Tog‘ay Murod. Kundalik daftardan

ILMIY-TEXNIKA TARAQQIYoTI HAQIDA O‘YLAR

O‘zbek  adabiyoti… xalq og‘zaki ijodidan bino bo‘lgan. O‘z oti o‘zi bilan – og‘zaki ijod.  Asar og‘izda yaratilgan. Tilda yaratilgan. Asar og‘izdan til orqali chiqib, har yoqqa  tarqab-tarqab ketgan. Og‘izdan chiqqanni ko‘z bilan tutib bo‘lmaydi, tokchaga chiq(ar)ib bo‘lmaydi. Birpasda havoga uchib ketadi,  so‘ng havoda  yo‘q bo‘lib ketadi. Eshitgan eshitib qolgan, eshitmagan savodsiz qolgan. Eshitganlarini yodda saqlab qololganlar ilg‘or, ziyoli bo‘lgan, eslab qololmaganlar avom xalq bo‘lib qolgan. Shu boisdan ham o‘zbek xalq qo‘shiqlari, o‘zbek xalq dostonlarini xizmati ulkan, beqiyos bo‘lgan. O‘zbeklar ana shu qo‘shiqlar, ana shu dostonlarni eshitib… xalq bo‘lgan! Ulg‘ayib-o‘sgan, bir joyga jam bo‘lgan… Aniq bir ko‘rinishga ega bo‘lgan.

Keyin yozma adabiyot paydo bo‘ladi. O‘z oti o‘zi bilan yozma. Harflardan iborat adabiyot. Satrlardan iborat adabiyot. Sahifalardan iborat adabiyot. Ko‘z bilan ko‘rsa bo‘ladigan adabiyot, qo‘l bilan ushlasa bo‘ladigan adabiyot.

Har bir asrni o‘ziga yarasha tsivilizatsiyasi bo‘ladi. Har bir zamonni o‘zibop tsivilizatsiyasi bo‘ladi. Ammo asl tsivilizatsiya yozma madaniyatdan keyin keladi. Tom ma’nodagi tsivilizatsiya yozma madaniyatdan paydo bo‘ladi.

Masalan, xalq baxshilari o‘z zamonlarini ilg‘or zotlari bo‘lgan, ammo ular o‘z otlarini yoza olmagan. Ya’ni, o‘z fikr-mulohazalarini, dostonlarini yozma ravishda ifoda eta olmagan. Ular kuylab o‘tgan dostonlar(ni) eshitish dunyomizni nafaqat tuyg‘ular bilan boyit(a)di, nafis his-xayollar bilan to‘ldir(a)di. Ruhiyatimizni go‘zal ham ezgu tuyg‘ular bilan sug‘oradi. Borlig‘imizni ma’naviy ham madaniy barkamol etadi. Ammo bu tuyg‘ular havoyi tuyg‘ulardir. Bir lahzalik tuyg‘u, his-hayajonlardir. Bu tuyg‘ular ko‘p yashamaydi, bir lahzada yo‘q bo‘lib ketadi. Og‘izdan chiqqan tovush, ovoz kabi o‘chib qoladi. Ammo og‘zaki tsivilizatsiya… aql-zakovatni boyitmaydi, fahm-farosatni o‘tkir etmaydi. Aqliy barkamollikka olib bormaydi. Belinskiy aytganiday,”Poeziya – erkin inson so‘zida ifodalanadi, so‘z esa – ham  kartina, ham aniq  va ravshan aytilgan tasavvurdir”.

Dunyoviy mantiq asosan… so‘zda o‘z aksini topadi. Ya’ni, harflarda(n bino) bo‘ladi. Qator-qator harflarda(n bino) bino bo‘ladi. (Kitoblar ana shunday bino bo‘ldi).

ULKAN BOYLIK

Xat-savodli kishilar (ziyolilar) faqat kitob o‘qir edilar. Magazinlarda kitob qolmas edi.  Kishilar (kitoblarni) sotib olib (qo‘yar)kelardilar.  Magazinlardan topolmagan kitoblarini…qora, chayqov bozoridan izlab topar edi(lar). (Ziyoli) qimmat bo‘lsa-da, kitob sotib olar edi. Shu kitobni o‘qir edi. O‘zgalar bilan shu kitob haqida suhbatlashar edi, bahslashar edi. Keyin shu kitoblarini uyidagi tokchaga qator qilib tizib, terib qo‘yar edi. Kelgan-ketganlarga ana shu kitoblarini ko‘z-ko‘z etar edi. O‘zining ulkan boyligi sifatida saqlar edi. Ana shu kitoblarini qayta-qayta  o‘qir edi.

O‘zi, odatda, eng noyob bisot-narsalar qora bozorga chiqadi. Juda qadr-qimmatli narsalar qora bozorda bo‘ladi. Qora bozorda ikki-uch barobar qimmat narxda sotiladi.

Men qora bozorda kostyum-shimdan qimmat narxda sotilgan kitoblarni ko‘rdim. Yapon televizorlaridan ham qimmat, kaftday-kaftday kitob(lar)ni ko‘rib edim. Ko‘zimni chirt yumib, shu qimmatbaho kitoblarni (sotib) olib o‘qib edim.

Odamlar, ayniqsa, yoshlar ertayu kech televizor ko‘radi. Televizorga qarab… ovqat yeydi, televizorga  qarab… uxlaydi, dam oladi.

Ular (yoshlar) qanday qilib insho yozadi, diktant yozadi? Ular Navoiy she’riyatini tushunmay o‘tirsalar, Bobur she’riyatiga uzzukun termilib, (tushunmay) o‘tirsalar… Ular shundan keyin (albatta) Bobur (avlodlari) kimligini bilmaydilar. Ular tilni bilmaydilar. (Axir) ular telereklamalarga tikilib o‘tiradilar. Reklamalar esa…  oldi-qochdi, savdo-sotiq so‘zlardan iborat.

Televizor – bir quti. Mashina-quti. U qanday yaratilgan? Olimlar kitob o‘qib-o‘qib, televideniyeni yaratdi. Kitob yaratib-yaratib, televideniyeni o‘ylab topdi. Ya’ni,  televideniyeni kitob yaratdi. Barcha texnikalar kitob mahsuli. Yozma madaniyat, san’at mahsuli. Yozma  harflar  mahsuli. Yozma harflardan kitob bo‘lmasa edi, tsivilizatsiya  bo‘lmas edi. Biz ana shu poydevorimizdan olislab ketayapmiz. (Kitobga qaytish, adabiyotga da’vat etish payti keldi).

Anna Axmatova muhabbatni: “yilning… beshinchi fasli”, deya ataydi. Belinskiy: ”Muhabbat — tabiati yaqin bo‘lgan ikki zotning bir-birlariga qovushib, cheksiz zavqlar topmog‘idir”.

YoZUVChI O‘LGANDA TINADI!

Bilasizmi, 19-asrning oxirlarida Chor Rossiyasida kapitalizm barq urib, gullab-yashnab edi. Ayniqsa, 80-90-yillardan boshlab kapitalizm bor bo‘yi bilan gullab-yashnadi. Kapitalizm nima o‘zi? Pul, pul, yana pul. Ko‘k pul! Har kadamda ko‘k pul! “Ko‘kidan uzat!”; “Ko‘kidan bo‘lsin?..” Ko‘k, ko‘k… Odamlar, yozuvchi-shoirlar “ko‘k”ka qarab intildi, ko‘kka talpindilar. Shu vaqtgacha ko‘k, ko‘m-ko‘k, deganda yozuvchi-shoirlar ko‘m-ko‘k tabiatni, ko‘m-ko‘k osmonni anglar edilar, his etar etar edilar. Ko‘kka-osmonga qarab entikar edilar, ko‘kraklarini to‘ldirib to‘lib-toshar edilar, hayajonlanar edilar, ilhom bilan jo‘shib-jo‘shib she’r yozar edilar. Ko‘m-ko‘k faslga — bahorga talpinib-talpinib she’r yozar edilar. Shoir-yozuvchi unda ko‘m-ko‘k bahor farzandi edi, quli edi. Unda shoir-yozuvchi ko‘m-ko‘k osmon farzandi edi, quli edi. Ko‘m-ko‘k osmon shitir-shitiri, shovuri — yomg‘iriga kaft tutib asar yozar edi. Yomg‘ir shovuridan, nafasi nomidan g‘arq bo‘lib asar bitar edi. Yozuvchi-shoir ko‘m-ko‘k yaproqlar shivir-shiviridan ko‘m-ko‘k yaproqlar haqida to‘yib-to‘yib asar bitar edi.

Endi esa… Kapitalizm keldi. Boshqa bir ko‘k keldi, ko‘m-ko‘k kuch, narsa keldi. Ko‘k, ko‘k, ko‘k… Xayoldayam, aqldayam, ko‘ngildayam-yurakdayam pul, pul. Pul bor joyda poeziya qochadi. Poeziya puldan yiroq yuradi, baland yuradi. “Ko‘k” shamoli, “ko‘k” istarasi… issiq! Ammo “ko‘k” poeziyani oldin so‘ldiradi, keyin sindiradi. Yaproqlar ko‘ki poeziyani yashnatadi, osmon ko‘ki poeziyani gullatadi. Ammo pulni ko‘ki poeziyani xarob qiladi. Yozuvchi-shoir o‘zini ko‘kka-pulga, mansabga, amal-e’tiborga tashlab ketdi.

Ammo adabiyot bunday davom etmaydi. Boisi, hayotni ushlab turadigan, xayotni olga olib boradigan katta bir kuch bor, o‘zgarmas bir qudrat bor. Bu — tabiat. Tabiatning rangi ko‘k, ko‘m-ko‘k. Shunday ekan, hayotni rangi-da ko‘m-ko‘k. Yozuvchi-shoir ana shu ko‘m-ko‘klikka qaytadi. Asr-asrlardan buyon ana shunday bo‘lib kelgan. 18-asr, 19-asr, 20-asr… 19-asrni shu kunlari haqida Lev Tolstoy shunday deb edi: “Bunaqa zamonda she’r yozish — qo‘sh haydashga raqs tushish bilan barobar”.

Yozuvchi qanday paydo bo‘ladi? Yozuvchi yo‘qlikdan, kamchilikdan, och-nochorlikdan, mutelikdan, xor-zorlikdan paydo bo‘ladi!

Yozuvchi — qamok, azob, xo‘rlikdan, ezilishdan paydo bo‘ladi!

Yozuvchi — boshga tushgan qora kunlardan paydo bo‘ladi. Mana, shu kunlarda xalq qiynalayapti, kiyim-bosh ololmay, qorni to‘yib ovqat yeyolmay qiynalayapti. O‘tish davri hamisha qiyin kelgan. Ehtimol, shu kunlarni, qora kunlarni boshdan kechirgan yosh bolalar bir kun kelib, katta yozuvchi bo‘lar? Ehtimol, ana shu qiyin kunlar o‘z Jek Londonini, o‘z Abdulla Qodiriyini yetishtirib berar?

O‘tish davri — urush davri… Hozir urush emas, tinchlikka o‘tish davri. Tinch o‘tish davrida kapital, pul, ayniqsa, ko‘k pul… zambarak bo‘lib otiladi, otadi, gumburlaydi. Hayotni jumbushga keltiradi, turmushni zir titratadi, quloqni shang‘illlatadi, ko‘ngil o‘ynatadi, boshni aylantiriadi, es-hushni oldi.

Ko‘k pul otilsa, ijod, ilhom sukut saqlaydi!

Sotsializm jamiyatida adabiyot bor edi, madaniyat bor edi, san’at bor edi. O‘z adabiyoti bor edi. Barcha-barchasi bor edi. Ammo sotsializm jamiyatini o‘zini tarixiy poydevori yo‘k edi, yer qa’riga kirib ketgan tomiri, o‘zak tomiri yo‘q edi.

Keksa, qadimiy chinorlar bo‘ladi. Bu chinorlar tomiri yuz yillar mobaynida yerni tub-tubiga kirib ketadi, necha-necha unlab, jamalak bo‘lib, tomir otib ketadi. Bu chinorlarni qirqib tashlasangiz qurimaydi. Tagidan kundalab tashlasa-da, qurimaydi. Bir-ikki qarich omon qolgan tanasidan shoxlay boshlaydi. Tag-tugi bilan qo‘porib tashlansa, o‘sha yerdan, joyidan yana nish urib chiqadi. Boisi, yerni qat-qatida tomirlari bor bo‘ladi, shonila-shonila tomirlari bor bo‘ladi. Shu bois, chinorlar yuz yillab umr ko‘radi, chinorlar mangu yashaydi. Sotsializm jamyatida ana shunday tomirlar yo‘q edi. Shu bois, qulab tushdi, tomirlari yo‘q bo‘lsa, mayli edi, bunday qaltis, hal qiluvchi vaziyatda… kelajak qo‘tkarishi mumkin. Kelajakka intilib, intilib, talpinib yashash mumkin.

Sotsializmda… kelajak ham yo‘q edi. Sotsializmning kamchiligi — kommunizm edi. Kommunizm o‘zi esa yo‘q narsa, yo‘q bosqich edi. Shunday qilib, sotsializmda tomirlar-tarix ham yo‘q esa, kelajak ham yo‘q edi. Oqibat, imorat misol ag‘nab tushdi.

Tarixida-da, kelajagi-da yo‘q narsa omonat bo‘ladi, yolg‘on bo‘ladi, soxta bo‘ladi.

Sotsializm hayoti, davri ana shunday edi.Sotsializm qulashi bilan uni madaniyati ham, sotsialistik ralizmi ham quladi.

Sotsialistik realizm davrida yozuvchi chinakam iskanjada qildi, xo‘rlandi, ezildi, o‘zini o‘zi ramkaga solib asar yozdi. O‘zini qafasda his etib, ijod qildi. Qafasdagi qush misol kun ko‘rdi. Ayniqsa, dissident, qing‘ir fikrlovchi nomini oldi. Qafasdan… sotsializm deya atalmish qafasdan dod dedi, fig‘oni falakka chiqdi. Ushbu qafasdan qutulishni orzu qildi. Mana, qutuldi. Erkin qush misol bo‘ldi. Ana endi erkin qush misol erkin parvoz etsa bo‘ladi, ana endi erkin ijod etsa bo‘ladi. To‘rt tomoni qibla!

Ammo barchasi… o‘chib qoldi! Nega?

Meningcha, buni ikkita sababi bor. Birinchi sabab — sotsializm bir soxta qolip edi, yolg‘on bir tuzum edi. Masalan, bir odam ulug‘lansa, yaxshi deyilsa, bo‘ldi, shu odam ko‘kka ko‘tarilar edi, ulug‘lanar edi. Orden ketidan orden, unvon ketidan unvon berilar edi. U odam hamisha uy turidan joy olar edi. U odamga gard yuqtirilmas edi. U odam misoli farishta edi. U odam ijobiy qahramon edi, ijobiy edi. Bordi-yu, tag‘in bir odam qoralansa… bo‘ldi: u boshdan-oyoq qora edi, yomon edi. Nimaiki yomon gap bor bo‘lsa, shu odamga tuflab yopishtirilar edi. U salbiy qahramon edi, salbiy edi.

Sotsializm, sotsialistik realizm qoidalari, talablari ham ana shunday edi. Jamiyat bo‘lsa, undagi ma’naviy, madaniy, axloqiy-ruhiy talab-qoidalar ham shunday bo‘ladi. Sotsialistik realizm metodi xam shunday talabdan paydo bo‘ldi. Sotsialistik realizm-sotsializm jamiyatining talab, yo‘nalish, ma’naviy metodlaridan biri bo‘ldi.

Yozuvchilar ana shu sotsialistik realizm metodi quli bo‘ldi, qo‘g‘irchog‘i bo‘ldi. Sotsializm qoralagan odamni yozuvchi ham qoraladi. Makondan tashqarida yashab bo‘lmaydi! Yozuvchi uchun yaxshi-yomonni sotsializm belgilab berdi, yozuvchi uchun oq-qorani sotsializm ko‘rsatib berdi. Hatto, maxsus partiyaviy bo‘yruq-ko‘rsatmalar bilan beligilab berdi, partiyaviy programmalar bilan belgilab berdi.

Shu bois, sotsializmda yozuvchi urug‘i ko‘payib ketdi. Osmondan tayoq tushsa, yozuvchi boshiga, ustiga tushdi. Chunki sotsializmda asar yaratish, bunday jamiyatda asar yozish oson edi. Yana tag‘in, sotsializm yozuvchini iqtisodiy ta’minlab turur edi, yozuvchini uy-joylar, bog‘lar bilan ta’minlab turur edi. Yozuvchilarning so‘zi ardoqda edi, yozuvchini o‘zi undan-da ardoqda edi.

Favqulodda… ana shu sotsializm tugadi, sotsialistik realizmda (asar) yaratish tugadi. Yozuvchi boshi berik ko‘chada qoldi. Nima kilishini, nima asar yozishini bilmay koldi. Orqaga qaytay desa, orqada hech nima yo‘q, bo‘m-bo‘sh — sotsializm yo‘q. Olg‘a boray besa, oldin-da bo‘m-bo‘sh! Orzu qilinmish… kommunizm yo‘q! Yozuvchi arosatda qoldi, yozuvchi muallaq qoldi! Yozuvchi sifatida yozmasa bo‘lmaydi. Nimani yozadi? Kim haqida yozadi? Yozuvchi bilmay qoldi, bilmay qoldi!

Ikkinchi sabab… bosh sabab! Fojiali sabab!

Mana, o‘zbek yozuvchisini … yozuvchi bo‘lish yo‘li, ulg‘ayish yo‘li: maktabda ertaklar, dostonlar, g‘adir-budir til bilan tarjima qilingan tarjima kitoblarini o‘qiydi. Yozuvchi bo‘lgisi kelib, tuman gazetasiga xabar, lavhalar yozadi, barchasini to‘playdi. Xavaskor qalamkash yozuvchi bo‘lish uchun jurnalistika yo filologiya fakultetiga o‘qishga kiradi. Qo‘liga tushgan kitobni o‘qiydi, o‘qib, izlanadi. O‘zicha hikoyalar mashq qiladi. O‘qishni bitirib, yozuvchi bo‘lish uchun matbuotga ishga kiradi. Bo‘ldi, shu bilan o‘qib-izlanish tugaydi. Endi, bo‘lajak yozuvchi ko‘tarilish yo‘lini qiladi. Kichik muharrir, katta muharrir, mas’ul kotib, bosh muharrir… Shu o‘sib-ulg‘ayish davrida vaqti bo‘lsa, asar yozib turadi. O‘qib-izlanish uchun esa… vaqt yo‘q! Ana shu vaqti bo‘lganda yozgan asari ko‘klarga ko‘tarilib maqtaladi, mukofotlanadi. Boisi, u bosh muharrir! Keyin, tag‘in mansab-martaba sari intiladi. Yozuvchilar uyushmasida ishlaydi, markaziy partiya komitetiga ko‘tariladi. Oralarida ijod qilib ham turadi. O‘qib-izlanish esa… yo‘q. Ertadan kechgacha martaba-mansab dardi, qayg‘usi, yugurib yelishlari. Yozuvchida hamon o‘qib-izlanish yo‘q. Yozuvchi hamon maktab, oliy o‘kuv yurti, talabaligida o‘qib-o‘rgangan izlanishlari kuch-qudrati bilan ijod qiladi. Ya’ni, doston yoki asari qanday badiiy saviyada, darajada bo‘lsa, uninchi asari ham ana shunday darajada bo‘ladi. Talabalik yillari topgan badiiy darajasi bilan ijod qiladi. Boisi, o‘qib-izlanish yo‘q. Ertadan kechgacha mansab-martaba… yana-tag‘in tirikchilik tashvishlari…

To‘qson olti o‘zbek yozuvchisining yozuvchilik ijod yo‘li ana shunday. Oqibat, o‘zbek yozuvchisida adabiy-badiiy poydevor yo‘q. Adabiy-badiiy tomiri yo‘q. Adabiy-badiiy poydevor ana shu chinor tanasiga o‘xshaydi. uni qirkib tashlasa, baribir o‘sib chiqadi. O‘zbek adabiyoti-da ana shu ko‘tarib tashlasa-da qurimaydigan, baribir bir kunmas — bir kun o‘nib chiqadigan tomir yo‘q. Chunki ular oliy o‘quv yurtini bitiriboq o‘qib-izlanishni tugatgan.

Yozuvchi bormi, umr bo‘yi o‘qib-izlanishi kerak. Yozuvchi pensiyaga chiqmaydi. Yozuvchi o‘lganda tinadi!

O‘qib-izlanish bu — poydevor demak, teran tomir demak. Ichki kuch-qudrat buloqqa o‘xshaydi. Buloqni yo‘lida qanaqa qiyinchilik bo‘lmasin, baribir otilib chiqadi. Chunki buloqda ichki kuch-qudrat bor, poydevor bor. Bu povdevor yillar mobaynida to‘planib, yig‘ilib, qudratli kuchga aylanib qoladi. Uni hech qanday to‘siq, qiyinchilik to‘xtata olmaydi. Bu kuch-qudrat ko‘p yillar oqimi sanaladi.

Afsuski, o‘zbek adabiyoti-da ana shu ichki qudrat — poydevor yo‘q.

O‘zbek adabiyotini tilida bor, qalbida hech vaqo yo‘q!

Qayta qurish davri, o‘tish davri… Buni nimasi muammo, nimasi qiyin? Urush davrida buyuk-buyuk asarlar yaratilgan. Ocharchilik yillarida buyuk-buyuk asarlar yaratilgan. Qamoqxonlarda buyuk asarlar yaratilgan.

Yo‘g‘on cho‘zildi, ingichka uzil, deydilar. O‘tish, qayta qurish davri ana shunday davr.

O‘zbek adabiyoti ingichka ekan, uzildi-qoldi.

Yozuvchi, adiblar ijodiy yo‘lini, umrini, hayotini, olis masofaga yugurish poygasiga o‘xshatgim keladi. Marofon poygasi yo‘liga o‘xshatgim keladi. Poyga yo‘lagida bo‘ylab chopib boruvchi poygachilarga o‘xshatgim keladi. Bunday olis masofa poygasida oldindan, azaldan puxta, pishiq mashq qilgan, mashq olgan, suyagi shunday poygada qotgan, ya’ni poydevori pishiq, beli baquvvat, poydevori zaminli poygachi so‘nggi marraga yugurib boraveradi. Yoshligida shunchaki besh-olti mashq olgan, shunchaki orzu-havas bilan yo‘lga chiqqan poygachilar esa yo‘l-yo‘lakay arosatda qolib ketaberadi. Birov o‘pkasi to‘lib qolib ketadi. Birovi irodasi yetmay-etmay qolib ketadi. Birovi kuch-qudrati yetmay qoladi, birov turli-tuman bahonalar topib qolib ketadi.

O‘zbek adiblari ana shu poygachilarga o‘xshaydi.

Ijodiy yo‘lni ana shu poyga yo‘liga o‘xshataman. Yozuvchini ana shu poygachilarga o‘xshataman.

Kambag‘al bo‘lsang, ko‘chib boq, deydilar. Qayta quruvchi, o‘tish davri – bir davrdan ikkinchi davrga o‘tish, ko‘chib o‘tish demakdir. O‘zbek adiblari sovet davridan demokratiya davriga ko‘chib o‘tayotib, qarasalar… qip-qizil, ship-shiydom ekanlar. Qo‘lga ilashadigan narsalar kam ekan. Birovlarda deyarli olib o‘tadigan bisotlari deyarli yo‘q ekan. Borini ham eski-tuski, qalang‘i-qasang‘i, bo‘sh-bayov, yangi, demokratiya davriga to‘g‘ri kelmaydigan, yaramaydigan bisot, narsalar ekan. Na iloj, bisotlarini eski sovet davrida qoldirib, tashlab keldilar. Oqibat, yalong‘och qirol bo‘lib qoldilar.

* * *

Toshkentda yashayotganimdan buyon ilk marotaba o‘zim haqimda o‘yladim: “Men o‘zi Toshkentda nima qilib yuribman? Surxonda tayyor uy, bog‘larimni tashlab, ota-onam, urug‘-aymoqlarimni tashlab, nega Toshkent-da daydib yuribman? Yozuvchi bo‘lmoqchimidim? Qani, yozuvchi bo‘lganim? Besh-oltita hikoyami? Bu hikoyalar yozuvchi bo‘ldi, degan gap emas. Bu hikoyalar shunchaki mashqlar. Yo‘q, kim ekanligimni, kim bo‘lmoqchi ekanligimni bir ko‘rsatib qo‘yishim kerak”.

* * *

Men muzeyni tomosha qilmishday “Oydinda yurgan odamlar”ni tomosha qildim. Men Rembrandt kartinalarini tomosha qilmishday “Oydinda yurgan odamlar”ni tomosha qildim. “O‘ayot bor ekan, “Oydinda yurgan odamlar” ham bo‘ladi, — deya yashnadim. — O‘zbek xalqi hayot ekan, “Oydinda yurgan odamlar”  ham hayotdir”.

* * *

“Otamdan qolgan dalalar” olti yuz (600) betdan oshiq edi. Men uni uch yuz (300) betga qisqartirib tushirdim. “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” besh yuz (500) betlar edi, men uni ikki yuz ellik (250) betga tushirdim. O‘z qo‘lim bilan qaychiladim. Yillar davomida yaratgan, peshona teri to‘kib yaratgan mehnatim samarasini o‘z qo‘lim bilan yo‘q qildim. Ko‘nglim… uvishib ketdi. Ko‘nglim… achishib ketdi. Ko‘kragim ostida bir nima o‘pirilib tushganday bo‘ldi…

* * *

Asarlarim qisqa-qisqa bo‘lib qoldi, jajji-jajji bo‘lib qoldi. Ruboiy misol bo‘lib qoldi, uch minutlik qo‘shiq misol bo‘lib qoldi. Bir daqiqalik tabassum misol bo‘lib qoldi. Ikki dona marjon ko‘z yosh misol bo‘lib qoldi. Bir zarblik, nafaslik hayqiriq misol bo‘lib qoldi.

Bilmadim, bunday, bu qabil jajji san’at qancha umr ko‘radi? Bilmadim, bu qabil badiiy san’at ko‘zga ko‘rinmay, bir burchakda qolib ketmasmikin? Bu misol badiiy adabiyot, asar(ni) beshafqat vaqt shamoli uchirib ketadimi, bilmadim, bilmadim…

* * *

Yana tag‘in,  menda… salom-alikni mazasi yo‘q. Duch kelgan odamga salom bergim kelmaydi. Bo‘lgan-bo‘lmaganga salom-alik qilavergim kelmaydi. Notanish odamlarga salom bergim kelmaydi. Ayniqsa… yomon ko‘rgan odamlar bilan mutlaqo salomlashgim kelmaydi. Ayniqsa… g‘animlarimga qo‘l uzatgim kelmaydi. Chin-da, hammaga salom beraversangiz… salom chidaydimi? Salom — dil-izhori. Salom — ko‘ngil mayli. Salom— shaxsni tan olish. Salom — bir shaxsni ikkinchi boshqa bir shaxs  tomonidan tan olinishi. Shu bois, salomni ehtiyot qilish kerak. Salomni iqtisod (qilish), tejash kerak.

* * *

V. Rozanov aytganiday, yozuvchilik siri — ko‘ngildagi mangu va ixtiyorsiz muzikadan iborat. Agarda ko‘ngilda ana shu muzika yangramas ekan, kishi faqat «o‘zidan yozuvchi yasaydi». Lekin u yozuvchi bo‘lmaydi…

* * *

Iste’dodlar bir-biriga soya solib qo‘ymaslik uchun yolg‘izlikda ulg‘ayadilar, dovrug‘ soladilar.

* * *

Qo‘ylar poda-poda yuradi, sher yolg‘iz yashaydi.

* * *

Rabindranat Tagor: «Haqiqatning o‘zidek yozilgan narsa adabiyot emas!»

* * *

Yozuvchi tirikligida uning hayotidan nuqson izlaydilar. Yozuvchi dunyodan ketgach, undan faqat fazilat izlaydilar.

* * *

Pushkin aytganiday, aniqlik va qisqalik – prozaning birinchi unsurlaridandir. Ayni shu unsurlar fikr va yana… fikrni talab qiladi – ularsiz go‘zal tashbehlaru ifodalar hech nimaga arzimaydi.

* * *

Ayolning qudrati – erkakning bo‘shligida.

* * *

Dunyo… hayot go‘zal emas… go‘zal bo‘lganida edi, adabiyot bo‘lmas edi.

* * *

Sulaymonning «Hikmatlar»i da shunday deyiladi: «Bor kuching bilan qalbingni asra!»

* * *

Fosiqning so‘qmoqlaridan yurma;

Hatto nazar solma,

Yonidan ham o‘tma,

Qayrilib ham boqma.

* * *

Bernard Shou: «Hech narsaga ishonmagan odam hamma narsadan qo‘rqadi».

* * *

Undan pochta poyezdining hidi keldi.

* * *

Ahdu paymonlarim qoshu kipriklarim orasiga bitilgan.

* * *

Oyog‘i mayda suyganini kiyadi,

Oyog‘i katta topganini kiyadi.

* * *

Yomon gap raketadan oldin yuradi, yaxshi gap toshbaqadan keyin yuradi.

* * *

Asaldan bahor hidi keldi.

* * *

U olovga termulib o‘tirishni yaxshi ko‘radi.

* * *

«Hayvonot olamida»: Ilonlar muhabbati. Qaylig‘i uchun olishadi. Sof, halol, mardlarcha! Mag‘lub bo‘lgani g‘olibga qoyil bo‘lib ketadi, muhabbatini tashlab ketadi. Lekin chaqmaydi. Bo‘lmasa bir-biriga chirmashib, olishadi. Bir uzib olsa bo‘ldi! Inson-chi? Insonning tilida zahar yo‘q, xayriyat. Zaharni sotib oladi! Pichoq, miltiq…

* * *

Ertalab. Sodiqning uyi. O‘g‘lining qo‘li chiqqan Bo‘ri kal:

— Kecha tong otmadi. Hali tong otgani yo‘q.

Demoqchi: u voy-voylab chiqdi. Uyqu betini ko‘rmadi. Tong otganini bilmadi. Haliyam kechaday, tong bilan kun baravar bo‘ldi!

* * *

Umr yo‘li – borsa kelmas yo‘l.

* * *

Saraton – oshiq yuragiday yondi.

* * *

Mehr-oqibat ona suti, quyosh tafti bilan kiradi.

* * *

Shveytsariyalik adiba Erik Burkart: «Bizning ona tilimiz – sukut. Aynan sukutdan so‘z tug‘iladi».

* * *

Qadimgi yunonlar: «agarda xalqning qanday yashayotganini bilgingiz kelsa, ikki joyga — qabriston va bozorga boring».

* * *

U tog‘qishloqdan shahar keldi… U o‘zi bilan tog‘ tabiati… mag‘rurligi… sukunatini olib keldi. Shu bois el bo‘lmadi…

* * *

Shon-shuhrat aroqqa o‘xshaydi misoli. Ichgan sayin ichging keladi. Yuz gramm ichsangiz, yana yuz gramm ichsam deysiz. Keyin, yana, yana… oxiri borib… yiqitadi. Oldin boshni aylantiradi. Odam burnidan narini ko‘rolmay qoladi, bosar-tusarini bilmay qoladi. Keyin… keyin… yiqitadi.

Shon-shuhrat ana shu aroqqa o‘xshaydi. Yuz gramm ichsa, tag‘in yuz-yuz gramm ichsam, deydi. Shuhrat ketidan shuhrat… Kun sayin shon-shuhrat, yil sayin shon-shuhrat… Oxiri borib, aroqning kuni keladi – yiqitadi.

* * *

Kimki kamtar bo‘lsa, kamsuqum bo‘lsa, andishani otini qo‘rqoq qo‘yadi…

Tog‘ betida qo‘yqushoq degan beti bor. Bosh cho‘qqisidan etagiroqda. Qo‘yqo‘ton desa-da bo‘ladi. Qo‘yqo‘tonga o‘xshab cho‘zilib ketgan. Qor tushmagan yeri odam iziga o‘xshab ketadi. Qo‘yqushoq olisdan tor ko‘ringan bilan aslida katta, keng.

Ana shu qo‘yqushoqni qor bossa, qor mo‘l bo‘lgan bo‘ladi.

Qo‘yqushoq ochiq qolgan bo‘lsa, qor turmasa… shu yil suv kam bo‘ladi.

* * *

Bahor — quyosh kulgan kun.

* * *

Qiz bolani tili o‘g‘il bolani tilidan oldin chiqadi.

* * *

Toshkentda… salom-alik, ko‘rishish-so‘rashishlar, muomalalar, mulozamatlar… bir xil kechadi! Ko‘chalar, uylar, transportlar, magazinlar, idoralar… qanday bir xil bo‘lsa, salom-alik….lar ham shunday bir xil!

* * *

«Yo‘q», deyishni o‘rgan. Hammaga birday yoqish – mushkul ish. Bu ish hammaning ham qo‘lidan kelmaydi va oqibat muhim ishlarni bajarishda kishida kuch qolmaydi.

* * *

Italyan mutafakkiri Nikolo Makiavelli aytganiday, til insonga o‘z fikrlarini yashirish uchun berilgandir.

Ma’suma Ahmedova tayyorladi.