Sobir O‘nar. Intizor (hikoya)

Yo tavba, odam odamni shunchalik ham qo‘msaydimi? Shunchalik ham zoriqadimi, axir, ikki yil, ha, ikki yildan oshib ketgan ko‘rishmaganimizga. Darvoqe, u meni hatto tanimasligi ham mumkin-ku, biroq shunchalik ham tip-tiniq xotirlaydimi kishini? Mana, hozir ko‘rib qolaman uni: ham istayapman, ham ishonyapman. Shu­urim tiniqlashib, xotirim yorqin tortib borayotir: qiziq, u qanaqa yig‘larkin-a, axir gazetadagi maqolani o‘qib kechgacha yig‘ladim degandi-ku. Eri tutoqib urishib berganida ham u to‘xtamagan-ku. Yo‘-o‘-o‘q, ehtimol, yig‘lamagandir, juda mag‘rur-ku u. Mabodo yig‘lasa ham odam zotiga o‘xshab yig‘lamasa kerak deyman, birov ovutib to‘xtata olmaydigan holga tushib yig‘lasa kerak. Nechukdir shunaqa tasavvur qilaman: ko‘pchilik qizlarday ho‘ngrab yig‘lashini ko‘z oldimga keltira olmayman: tishini tishiga bosib, biror narsaga ko‘zlarini o‘qdek qadab, shu holicha yoshi sho‘rg‘alab yig‘lasa kerak.
Ammo men u nega yig‘laydi, nima sababdan unday yig‘laydi, deb savol berolmasdim o‘zimga. Bilasizmi, ayni mahalda chindan ham ishonardim uning ro‘paramdan duch kelib qolishiga. Ishonardim. Men ovsar, balki behudadir, mana shu ishonchni yo‘qotib qo‘ymaslikka zo‘r berib tirishardim. E’tibor berganmisiz, aksar hollarda o‘ta qattiq intilgan rejangiz amalga oshmaydi yoki chappasidan keladi. Shu lahzada, ishonasizmi, shu narsalarni ham o‘yladim; biroq baribir uni alang-jalang izlardim. Moviy ko‘ylak kiygan bir juvon yonginamdan o‘tib ketdi. U ko‘ppak yetaklab olgan bo‘lsa-da, shoshib qolib o‘sha deb o‘ylab metrogacha ergashib bordim. So‘ng u itining bo‘ynidan ushlagancha metroga kirib ketdi. Yo‘q, deyman o‘zimga, men bunchalik hovliqmasligim kerak, o‘zi shundoq tabiiy vaziyatda uchrab qoladi. Hozir allaqayerlardan lop etib paydo bo‘ladi (ortimdan kelib ko‘zimni berkitsa-ya, yo‘q, bu mumkin emas – uning fe’liga to‘g‘ri kelmaydigan qiliq), men esa uni quchib o‘pib olaman. Uradi. Lekin, axir, nega uradi, masalan, siz agar orzuingiz ushlab ko‘rish mumkin bo‘lgan moddiy narsadan iborat bo‘lganda edi, imonim komil: kechgacha o‘pgan bo‘lardingiz u ayolni. Ayolni metroda ko‘rishim mumkin, men hozir birinchi marta shunday holatga tushib qoldim: yo‘lim keng yalangday, hech kim menga xalal bermaydiganday, xohlasam, shu yalang uzra uchadigandek. Sizda ham bo‘lsa kerak shunday tuyg‘ular, menga hozir, hamma ishdan qaytayotib metro bekatida odamlar qumursqadek uymalashib ketsa-da, to‘sqinlik qilishmas edi. Barcha menga xayrixohdek edi, shunday lahzalardagina hamma narsani, hatto dushmaningni ham birdaniga seva olasan kishi. Boyagi ayol begona bo‘lib chiqqanidan hafsalam pir bo‘ldi. Va shu zahoti ikki yil burungi…
Haftalik gazetaning, garchi boshqalar havas qiladigan adabiyot bo‘limida ishlash-da jonimga tekkan, eshik taqillatib kirgan har qanday kishi ham ko‘zimga baloday ko‘rinardi. Juma kuni bo‘lgani uchun ish vaqti tugamasdan burun juftakni rostlab qolishga shaylanib turgandim. Eshikni qiya ochib qo‘ydim: bosh muharrirning o‘tganini ko‘rsam bas, men ham g‘oyib bo‘laman; shu chog‘ eshikning yopiq tabaqasiga bir qiz kelib suyandi. Sochi juda kalta qilib kesilgan, quloqlari usti ovrupachasiga ochib qirqilgan, ko‘zlari ko‘kish, bo‘ychan, rusgayam, o‘zbekkayam o‘xshardi, duragay ekan-da deb xayol qildim. O‘zbekchalab, juda burro tilda salom berdi. Alik olganimdan so‘ng:
– Tohir aka sizmi? – deb so‘radi.
– Ha, men.
– “Kuntug‘mishning orzusi”ni siz yozgansiz-a?
Nimagadir tilim aylanmay qoldi. Biror janjalkash muallifdir yoki bo‘lmasam ulardan biri jo‘natgan chiqar, degan xayolga bordim, janjalning qizig‘ini boshlab yubormasa-ku, deb nafas yutib turaverdim.
U esa yerga qaradi. Qizardi. Men yengil tin oldim. Ammo ikkimiz ham miq etmadik.
– Yaqinda gazetangizda parcha chiqdi-ku? – dedi u va menga yalt etib bir qaradi-yu, so‘ng derazaga tikildi. Men ham derazaga tikildim.
– Ha, ha, to‘g‘ri.
– Demak, sizniki?
– Ha, darvoqe, men yozganman o‘sha qissani. Kechirasiz, savolingiz esimdan chiqibdi. E, kirmaysizmi ichkariga, ostonada turmang, yomon bo‘ladi.
– Dinga ishonasizmi? – deb so‘radi u, sekin ichkariga kirarkan.
– Buning dinga aloqasi yo‘q, momomning ostonada turmanglar, degan tanbehi esimda bor, nimasi yomonligini o‘zim ham bilmayman rosti.
– Men ham ishonmayman. Lekin… o‘sha qissangiz zo‘r ekan.
Bu muomala menga yoqmadi. Xushomadgo‘yga o‘xshab ketdimi-ey. Kutganimday u menga bir hikoya berdi. Qirq sakkiz sahifali daftarga yashil siyohli ruchkada yozilgan, deyarli to‘la edi. Hikoyada sevgisiga yetisholmagan qizning hijronlari bayon etilgan, yigit aybdor qilib ko‘rsatilgan, qoralangan edi. Rostini aytsam, xuddi shunaqa asarlarni o‘qisam tepa sochim tikka bo‘lib ketardi. Tavba, kelishib olishganday qizlarning hammasi shu mavzuda yozishadi-ya. Biroq asarning husnixati shu qadar bejirim va chiroyli ediki, ko‘rgan ko‘z qamashar edi. Boz ustiga menga o‘xshagan “harfxo‘r” ham birorta imloviy xato topolmaydi. Aftimning bujmayganini ko‘rib qiz seskandi.
– Axir hammasi bo‘lgan voqealar, men ismlarni o‘zgartirdim, xolos, – derdi u.
– Tushunmayapman, – deyman men ham. – E’tiroz bildirayotganim yo‘q-ku.
O‘qib chiqqach, xo‘rsindim.
– Nahotki qizlarning hammasini faqat shu narsa o‘rtasa?!
– Qanday ekan? – dedi qiz xotirjam ohangda.
– Bayonchilik ekan, fikrlashingiz jo‘nroq.
– O‘ninchi sinfni bitirganman, xolos.
– O‘qishga kirmaganmisiz?
– Endi kirmoqchiman.
– Jurnalistikagami?
– Ha, juda qiziqaman.
Men uni ko‘proq gapga tutgim kelaverdi, qiyofasida soddalik aralash joziba bor edi. Birdan u:
– Siz menga qanday yozish kerakligini o‘rgating, – deb qoldi.
– Mayli, – dedim men, garchi bu va’dam bema’ni bo‘lsa-da. U menga ancha jiddiy tikildi. Chamasi, ishondi.
– Juda yaxshi bo‘lar edi, shu kunlarda har kuni kelib tursam maylimi?
– Bemalol, bu yerga emas faqat, biznikiga borsangiz birgalashib yozishimiz ham mumkin.
– Yo‘g‘-e, vaqtim bo‘lmaydi mening. Hozir ham juda shoshib turibman.
– Ie, shoshgan qizni o‘zingiz bilasiz-ku.
U duv qizarib ketdi.
– Mening erim bor, – dedi u nihoyat. – Siz boshqa narsani xayolingizga keltirmasligingizni iltimos qilaman.
– Rostdanmi? – men chindan ham taajjubda edim. – Xuddi qizchaga o‘xshaysiz-a.
– Rahmat erkalatganingiz uchun. Bunaqa gaplarni eshitish qandoq priyatniy. Uf-f, lekin o‘n bir yil bo‘lgan erga chiqqanimga.
Yopiray, yo qudratingdan! Bunday mo‘jizalaring ham bormidi! Axir men uning maktabni tugatganiga shubha qilib o‘tirsam-a. Nahotki! U endi nechundir menga emas, devorda osig‘liq turgan Xemingueyning serviqor suratiga tikilib o‘tirardi. Mening hayajonimga u deyarli parvo qilmadi. Yoki sezdirmadi. To‘g‘risi, uning erga tekkaniga o‘n bir yil bo‘lganiga shubham bor edi.
– Ha, ishongim kelmayapti, – dedim.
– Uydagilar erta bervorishgan, maktabni tugatar-tugatmasimdan erga chiqqanman.
– Xohishingiz bilanmi?
U o‘ng‘aysizlandi.
– Pochchamiz yaxshi odammi ishqilib? – dedim yana.
– Undan boshqasini tasavvur qilolmayman, – dedi u jiddiy. – O‘ziyam o‘lguday rashkchi. Meni bu yerga kelganimni bilsalar, bilmadim, nima bo‘ladi? Non do‘konga ham bir o‘zimni chiqarmaydilar. Men ham shunga yarasha rashkchiman-de, bir-birimizni ja-a yaxshi tushunamiz. Gazeta-jurnallarni birga o‘qiymiz. Bir gal “Oqshom”da judayam ta’sirli bir maqolani o‘qib qoldim-da, ularning oldilarida ho‘ng-ho‘ng yig‘layverganman, ovqatam yemaganman, to ertalabgacha yig‘laganman. Keyin bitta daftarni to‘ldirib “Oqshom”ga yozib yubordim. Negadir javob kelmadi. Bilasizmi, men har qanday ishni eplayman, faqat o‘qishga kirishim kerak, jurnalistikaga. Gazetada maqolalar chiqarsa imtiyoz beradi deyishadi, to‘g‘rimi?
– Imtiyoz emas, bu majburiy – maqolangiz chiqmagan bo‘lsa hujjatingizni olishmaydi. Kechkiga kirmoqchimsiz, yo sirtqigami?
– Ikkovining bittasiga-de. Yomon ekan munaqa sharti bo‘lsa.
– Qoida shunaqa-da.
– Demak, men umuman kirolmas ekanman-de, a?
Biram iltijoli tikildiki, ixtiyorimda bo‘lsa, uni o‘qishga kiritib qo‘yish istagi tug‘ildi beixtiyor. Shu barobar uning mendan najot istayotgani boismi, ixtiyorsiz bir g‘urur ham paydo bo‘ldi.
– Unaqa umidsizlikka tushmang, maqolalar chiqarsangiz bo‘ladi, masalan “Oqshom”ga yozsangiz tezroq chiqarishadi. Rostini aytsam, siz mana bu hikoyadan voz keching, e’lon qilishga arzimaydi-da.
– Nima uchun? – deb so‘radi u tag‘in taajjublanib.
– Qanday tushuntirsam, primitivroq-da.
– Nima degani u?
– Jo‘nroq demoqchiman.
– Axir men bo‘lgan narsani yozganman, ishonmasangiz o‘sha odamlarning uyi­niyam ko‘rsatib qo‘yishim mumkin.
– Siz tushunmayapsiz. Men badiiyligini nazarda tutyapman. Shu tomondan talabga javob bermaydi.
– Boshlig‘ingiz bormi? – deb qoldi u birdan.
– Muharrirmi?
– Ha, muharrir.
– Shu yerda bo‘lishi kerak, faqat u kishining bunaqa qo‘lyozmalarni o‘qishga vaqti yo‘q.
– Men juda shoshib turibman, – dedi yana u. – Qaynonam xavotir olayotgandirlar. Kichkinam kasal edi.
– Bolalaringizam bormi?
U kulimsiradi. Men o‘ng‘aysizlandim. Suhbat davomida uning juvon ekanligini dam-badam unutib qo‘yardim. Yoki… Yo‘q, u ehtirosga berilmasdi, picha sovuqqonroq, hayotni mendan ko‘ra yaxshiroq biladigan ko‘rinardi. Men, boyagina uning boshini aylantirgim kelgan odam esa bir kichik go‘dakka yordam berayotganday g‘amxo‘rlik qilgim kelardi.
– Savolim noo‘rin bo‘lsa kechirasiz, men sizni hamon o‘smir deb tasavvur qilyapman.
– Yoqimli gap, – shunday deganida uning cho‘ziqroq yuzi yanada yorishib, lablari qimtilib, shunday holatga tushdiki, xuddi namoyishga qo‘yilgan malikaday bo‘ldi-qoldi. – Kattam ikkinchi sinfga borvotti.
U shunday deb yana devorga, Xemingueyning suratiga tikildi. Xuddi shu lahzada “Siz judayam go‘zal ekansiz” deb yuborgim keldi. O‘zimni zo‘rg‘a tiydim. Aslida-ku, mening suqlanib tikilishlarimdan zada bo‘lib ham ketdi – yana “ketaman”ga tushdi.
– Mening sizga maslahatim: “Oqshom”ga yozib turing. Tez-tez maqola chiqarib turing, – dedim yana.
– Qiziq, nimani yozsam ekan? – deb menga termildi. Chamasi u umrida birinchi marta najot so‘rayotganday tuyuldi.
Azbaroyi yordam bergim kelayotgan bo‘lsayam:
– Mahallangizdagi yaxshi odamlar haqida, – dedim beixtiyor. – Bormi o‘zi shundaylar?
– Ha-a, bor-bor, – dedi u. – Yusuf buva degan borlar, urushda qatnashganlar, o‘shalarni yozsam-a, chiqazisharmikin?
– Albatta.
U shoshma-shoshar emas, aksincha, ohista gapirar, biroq odamlar bilan kam muloqotda bo‘lgani boismi, sodda fikrlardi.
– Kechirasiz, siz qattansiz o‘zi?
– Surxondaryolik. O‘xshayapmanmi?
– Bilmadim. Ochig‘i, men hech joyni ko‘rmaganman, hatto o‘zim tug‘ilib o‘sgan Toshkentni ham durust bilmayman. Ishonmayapsiz? Yo‘-o‘, seryozniy, men aldamayapman.
Dunyoda birovni aldash qo‘lidan kelmaydigan insonlar bo‘ladi. Ular bilan bir zum suhbatlashsangiz bo‘ldi, ko‘ngli ochildasturxonday bilinib turadi. Ba’zan odamyovvoyi, qishloqi qizlar, ayniqsa, tog‘liklar haqida birovga so‘zlab bersangiz, suhbatdoshingiz, albatta, o‘sha qizning qoloqligiga, biroq baribir o‘ta iffatliligiga qoyil qolib o‘tiradi. Qarshimda o‘tirgan juvonning esa ulardan farqi – shaharda yashaganligi edi, xolos. U hamma narsaga bolaning ko‘zi bilan qarar, bolaning dili bilan hayratlanib qolardi. Ammo u o‘zini ataydan mag‘rur va katta olar, ehtimol, atrofidagilar kulmasliklari uchun shunday qilardi. Unga tegishish uchun:
– Sizni Surxondaryoga olib ketaman, – dedim.
Juvon esa bu gapni juda jiddiy qabul qildi.
– Qiziq gapirasiz-a, qanday qilib boraman? – dedi.
Darhol gapni burdim:
– Bu qadar sodda bo‘lmang. O‘zingizga qiyin bo‘ladi.
Menga shunday tuyuldiki, garchi u sochini qirqtirib, o‘zicha modaga moslab kiyingan bo‘lsa-da, zohiran mag‘rur ko‘rinsa-da, anchayin odamovi juvon. Uning birinchi marta uyidan so‘ramay chiqqaniga ham imonim komil edi. Juvonning – uni hech shunday atagim kelmaydi, ko‘ngil izhori va menga yozib kelgan boyagi hikoyasining soddaligi shundan dalolat berar edi. Men endi faqat tog‘-dashtlardagina emas, oramizda yurgan, biz ko‘rib-ko‘rmay, ko‘rsak-da, ko‘pincha e’ti­bor qilmaydiganimiz – suluv va go‘zal qalbli qizlar haqida birinchi marta o‘yladim. Naqadar go‘lmiz, dedim o‘zimcha, ko‘ngil jozibasi haqida suhbatlashsak yoki o‘ylasak, faqat o‘zimizcha tasavvur qilgan qishloq qizlari to‘g‘risida gapiramiz yoki yozamiz. Juvonga nisbatan allanechuk havasmi, rashkmi, ishqilib bir tuyg‘u bilan dil izhor qilib qo‘ygim keldi. Darvoqe, shunda u mendan yoshimni so‘radi. Aytdim. To‘rt yosh kichik ekansiz deb kuldi. Yoshim undan katta ko‘ringani uchun xijolat chekdim.
Ayol ketmoqchi bo‘lib o‘rnidan turayotganida bir gap bexosdan og‘zimdan chiqib ketdi:
– O‘zi men doim shunaqa: juvonlarni yaxshi ko‘rib yuraman.
– Ie, uylanmaganmisiz? – deya ajablanib qoldi u.
– Ha, uylanmaganman, ideal qiz yo‘q. Borlari nasib qilmaydiganlar – sizga o‘xshagan.
Uning endi biroz jahli chiqdi.
– Kechirasiz, – dedim. – “Oqshom”ga yozib turing.
– Kechirasiz, – dedi u ham shoshib. – Endi baribir bu yil kirolmasam kerak. Vaqt juda oz qoldi-ku.
– Ko‘nglingizni tushirmang-da lekin.
– Rahmat.
His-hayajonsiz, bosiq, juda tabiiy chiqdi bu so‘zlar uning og‘zidan.
Ketdi. Shundan so‘ng biron marta qorasini ko‘rsatmadi.
Mana, nihoyat ikki yildan so‘ng men – endi uylanib, bir bolaning otasi bo‘lsam-da, hamon o‘zimni yolg‘izdek his qiladigan bir havaskor banda butun borlig‘im bilan o‘sha juvonni uchratishga jon-dildan ishonib turibman. Uchrataman, bu – aniq. Bu yerda bo‘lmasa, sal narida yoxud undan ham nariroqda, albatta, uchraydi. Savqi tabiiy bir tuyg‘u butun shuurimni qoplab olib, o‘zimni tushda kechgan hodisalar hozirning o‘zidayoq ko‘z o‘ngimda ro‘y berishiga ishontirib turibdi. Ha, u o‘sha havorang ko‘ylagida tovlanib, ehtimol, anhor bo‘yida kutib turgan bo‘ladi. U peshvoz chiqadi, lablarini biroz qimtib, ko‘kimtir ko‘zlarini xiyol suzib, jilmayib, bo‘ychan qomati yarashgandan-yarashib, ohista qadamlar bilan, jindek gunohkordek… uyalib…
Kaminani yolg‘onchiga chiqarmasligingiz uchun payti kelganda aytib ham qo‘yay: oradan ancha-muncha vaqt o‘tib u menga telefon qilgandi; ovozidan tanigandim, adashmasam, o‘sha edi – qizlarni dini islomga da’vat etuvchi maqola yozgani, shu mavzuda yozilgan narsani chiqarib bo‘ladimi yo yo‘qligini so‘rab; mendan hadeb o‘sha juvonmisiz degan mazmundagi tergovnamo savollar olavergach, jimgina go‘shakni bosib qo‘ygandi, o‘shandan beri bir ulug‘ jimlik hukm surayotgandek. Qolaversa, menday gunohlarga botib, hayotning turli so‘qmoqlariga boshini suqib chiqqan esa-da, izlagan xazinai davlatini topolmagan kimsa. Yurak urib, birovga – tushunguvchi, jillaqursa, bosh egib eshitguvchi, farishtamisol ojiza qoshida emranib bi-ir yorilsam ham deyman.
…Ohista qadamlar bilan kela boshladi – xuddi hind filmlaridagi nozanin kabi – bu ertakka ishonmayin dedim, lekin bo‘shashib, harsillab, o‘zimni yo‘qotar alfozga tushdim. Tushga o‘xshash muhmal bir holat. Tuyqus qo‘lim qo‘liga tegdi – azbaroyi hapriqqanimdan, xuddi uyquda toshning ustidan tushib ketdim. Yuragim orqaga yopishib urmay qoldi go‘yo. Biroq tomdan ag‘anagan kishi yerga tushadi-ku. Men o‘zimga kelib nash’a qila boshladim, shu haqda ungayam so‘zladim, lekin o‘zim sezmadim, tavba, nimalarni so‘zladim, so‘zlarimga quloq tutgim keldi, uchib borayotgan so‘zlarni tutib olib eshitdim bir-ikkitasini: “Layli emasmisiz, Layli emasmisiz, siz, men…” Mening so‘zlarim uning yuziga urildi, qizil lablari tag‘inda qizardi, yuzi ham qon tusini ola jo‘nadi. O‘sha lablarning orasidan egiz chaqaloqlardek bir-ikki jondor so‘z chiqa keldi. Ularni olib ko‘ksimga qo‘ydim. So‘ng o‘sha tanish lablar qoya atrofida qayga qo‘nishini bilmay yurgan musicha kabi qaynoq nafas urib talvasalandilar. Vujudimning titroq buyrug‘i ila men musichayu jondor so‘zlarning egasini birdan qo‘llarim ila quchdim. Engashdim. Xira tuman kabi parda tortildi-yu, shu parda ortidagi ega to‘lqinli suvdagi aks misol chayqaldi. Beldagi qo‘llarim issiq suvni quchganday bo‘ldilar. Yo‘q, axiyri bilsam, u suv ham emas, nimadir xiyonat yuz berdi shu yerda. Havo – oddiy bo‘shliq qoldi, xolos. Qizning yorqin chehrasi balqib turgan bir surat havoda chayqaldi. Suratga qo‘l cho‘zsam, u ham yo‘qoldi-da, hangu mang bo‘lib qotib qoldim. Yonimda sollanib oqayotgan anhorning yuzini-da hijob yanglig‘ bir parda qoplab yotardi. Uyatdan yuzim cho‘g‘day qizib ketdi…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 5-son