasanmi, Boqijon, – deya gap boshladi u, – mana, sen namozxon, diyonatli odam ekansan. Kimligingni bir qarashdayoq yuzingdan ham bilsa bo‘ladi. Men esa bir gunohkor cholman, ichim to‘la dard. Hasratimni kimga aytishni bilmay ko‘p qiynalib yurgan edim. O‘g‘limga aytganim bilan foydasi yo‘q. U menga tortmadi. Senga o‘xshagan mo‘min ham, batartib ham emas. Kelinim-ku, quturgan devning o‘zginasi. Seni Xudoning o‘zi menga ro‘para qildi. Endi, biz Xudoga tosh otilgan davrlarda yashab, behisob noma’qulchiliklar qilganmiz. Keyin bilsam qilgan ishlarimizning barisi shakkoklik ekan. Tavba qilib, gunohlarimdan kechishini so‘ray deyman-u, birinchidan, qanday so‘rashni bilmayman, ikkinchidan, betim ham chidamaydi. Dard esa tinchlik bermaydi.
– Qanday dard sizni bezovta qilyapti, otaxon? Aytsangiz, hech bo‘lmasa yengil tortarsiz, – dedi Bo­qiboy mulladay muloyimlik bilan.
– Shoshilma, Boqijon, chirog‘im, men senga ham­masini aytaman. Sen esa har namoz o‘qiganingda mening ham nomimni qo‘shib tilovat qil. Gunohimni kechirishini Yaratgandan so‘ra. Eshitishimcha, namoz o‘qib, toat-ibodat qilishni yaxshi biladigan oqko‘ngil odamning har qanday iltijosi qabul bo‘larmish. Sen, mana, ko‘rinib turibdi, u yoqning tilini bilasan, ko‘ngli pok odamliging ham kunday ravshan. Iltimos, Boqijon, jim turib quloq solgin-da, keyin gunohlarimdan o‘ti­shini so‘ra.
Boqiboyning o‘g‘li ovqat olib kirdi. Ular ovqatni yeb, ustidan bir piyoladan choy ichishgach, Shoqul has­ratini boshladi.
– Boqijon, bizning qishlog‘imiz bir paytlar, ya’ni o‘tgan zamonda “Zarbdor” xo‘jaligi deb atalardi. Xo‘jalikning idorasi pishiq g‘ishtdan qurilgan kattagina binoda edi. O‘sha binoning biqinida mening ham kulbam, ya’ni qorovulxona bor edi. Men u yerda qorovullik qilardim. Xo‘jalikda ish qizg‘in bo‘lardi. Paxta deysanmi, g‘alla deysanmi, hamma ishchilarni dalaga olib chiqish, ularga ish haqi berish, hisob-ki­toblar deysanmi, eh-he, hammasi shu idorada bajarilardi…
Ichkari uyda yotgan bemor qattiq yo‘taldi, ingradi. U otgan temir choynak eshik o‘rnida turgan pardaga tegib, polga taraqlab tushdi. Boqiboy xabar olgani yugurib ichkariga kirdi. “Tozayam o‘larman ekanda bu kasali qurg‘ur. Gapning beliga tepdi yaramas”, deb o‘zicha ming‘irlab qo‘ydi Shoqul. Boqiboy bemorni tinchlantirib chiqib, mehmondan uzr so‘radi. Shoqul gapini qolgan joyidan davom ettirdi.
– Shunday qilib desang, Boqijon, men senga umrim bo‘yi hech kimga ochmagan sirni aytaman. Senga aytsam bo‘laveradi. Sen esa, baribir, Xudodan boshqaga aytmaysan. Chunki sen shaharning bolasisan, bizning qishloqlarga aloqang ham yo‘q… Ana o‘sha xo‘jalikning idorasiga bir kuni g‘aznachi mashinada bir qop pul olib keldi. Ishchilarning mehnat haqlari ekan. Lekin u galvars o‘zi o‘tiradigan xonaning kalitini qayerdadir tushirib qoldiribdi. G‘aznachining xonasi raisning kabineti bilan yonma-yon edi. G‘aznachi befarosat raisdan ruxsat so‘rab, qopdagi pulni raisning kabinetiga, shundoqqina stolning ustiga qo‘yib, kalitining ikkinchi nusxasini olib kelish uchun uyiga ketdi. Rais tumandan kelgan kattalar bilan gaplasha-gaplasha idoraning orqa tomondagi hovlisiga o‘tib ketdi. Men raisning kabinetiga bir chelak suv olib kirib qo‘ydim. Qarasam, stol ustida bir dunyo pul egasini kutib yotibdi. Birdaniga ko‘nglimga shayton oraladi. “Baxt qushi boshingga bir marta qo‘ndi, Shoqul, fursatni boy berma” dedi ichimdagi shayton. Nima bo‘lsa bo‘lar, dedim-da, qopni o‘g‘irlab, qorovulxonaga bekitdim. Bu yerdan topib olishlari aniq edi. Yashirishga joy qidirdim. Tashqariga qarasam, hali ham hech zog‘ yo‘q. Qorong‘i tushib kelyapti. Tavakkal qilmasang tepganing osmonga uchmaydi. Qopni daraxtlar orqasidagi hojatxonaga olib borib tashlab yubordim. Keyin hech narsa ko‘rmagandek qorovulxonaga kirib o‘tiraverdim. G‘aznachi qaytib kelgach, hamma yoq ostin-ustin bo‘lib ketdi. Pulni axtarib topisholmadi. Hojatxona kimning ham xayoliga kelardi. Hatto iskovuch it olib kelishsa ham u yerni hidlamasdi. O‘sha yillari hov markazdan organ odamlari kelib, hamma yoqda qama-qama avj olgan edi. Aybdor ham qamalayotgan edi, aybsiz ham. Bir qop pulning o‘g‘irlangani hamma yoqqa ovoza bo‘lib ketdi. Rais bilan g‘aznachini ham ayab o‘tirishmadi. Pulni ikkalang kelishib o‘g‘irlagansanlar, deb ikkovini ham ancha yilga qamab yuborishdi. Hatto, sal bo‘lmasa, raisni otishga hukm qilib yuborishardi. – Bemor yana qattiq-qattiq yo‘taldi. Yo‘tala-yo‘tala o‘zi tinchib qoldi. – Pul uch kun tushgan joyida yotdi. To‘rtinchi kuni qoq yarim tunda uni bir amallab tortib chiqarib, uyimga olib keldim. Bechora pullar rosa bilchillab bulg‘andi-da, deb, birdaniga qopni ochishga jirkandim. Hech kimga sezdirmay qopni obdon yuvdim. Shundan so‘ng ichini ochib qarasam, xayriyatki pullar g‘ishtday-g‘ishtday qilib bog‘lanib, tsellofan qopchalarga solingan ekan. Men ham shu turishida hovlimdagi daraxt tagiga ko‘mib qo‘ydim. Keyin keragicha olib sarflab yurdim. Uyimni boshqatdan yangilab qurdim. Gilam deysanmi, karavot deysanmi, hamma kiroyi narsalarni sotib oldim. Durust yeb, po‘rim kiyina boshladim. Yashashim biram yaxshi bo‘lib qoldi. Axir, shungacha men umr bo‘yi kambag‘allikda kun ko‘rayotgan edim-da. – Ichkaridan yana bemorning yo‘talgani, xirillab nafas olgani eshitildi. Shoqul gapidan bir dam to‘xtab, sezdirmay g‘ijinib qo‘ydi. – Lekin, chirog‘im, o‘g‘irliqi narsa baribir buyurmas ekan. Bir muddat xursand bo‘lib yashadim-u, keyin hammasi burnimdan chiqdi. Shu desang, kampirim o‘lganidan keyin o‘g‘limni uylantirib, uyimga kelin olib keldim. Kelin emas, shaytonning urg‘ochisi ekan. Na gapim o‘tadi, na kuchim yetadi. Odamlar: “Shoqul, sen qachondir Xudoga yoqmaydigan bir yomon ish qilib qo‘yganga o‘xshaysan. Bu ayol o‘sha ishing uchun senga yuborilgan jazo. Tavba qil”, deyishdi. Yana aytishdiki, bu hali hammasi emas, hozircha ermak qilib turish uchun emish. Jazoning eng kattasi u yoqda bo‘lishi mumkin emish. Boqijon, mana, sen imonli odamsan, o‘zing to‘g‘risini ayt, shu ham insofdanmi, bir bechora odamga shuncha jazo og‘irlik qilmaydimi? O‘g‘irlikni men qilganim bilan huzurini kelinposhsha ko‘rayapti-ku. Mana, ko‘rib turibsan, men tavbamga tayanib o‘tiribman. Sen duo o‘qiyotganingda ayt, menga uyimda tortayotgan azoblarim ham yetib ortadi. U yoqda menga jazo berib o‘tirishmasin, xo‘pmi, chirog‘im.
Boqiboy muloyim tabassum bilan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, indamay bosh qimirlatib qo‘ya qoldi. Bemorning yana dardi tutdi, bo‘g‘ilib-bo‘g‘ilib yo‘taldi. Hatto karavotdan yiqilib tushdi chamasi, “gurs” degan ovoz ham eshitildi. Boqiboy bir piyola choyni ko‘tarib bemor yotgan xonaga kirib ketdi. “Obbo, rosa jonga tegdi-ku bu ko‘kyo‘tal”, dedi Shoqul ichida. Boqiboy ichkari xonadan chiqqanida Shoqulning uyqusi kelib, mudrayotgan edi.
– Vaqt ham allamahal bo‘lib qoldi, otaxon, – dedi Boqiboy. – Siz mana bu karavotda yotib dam oling, – deb xona to‘ridagi karavotga joy solib berdi. – Men ayvonda uxlayman. Yaxshi yotib turing.
Shoqul chol oppoq choyshablar solingan to‘shakka cho‘zilarkan, o‘zini ancha yengil sezdi.
– Xayriyat, tavbam qabul bo‘ladigan shekilli. Fa­­rishtasi bor yigit ekan-da, baraka topkur, – dedi Shoqul. Ichkaridan yana bemorning ustma-ust yo‘­tal­gani, bir narsalar deb xirillagani eshitildi. – Uf, qonimga tashna qildi-da, bu yo‘taldan uzilgur. Ertalabgacha xirillab uyquni harom qilmasa go‘rga edi.
Shoqulning nolasi ko‘kka yetganday, bemor tinchib qoldi. Uning o‘zi ham kun bo‘yi sanqiyverib itday charchagan emasmi, yostiqqa boshini qo‘yishi bilan darrov xurrak ota boshladi. U juda qo‘rqinchli tush ko‘rdi. Bir payt kimdir uning ustiga minib olib, tomog‘idan bo‘g‘ayotganga o‘xshadi. Shoqul qo‘rqib ketib, ko‘zini ochdi. Tushida emas, rostdan ham o‘ngida uni kimdir bo‘g‘ayotgan edi. U avvaliga Boqiboy bo‘g‘ayapti, deb o‘yladi. Keyin derazadan tushayotgan g‘ira-shira yorug‘da tusmollab qarasa, boshqa odam ekan.
– Kimsiz, nega bezorilik qilyapsiz, meni o‘ldir­moqchimisiz? – deya xirillab gapirdi u.
– Ha, tanimadingmi, muttaham? – dedi to‘lagina gavdasi bilan Shoqulni bosib, tomog‘idan bo‘g‘ayotgan kishi, boshqalarni uyg‘otib yubormaslik uchun pichirlab. – Eshitdim, hammasini eshitdim.
– Voy, Boqijon, meni o‘ldirib qo‘yadi mana bu bosqinchi. Kimsiz, mendan nima istaysiz?
– Men Sarkayevman, yaramas. O‘sha sening mutta­hamliging tufayli badnom bo‘lgan Sarkayev.
– Voy dod, Xudo urdi meni. Bu qanday ko‘rgilik bo‘ldi? Bo‘g‘mang, o‘ldirib qo‘yasiz. Kelib-kelib hamma sirimni shu yerda aytamanmi-a? Ha, ovsar bo‘lmay o‘la. Qayerdan keldingiz, osmondan tushdingizmi?
– Kerak bo‘lsa o‘z oyog‘ing bilan kelib aybingga iqror bo‘lar ekansan-ku, iblis. Men bo‘lsam menga kim tuhmat qilganini bilolmay o‘lib ketamanmi, deb has­ratda yurgan edim. Endi tavba qilib, jazodan ham silliqqina qutulib qolmoqchi bo‘ldingmi, tekinxo‘r? Mana senga, – u Shoqulning yuziga musht tushirdi.
– Voy, dod, meni urmang, o‘rtoq Sarkayev.
– Men senga o‘rtoq emasman. Mana senga.
– Janob Sarkayev.
– Sening janoblaring oqbilak xonimlaringning oldiga ketishgan.
– Hurmatli Sarkayev, urmang.
– Endi hurmatimni bilib qoldingmi? Sen ishchilarning puliga yog‘li palov yeb, kimxob to‘nlarni kiyib yurganingda men mahbuslar lagerida yirtiq fufaykada diydirab, sasigan karam sho‘rvani xo‘rillatayotgan edim. Sen faqat pulni emas, mening umrimni ham o‘g‘irlading, ablah. O‘shandan keyin men kun ko‘rmadim, sen esa bo‘kib yashagansan.
– Meni shayton yo‘ldan urdi.
– Seni-ya? O‘zing har qanday shaytonga dars be­rasan-ku, g‘alamis. Mana senga.
– Urmang, hurmatli Sarkayev, tomog‘im bo‘g‘ilib qoldi, voy, dod.
– Sen mening umrimni yashab yuribsan, ablah. O‘shanda sen pullarni o‘g‘irlamaganingda men ham bunchalik qiynoqlarga duchor bo‘lmagan bo‘lardim, betamiz. Men tuhmatga qolib o‘lib ketaverayin-u, sen yana pinagingni buzmay mening hisobimga yashab yuraverasanmi, shuncha nomardlikni qilib, a? Tushingni suvga ayt, dajjol. Sening ajaling mening qo‘limda. Qolgan tavbangni u dunyoga borganda qilasan. Meni o‘sha yerda oqlab berasan. Shuning uchun avval sen ketishing kerak. Men borgunimcha hamma gunohni bo‘yningga olib, yo‘limni ochib turasan. U yoqda ham mening hisobimga yashashni o‘ylab xomtama bo‘lma…
Sarkayevning yana yo‘tali tutib qoldi. U bo‘g‘ilib-bo‘g‘ilib yo‘talgancha karavotdan yiqilib tushdi. Shov­­­qindan bezovta bo‘lib uyg‘onib ketgan Boqiboy uy­qusiragancha chopib kirib, otasining o‘rnidan turishiga ko‘maklashmoqchi bo‘ldi. Shoqul fursatni boy bermay urra qochdi.
Shoqul kun choshgoh bo‘lganda uyiga yetib keldi. Eshikdan it quvlagan mushukday otilib kirib, devday kelinning ham o‘takasini yordi.
– Voy, yana qayoqdan paydo bo‘ldingiz? Endigina bitta boshog‘riqdan qutuldim, deb xursand bo‘lgan edim-a, – dedi Begimoy xo‘rsinib.
– Jon kelin, meni qutqaring. Meni azroyil quvib kelyapti, hademay jonimni oladi. U jonimga qo‘shib mana shu uy-joyimu bor molimni ham tortib olmoqchi. Uning kirishiga yo‘l qo‘ymang, qulingiz bo‘lay, – deya Shoqul dir-dir qaltirab karavot orqasiga bekindi.
Begimoy bir qo‘lini beliga tirab, bir qo‘lida o‘q­log‘ni o‘ynatib bamaylixotir dedi:
– Sizning joningizni bilmadim-u, lekin mening molimni hech kim tortib ololmaydi. Uy meniki, hatto azroyil ham bu uyga faqat men ruxsat bersam kiradi.
Shoqul eshik oldida hech kim buzib o‘tolmas qalqon turganiga, go‘yo uning himoyasida har qanday jazodan qutulib qolishiga ishongisi keldi-yu, lekin baribir ichidagi qo‘rquvning zo‘ridan karavot orqasida quyondek qaltirab o‘tiraverdi.

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 1-son.