Sayyora Jabborzoda. Tavqi ta’zir (hikoya)

Qishlog‘imizning bor yerida katta-kichik gujum daraxtlari o‘sib yotadi. Maktabga borayotib, yo‘l bo‘yi, bu sershox va ulkan daraxtlarga otamning ham qulochi yetmasa kerak deb o‘ylardim. O‘tsam ham, qaytsam ham daraxtlar bilan salomlashib, o‘zimcha so‘zlashaman. Bir safar odatdagidek, ularga kundaligimdagi “besh” bahoni aytib maqtanayotgan edim, birdan yangragan kulgidan cho‘chib tushdim. Sinfdoshim Ravshan meni kuzatib turgan ekan.
– Tentaklarga o‘xshab daraxtlar bilan so‘zlashyapsanmi?
– O‘zing tentaksan! Bilsang, ular meni har kuni maktabdan qaytishimni kutib turishadi. Ularni bir kun ko‘rmasam sog‘inib qolaman.
O‘shanda beshinchi sinfda o‘qirdik.
Maktabimizning orqa tarafidan katta ariq oqib o‘tardi. May oyining oxiri, o‘qishlar tugay deb qolgan. Havo isib ketganidan o‘g‘il bolalar o‘qituvchilarimizdan yashirincha ariqqa suvga tushgani borishadi. Bir safar biz qiz bolalar ham ularga qo‘shilib, cho‘milgani boradigan bo‘ldik. Bolalar suv ichida yayrab suzishar, bir-birlari bilan kim o‘zar o‘ynashardi. Bir mengina suzishni bilmaganim sabab, bir chetda ularga havas bilan tikilaman. Qizlar harchand undamasin, jur’atim yetmaganidan rozi bo‘lolmadim. Axiyri ular “Qo‘rqoq, qo‘rqoq” deya baravariga baqira boshlashdi. Ularning gapi alam qilib, qo‘llarim bilan yuzimni bekitib yig‘lab yubordim. Shunda o‘sha Ravshan:
– Nega unga yopishib oldinglar, qo‘yinglar o‘z holiga, – dedi.
Birov bir narsa desa, albatta bir og‘iz gap qo‘shmasa turolmaydigan Durdona boshini suvdan chiqarib:
– Voy, qizlar, Naimaning himoyachisi bor ekan. Mayli, kuyovto‘raning gapini qabul qildik, – dedi kinoya aralash.
Gurra kulgi ko‘tarildi. Sinfdoshlarning masxaralab, kulishlari jon-jonimdan o‘tib ketgan ekanmi, qanday o‘zimda kuch topdim, hayronman, kiyim-piyimim bilan o‘zimni suvga otibman. Shu turishimcha suv yuziga bir qalqib chiqdim-u, nimadir meni yana suv tagiga tortib ketdi. Qo‘rqib ketganimdan qo‘llarim va oyoqlarimni pala-partish shaloplatishdan to‘xtatolmayman. Og‘zimga suv to‘lgan, yordam bering­lar deb so‘rashga holim yo‘q.
Bir mahal men tomonga qarab Ravshanning jon-jahdi bilan suzib kelayotganiga ko‘zim tushdi. Yaqin kelib, sochimdan shunday tortdiki, og‘riqdan ko‘zlarim achishib ketdi. Ikkovlashib, talashib-tortishib suvdan bir amallab chiqib oldik. Suv ichida hud-behud harakatlar qilaverganimdanmi ko‘zim yumilib, holsiz qum ustiga cho‘zildim. Biroz tin olganday bo‘lib, ko‘zlarimni ochsam, tepamda u menga tikilgancha turibdi. Yuragim shuvullab ketdi…
Bu qanday hissiyot ekanligini bilmasdim, lekin shu paytda u ko‘zimga dunyodagi eng aziz kishimdek tuyulib ketdi.
– Xayriyat-ey, o‘lib qoldingmi, deb o‘ylabman. Tur, o‘qituvchimiz kelayapti. Birov xabar bergan shekilli, – dedi u o‘g‘il bolalarga xos buyruq ohangida.
O‘sha kuni butun sinf o‘qituvchilarimizdan rosa dakki eshitdik. Cho‘milish degan gapni qayta tilga olmaydigan bo‘ldik. Men esa maktab eshigidan kirdim deguncha, ko‘zlarim bilan Ravshanni axtaradigan, agar darsga kelmasa o‘zimni qo‘yarga joy topolmaydigan bo‘lib qoldim.

2

Talashib-tortishib maktab yillari ham o‘tib ketdi. Sinfdoshlar har kim har xil o‘y, maqsad bilan chor tomonga tarqab ketdik. Ravshan hamma fanlardan “a’lo”ga o‘qigani bois birinchilardan bo‘lib universitetga qabul qilindi. Meni ham “o‘qishga topshir” deb, ko‘p undadi. Ammo otam rozilik bildirmagani uchun Ravshanga bu yil o‘qishga hujjat topshirmoqchi emasman deb qo‘yaqoldim. To‘g‘risini aytishga esa, g‘urur o‘lgur yo‘l qo‘ymadi. Uning oldida o‘zimni go‘yo ko‘nglim to‘q, parvoyim yo‘qdek qilib ko‘rsatardimu, u ketgach, yum-yum yig‘lar edim…
Oradan yil o‘tib, axiyri, onam bilan ikkovlashib otamni ko‘ndirdik. O‘zim orzu qilgan Tibbiyot institutida o‘qiy boshladim. Toshkentga uni deb kelganimni bildirgim kelmas, qiz bola holimga sir berish o‘limdan ham og‘ir tuyulardi. Mahalladagi dugonalarim, sinfdoshlardan eshitishim bo‘yicha u o‘qish paytida qizlardan rosa “kollektsiya” qilgan emish. Goh “boshimga uramanmi uni”, deb turamanu, ammo yana balki bari “mish-mish”dir degan tasalliga kunim qolib, gumonlarim xuddi quyosh chiqqandan keyin tarqab ketgan bulutlardek, dil-uyim charog‘onlashadi.
Ravshan o‘qishlari orasida ham kelib meni ko‘rib, hol so‘rashib ketishni kanda qilmaydi. Qalbimni ming xil o‘y kemirsa ham, uning hol so‘rab kelishlaridan yuragimning tub-tubida umid bo‘y bera boshladi. Shunday paytlarda g‘amu, shodligimni daraxt do‘stlarimga, gujumlarga aytishga shoshaman.
Bu orada dugonalarimning ham birin-ketin sovchisi chiqib, to‘ylar ko‘payib qoldi. To‘y bo‘ladigan kunga barchamiz o‘qish, ishlarimizdan ruxsat olib, ertaroq kelishga shoshilardik. Axir barcha qadrdon sinfdoshlar yig‘iladigan, to‘yib suhbatlashadigan, raqsga tushadigan shirin damlarni o‘tkazib yuborib bo‘ladimi. Boshqa qizlarni bilmadim-u, men bunday fayzli lahzalarni boy berishni istamas edim. Axir u yerda Ravshan ham bo‘ladi-da…
Ayniqsa, Xurshidaning to‘yi xayolimdan ketmaydi. O‘shanda qizlar Ravshanning ko‘nglini bilish uchun rosa harakat qilishdi. Ravshan esa nuqul falsafa so‘qar, chiroyli gaplar bilan vaziyatdan chiqishga urinardi. Sinfimizga biz o‘ninchini bitkazayotganda kelib qo‘shilgan, sho‘x, har qanday davraga qo‘shilib ketaveradigan Iskandar kinoya qilgan bo‘ldi:
– Mavlono, qo‘ying endi, qizlarga rahmingiz kelsin. Bu bechoralar ham jilla qursa bir kecha tinch uxlashsin. Yuragingizni band etgan go‘zalning nomini aytmasangiz ham, qay manzil, qay makon mohi ekanini ilg‘ating.
Ravshan biroz sukut saqlab turdi-da:
– Aytsam, sizlarni xafa qilib qo‘yamanmi deb qo‘rqaman, – dedi.
Uning bu gapidan bir tomoni ajablangan bo‘lsam, bir tomoni, yuragim hapqira boshladi.
Bir mahal uning eng yaqin o‘rtog‘i Rasul:
– Naimaxon deb aytib qo‘ya qoling, Mavlono. Shunday kunda ham qizlarni qiynaydimi odam degan? – desa bo‘ladimi.
Rasulning hazilga yo‘yib, kulib aytgan bu gapini shundog‘am mendan shubhalanib yurgan sinfdoshlar chinga yo‘yib, “Ana, ana aytmadikmi” deya qarsak chalib yuborishdi. Men quloqlarimga ishongim kelardi-yu, ammo uning o‘zidan bu gapni, hech bo‘lmasa, shunga o‘xshash sha’mani eshitmaganim uchun dilim g‘ash edi. Shundayam, qizlar, ayniqsa, Ravshanning oldida o‘zimni yerga urgim kelmay, shoshib gap qo‘shdim:
– Sizlarning topib olganlaring men, – dedim o‘zimni jahli chiqqanga solib. – O‘shanda Ravshan qaydanam meni qutqarib qolgan ekan. Ichingda boshqa marding topilmaganidan keyin u bechorayam nima qilsin. Endi shu qilgan savobi uchun sizlar unga umrining oxirigacha tovon to‘latmoqchisizlar?
Bu gapimdan keyin, muzokara-yu, munozaraga yakun yasaldi.
Shundan keyin necha bor Ravshan bilan ko‘rishdik, men zimdan uning og‘zini poylasam-da, u bu mavzuni boshqa davom ettirmadi. Balki, aytishga xohishi bo‘lsa ham, mening o‘shandagi gapim uning izzat-nafsiga tekkandir. Tilim ham sayramay o‘lsin. U bechora endi aytaman deb turganida bu gapim bilan: “Meni qutqardi deb, sevmasam ham senga turmushga chiqishim kerakmi” degan gap aytibman-ku. Uf-f, bunchalar ahmoq bo‘lmasam. Axir u Rasulning luqmasiga yo “Yo‘q”, yoki “Ha” demadi-ku. Balki, ko‘nglida boshqa qiz bo‘lsa, ko‘pchilik ichida buni oshkor etib, meni izza qilgisi kelmay, ayaganidan jimgina, kulib qo‘ya qolishni afzal bilgandir? Ammo, mening ismim eng yaqin do‘stining og‘zidan chiqdi-ku. Demak, ular o‘zaro suhbatlashganda Ravshan unga dil yorgan. Bo‘lmasa, shuncha odam guvohligida Rasul bu gapni aytishga jur’at qilmagan bo‘lar edi.

4

O‘qishim tugagach, men shahar tez tibbiy yordam markazining laboratoriya bo‘limida ishlay boshladim. Ishim unchalik qiyin emas. Tahlil topshirishga kelgan bemorlarga kerakli ko‘rsatmalarni bajarishlarida yordam beraman. Vrachlar tekshiruvdan o‘tkazgan qon tahlillarining javoblarini bo‘limma-bo‘lim davolovchi doktorlarga yetkazib berilishini nazorat qilaman.
Ravshan esa huquqshunos bo‘lib yetishdi. Shahrimizning eng ko‘rkam, salobatli idoralaridan birida ishlay boshladi. Bir tomoni uning kelajagi porloq bo‘lib borayotganidan quvonsam, ikkinchi tomondan ichimda nimadir tinchlik bermas edi. U “katta” odam bo‘lib ketsa, menday oddiy vrachni nazariga ilmasa kerak. Borgan sari ularning oilasidagilar meni kelin qilishiga umidim yetmay borardi. Uning otasi yuvosh tabiatli, ziyoli odam bo‘lgani bilan, onasi tez fe’llik ekanini eshitgan edim. Oilada onasining gapi gap emish.
Har safar ichimda ana shu o‘y bosh ko‘tarishi bilan, tovonimgacha muzlab ketgandek, vujudimni qaltiroq vahimasi qoplardi. “Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinadi” deb qadimgilar bilib, topib aytishgan ekan. Sinfdoshlar uni uzoq qarindoshiga uylantirisharmish degan gap topib kelishdi. Men esa (garchi ichimni it tirnab turgan esa-da) kulib qo‘ya qoldim. Ular bundan ajablanishib yana meni so‘roqqa tuta boshlashdi.
– Nima balo ishni pishitib qo‘yganmisizlar, yo? Pinagingni buzmaysan. Avvallari u haqda biror gap eshitguday bo‘lsang, aytgan odamni tug‘ilganiga pushaymon qildirmaguncha tinchimasding.
Men yana kulib turaverdim. Ular buni o‘zlaricha yo‘yishib, o‘z yo‘llariga ketishdi. Qizlar bilan gaplashganimga qancha bo‘ldi, bilmadim, Ravshan meni yo‘qlab kelib qoldi. Odatdagiday uyimiz oldidagi katta tut tagidagi supada o‘tirib miriqib suhbat qurdik. Supa atrofiga ekilgan sada rayhonlarning hidi atrofni tutgan. Supa ustida shoxlari tarvaqaylagan balx tut yaproqlari shamolda sollanib, erkalanadi. Og‘ayotgan quyosh bizning suhbatimizdan uzoqlasha olmay asabiylashganidan, ufqni alvon rangga bo‘yaydi.
Qizlar ko‘ngil bergani oldida hayajondan o‘zini yo‘qotib, aytar so‘zini ham unutib qo‘yarmish deb eshitardim. Men esa aksincha, uni ko‘rdim deguncha, jonim kiradi. O‘z-o‘zimdan gapdon bo‘lib qolaman. Ko‘pincha u tinglaydi, men gapiraman. Qaysi mavzuda bo‘lmasin, so‘zimiz so‘zimizga qovushaveradi. U bilan gaplashsam, xuddi yuz yilgi dardlarimdan xalos bo‘lganday yengil sezaman o‘zimni. Bugun ham shunday bo‘ldi. Sinfdoshlar, ishxonadagilar haqida to‘lib-toshib gapira boshladim. U odatdagidek, gaplarimni ma’qullab, ora-sira gapga qo‘shilib o‘tirdi. Shu topda dunyoga o‘t tutashib ketmaydimi, u mening yonimda ekanligidan baxtiyor edim.
– Naima, – dedi u bir mahal. (Ismimni aytish ohangiga mast bo‘lib, jonimni sug‘urib olsa ham rozi bo‘lguday holga kelaman. Nazarimda uning yigitlarga xos salobatli sasidan qumrilar ham yana bir bor gapirishini intiq kutib, tin olib turadigandek):
– Meni otamning qadrdoni, Yusufboy akaning qiziga uylantirishmoqchi. U qiz bilan kichkinaligimizda, uyimizga kelishganda birga o‘ynar ekanmiz. Bizdan to‘rt yosh kichik…
Boshimga kimdir bolg‘a bilan urganday, garangsib, ko‘z oldim jimirlay boshladi. Nima deb javob qaytarishni bilmay kalovlanib qoldim.
– O‘tgan hafta meni qiz ko‘rdiga olib borib, uch-to‘rtta qizni ko‘rsatishdi. Qizlar xuddi anavi “Suyunchi” kinosidagidek izinma-ketin kirib kela boshlashdi. Qiziq bo‘larkan-ey, birinchisi eshikni ochib, bizga ko‘zi tushishi bilan anoyi qilib tilini chiqardi-da, shartta eshikni yopdi…
Mening xonu monimga o‘t tutashdi. Tilim qurib, quloqlarim shang‘illay boshladi.
– Ikkinchisi choynakni sekin keltirib qo‘yib, chiqib ketdi. Keyin uchinchisi kirdi. Yoshgina, oddiy qishloq qizi. Yana boshiga oddiy dokani ro‘mol qilib o‘rab olgan. Boqishlari biram uyatchan. Men o‘shanisini tanladim. Sen nima deysan, Naima? Sodda, hadeb o‘ziga oro beravermaydigan qizlar yaxshi qizlar bo‘ladi deb o‘zing aytarding-ku. U ham xuddi senga o‘xshab, pardoz-andoz qilishni xush ko‘rmaydiganga o‘xshaydi.
U gapiryapti-yu, men xuddi o‘lib qolgan odamdek edim. Butun a’zoyi badanim mavjudmi, mavjud emasmi buni hatto sezmasdim ham. Tug‘ilganimdan buyon jismimda zabon degan narsa bo‘lganmi, yo‘qmi buni ham idrok eta olmasdim. Agar bo‘lganida ham hozir unga kuchim yetmasligini bilib turar edim.
– Lekin ichki tuyg‘um bilan sezyapman, u qizni tanlab adashmayapman. Onam ham u yaxshi odamlarning bolasi, ulardan yomonlik chiqmagan deyapti. Sen necha yillik qadrdon do‘stim, eng yaqin sinfdoshimsan. Shu yoshimgacha sen nima degan bo‘lsang, doimo to‘g‘ri chiqqan. Shuning uchun doim yaxshi-yomon gapim bo‘lsa, birinchi senga aytgim, sen bilan maslahatlashgim kelaveradi. Sen aqlli, mulohazali qizsan.
O‘lganimning kunidan jilmaydim. Uning ham chehrasi yorishib ketdi. Shu payt ichkaridan singlim sas berdi:
– Opa, ishxonangizdagi Sanobar opa sizni telefonga chaqirayapti.
Shu yerda suhbatimiz bo‘lindi. Ravshan ketishga chog‘landi:
– Bo‘pti, men ham boray. Seniyam ishlaringdan qo‘ydim. Yana gaplashamiz.
U ketdi. Ammo bu safar bir o‘zi emas, jonu jahonim tanimdan sug‘urilib u bilan birga ketdi. Uyga, telefon oldiga bazo‘r sudralib, mening quruq jasadim, loshim kirdi…

5

O‘sha kuni uyga kirib, telefonga javob berdimmi, yo‘qmi, keyin nima qildim, sira eslolmayman. O‘sha kundan keyin na yeb ichishimda, na yashashimda bir tuyirlik halovat qolmadi. Bir gapirib, o‘n kuladigan qiz, yolg‘iznishin bo‘lib qolgan edim. Ishga ham birov sudragandek, borishim kerakligidan, majburligimdan borib kelaman. Aql-hushim o‘zimda emasligidan bir necha marta qon tahlillarini adashtirib yuborib, boshlig‘imizdan rosa dakki eshitdim. Bori olam-u, odamzoddan ko‘nglim sovidi.
Men uchun dunyo g‘am yomg‘iriga to‘lgan kunlarda uning to‘yi xabari ham kelib yetdi. Birdan butun olamni qorong‘ilik bosdi…
Onam, otam hay-haylashib meni kasalxonaga keltirishibdi. O‘zim ishlaydigan kasalxonadagilar ham hayron. Kelib biri olib, biri qo‘yib tasalli axtarishadi:
– O‘zi keyingi paytda mazang yo‘qligi yurish-turishingdan ma’lum bo‘lib yuruvdi.
– Odam degani bundoq o‘ziga qarashi kerak. Mayli, hali sog‘ayib, hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketasan. Faqat yaxshilab davolanib chiqishing kerak.
– Ha, mana o‘zimiz davolaymiz-da!
Atrofim to‘la odam. Ko‘nglimga muolaja tugul, qil sig‘maydi-yu… Qaniydi, hammayoq suv quygandek jimjit bo‘lib qolsa. Yoki batamom uxlatib qo‘yishsa yaxshi bo‘lardi. Endi mening kasalligimni hech qanday dori-darmon bilan davolab bo‘lmasligini koshki birovga tushuntirib bo‘lsa…
Avval sira e’tibor qilmagan ekanman. Shunchalar xunuk ko‘rinar ekanki, bu kasalxona degani. Devordagi bo‘yoqlardan tortib, tokchalardagi uzun-qisqa gullar, og‘ir va har g‘ichirlaganida asablaringni taranglashtirib yuboradigan karavotlar… Shu yerda yotishga majbur bo‘lgan o‘zimdan ham ko‘nglim ayniydi.
Ana shunday rangsiz va ma’nisiz kunlarning birida kasalxonaga U kirib keldi. Egnidagi qora kostyum-shim, oq ko‘ylak va alvon bo‘yinbog‘ o‘ziga shunday yarashgan. Ko‘z o‘ngimda xuddi ertaklardagi shahzoda turardi. Bolaligimizdayoq meni o‘ziga asir qilgan o‘sha tabassumi bilan hol so‘rab, qo‘lidagi guldastani e’tiborli izzat bilan menga uzatdi.
Ruhiy olamimdagi rutubat xonani ham qoplab olgandek, go‘yo nafas olishga izn bermas edi. Bir nafasda olam yorishib, xonam ichi kengayib ketgandek bo‘ldi.
– Bu nima yotish? Hoy qiz, shunday kunda sinfdoshlarga uni qil, buni qil deb bosh-qosh bo‘lib turish o‘rniga, bu yerga kelib, o‘rnashib yotib olibsan? Qani tur, ketdik, to‘yim sensiz o‘tishiga yo‘l qo‘ymayman.
– Nimalar deyapsiz, uni zo‘rg‘a epaqaga keltirganimizda obketib, yana kasal qilib olib kelmoqchimisiz?
Uni ko‘rgan ko‘zlarim, xonaga u bilan qo‘shilib kirib olgan, mening sog‘ayib ketishim uchun tunu kun jon koyitayotgan hamshiralar Mahfuza opa bilan Nodirani ko‘rmay qolgan ekan. Nodira hamishagi odatiga ko‘ra kuyunchaklik qildi:
– Naima opamga hali ko‘p yurish mumkin emas-u, siz to‘y deysizmi?! To‘yda kuni bilan tik oyoqda yurish oson ekanmi? To‘yingiz o‘tgandan keyin borsalar ham darvozangizni yopib qo‘ymassiz?
– O‘h-xo‘, bolalik paytimiz sen menga “teloxranitel” eding. Buncha himoyachini qayerdan topding? Ha, mayli. Sog‘ayganingdan keyin keliningni qo‘lidan choy ichishga borarsan. Kelinni olib kelishga ketayotuvdik, seni ko‘rmasdan o‘tib ketolmadim. Sog‘ayib ket.
U kulib gapirayapti-yu, mening ichimda bir narsa “chirt” etib uzilib ketgandek bo‘ldi. Ammo tilimdan shu so‘zlar uchgani, uzoq-uzoqlardan qulog‘imga aks sado berdi:
– Tabriklayman Rav-sha-n! Baxting butun bo‘lsi-i-n!

6

Oxirgi marta yuzma-yuz turib, uning ismini tilga olganimga ham mana yigirma yillar bo‘libdi. Bu davr ichida qancha loyqa, qancha tiniq suvlar oqib o‘tib ketdi.
O‘sha voqealardan keyin men tuppa-tuzuk yurib borayotib ham birdan hushdan ketib qoladigan kasalga yo‘liqdim. Bu kasalligim tezlik bilan avval qarindosh-urug‘lar, so‘ngra qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida ovoza bo‘lib ketganigami, keyingi paytda meni so‘rab eshik taqillatuvchilarning ham oyog‘i uzildi.
Ravshan kasalxonadan chiqqanimdan keyin meni so‘rab, uyimizga keldi. Ammo men onam va singlimdan “Uning oldiga hech kimni qo‘ya olmaymiz” degan bahonani ayttirdim. U boshqa yo‘qlamadi.
Onda-sonda tanishlardan uning bir-biridan shirin o‘g‘il-qizlarni dunyoga keltirib, ayoli bilan baxtli yashayotganini eshitib ham suyunardim, ham…
Men borimni ishga bag‘ishladim. Ishxonaga hammadan oldin borib, hammadan keyin qaytaman. Oz-ozdan ruhiyatimda ko‘tarinkilik uyg‘onib, olamni yana rangin bo‘yoqlarda ko‘ra boshladim. Ayni shu kunlarda meni jamoamizning qo‘llovi bilan tahlillar bo‘limiga bosh vrach qilib tayinlashgan.
Bugun uni ko‘rdim. Ha, ko‘rdim. Ammo yolg‘iz emas. Shu paytgacha biror martayam uni ayoli bilan birga ko‘rmagan edim. Vaqt – tabib, deyishardi, bu gap yolg‘on ekan. Yonidagi rafiqasini ko‘rib ham yuragim potirlayverdi. Ichimni havasmi yo hasadmi, nimadir og‘ritib tishladi. Ayol shunchalar munis ediki, uning tortinchoq tabassumi, nozikkina qaddi, hatto boshidagi qaymoq rang ro‘moli, egnidagi to‘kilib turgan ipak ko‘ylagigacha hayoga, iboga g‘arq bo‘lgandek edi. Beixtiyor ikkoviga tikilgancha qoldim.
Er-xotin yo‘lak bo‘ylab tahlil xonalariga kirib-chiqishar, negadir ikkalasining ham yuzi ma’yus edi.
Labimni og‘ritib tishladimu, ortimga burilib ketdim.
Bir mahal qabulxonamdagi hamshira qiz men o‘tiradigan xona eshigini ochib:
– Naima Hamidovna, sizni so‘rab kelishdi, – dedi.
– Assalomu alaykum.
Ostonada turgan Ravshanni ko‘rib, esim og‘ayozdi. O‘tirgan stulimdan bazo‘r sug‘urilib, ularning oldiga peshvoz yurdim.
– Keling, keling, Ravshan Nurboyevich, qanday shamollar sharofati bilan eslab qolibsiz?
Qo‘limni uzatib ko‘rishmoqchi edim.
– E, rahmat-e, rasmiyatchilikni qo‘ysangiz-a, – deb meni quchoqlab, bag‘riga bossa bo‘ladimi? Uyalib ketganimdan yuzim, quloqlarimgacha qizarib ketganimni sezib turardim. Andisha ustunligidan, tezlik bilan bag‘ridan o‘zimni bo‘shatishga intilgan harakatimni ilg‘agan sinfdoshim boshini sal egib chakkamdan o‘pdi.
– Kattakon bo‘lib ketibsiz. Chin dildan tabriklayman. Hatto “sen” deyishga ham tortinadi odam.
Men qo‘limni ko‘ksimga tutgancha, yerdan ko‘zimni ololmas, ne deb gapirishni bilmay kalovlanar edim.
– Ko‘rishing, bu rafiqam Azizaxon. Azizaxon ham sizni ko‘rishga juda ko‘pdan buyon orzumand edi.
Biz bir-birimiz bilan qo‘l berib ko‘rishdik. Shu payt yuragimda nimadir bosh ko‘targanday bo‘ldi.
Ular bilan xonada yarim soatcha suhbat qildik. Ravshan rafiqasini keyingi kunlarda biroz holsizlanib, madori qochib yurganini, tanish doktorning maslahati bilan umumiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun shifoxonamizga olib kelganini, ammo shifokorlar tahlil natijalarini o‘rganib, ayolida saraton kasalligi rivojlanayotganini aniqlashganini gapirib berdi.
– Tahlil natijalari balki yanglish bo‘lishi mumkin. Siz shu yerda ekanligingizni bilib, shu ish bilan o‘zingiz shug‘ullansangiz deb iltimos qilgani kirgan edik.
Xotinining ahvolidan qattiq qayg‘urayotgan sinfdoshimning holatini anglay turib, (yo tavba!) negadir ichim yondi. Ravshan gapirayapti-yu, men vujudimda chumoli yurganday bezovtalanyapman. Buni bildirmaslikka harchand urinmayin, o‘zimni oshkor qilib qo‘ydim, shekilli, Ravshan:
– Naimaxon, sizni bezovta qilib qo‘ydigov, mayli, endi biz boraqolaylik. Yuring, Azizaxon, – deya ayoliga yuzlandi.
Ular oldinma-ketin o‘rnilaridan turishdi.
Ular bilan xayrlashar ekanman, Ravshanning iltimosini bajarishiga ikki-uch kun vaqt kerakligini, bu vaqt ichida tahlil natijalarini yaxshilab o‘rganib chiqishim lozimligini aytdim.
U ishxonamga kelib ketganidan keyin bundan yigirma yillar ilgarigi kunlardagidek na uyqumda, na kunduzimda halovat qoldi. Ravshan mening oldimga o‘z dardi bilan kelib, o‘zi bilmagan holda mening dardimni kovlab ketgan edi. Xayol va botin ichra g‘alayon qilishga chog‘langan bir kuch yuragim tubidagi o‘ksik armonni mavjlantirishga qasd qilgandek. Bu kuch to‘lqini har safar qirg‘oqqa talpinganida unutilishga majbur etilib, o‘sha dengiz qirg‘oqlariga sochib yuborilgan his-tuyg‘ularimni dengiz o‘rtasiga surib kelishga jahd etardi…

7

O‘shanda mening butunlay sog‘ayib ketishim uchun ota-onam qo‘llaridan kelganini ayashmadi. Doktorlarning tavsiyasi bilan meni sanatoriyga jo‘natishdi. Atrofi quyuq archazorlar bilan o‘ralgan baland tog‘ tepasidagi bahavo maskan ozurda ruhiyatimga ajib sokinlik, osudalik olib kirdi. Ayniqsa, tog‘ning eng yuqorisiga olib chiqadigan, toshlardan bejirimgina qilib ishlangan zinalar ustida ohista odimlab, yuqoriga ko‘tarilish menga juda yoqardi. Atrof to‘la archa, zarang daraxtlari, toqqa chiqavergan sari uchraydigan yovvoyi do‘lana, tosh zina yon-verida ochilib yotgan gulxayrilar… Muolaja ta’sirimi yoki tabiatdagi osudalikdanmi vujudim, ruhiyatimda ajib tetiklik uyg‘ona boshladi. Endi bori borliq go‘zallashgan, olamda borligimni his qila boshlagan edim.
Uyga qaytish muddatim yaqinlashgan kunlar sinfdoshim Rasulni uchratib qoldim, yonida xotini so‘mrayib turibdi. Uni sanatoriyda ko‘rgan kunim “Xurshidaning to‘yidagi voqea haqida so‘rayman” deb, dilimga tugib qo‘ygan edim. Lekin so‘rolmadim, jur’atim yetmadi. Hol so‘rashib, yo‘limga ketaverdim.
Ertaga “uyga ketaman” deyilgan kun Rasul meni yo‘qlab, xonamga keldi:
– Ketishingdan oldin bir to‘yib suhbatlashay deb oldingga kelaverdim, o‘rtoq. Xayriyat, bugun xonangda ekansan. Necha marta yo‘qlab kelsam, hali muolajaga, hali toqqa chiqqani ketgan deyishdi. Hovlidayam ko‘rinmading?
– Sizlarni bezovta qilib qo‘ymay deb yuruvdim.
– Ayolimdan xafa bo‘lma. Farzandimiz bo‘lavermaganiga siqilyapti, bechora. “Bilaman, tug‘ib bermasam, boshqa ayol topib olasiz”, deb hadiksiragani-hadiksiragan. Ammo o‘zi dili toza ayol.
Uzoq suhbatlashdik. Bir payt u mendan:
– Naima, xafa bo‘lmasang, sendan bir narsa so‘ramoqchiman. Tuppa-tuzuk yurgan odam, to‘satdan… Bunga sabab… Ravshan emasmi? – deb so‘rab qoldi.
Men undan savolning bu tarzda berilishini hech kutmagan ekanman. Shu sabab, uning savoliga javob berishni ham, bermaslikniyam bilmasdim.
– Keyingi paytda sog‘liging haqidagi har xil mish-mishlar yurganiga… tashvishlanib qoldim. Shunchalik o‘zingni oldirib qo‘yishingga bu hayot, odamlar arziydi deb o‘ylaysanmi? O‘zingni qiynab, ich-etingni yeb bitirishing adolatdan emas!
Ko‘zlarimdan sizib chiqqan ikki tomchi marvarid, derazadan tushib turgan oftob nurida yaltirab, yerga dumaladi. Darrov qo‘llarim bilan yoshimni artdim.
– Agar gapimga xo‘p desang, hamma narsani unutib, hayotingga boshqacha nazar bilan qara. Uni yangitdan boshla!
Men endi ortiq o‘zimni tutib turolmay, yuzimni qo‘llarim bilan bekitib, unsiz yig‘lashga tushdim. U deraza oldiga borib biroz tashqariga qaragancha jim turdi. So‘ng shu ko‘yi dedi:
– Gaplarim senga og‘ir botishini bilaman. Ravshanning senda ko‘ngli bor edi. Ammo…
Men quloqlarimga ishonmay, ko‘zyoshlarimni ham gizlamasdan unga tikildim.
– Ammo, oilasidagilar bunga rozilik bildirishmadi chog‘i.
– Axir u menga umid bermagan, Rasul!
– Berolmasdi ham. Chunki, bir safar sakkizinchi martga tabrik yozayotganida onasi ko‘rib qolib, qo‘lidagi qog‘ozni sovg‘a-salomlarga qo‘shib, tandirga tashlab yoqib yuborgan ekan.
– Qaysi aybim uchun?
– Hech qanaqa! Onasining qo‘rs fe’lliligini bilmaysan-da. U gapini ikki qilgan odamni yoqtirmaydi. O‘g‘liga ham “Biz kimni ma’qul ko‘rsak, shunga uylanasan” degan gapida qattiq turgan. Nima qilishini bilmay yurgan Ravshan bir kuni bor gapni menga aytib berdi. Unga “Onang, Naimani yaxshi qiz ekanini bilganidan keyin, o‘zi rozilik berib yuborganini bilmay qoladi. Sen onangga Naimani bir ko‘rsat” desam, “Yo‘q, onam aytganidan qaytadigan ayol emas. Agar o‘z aytganimni qilib uylanganimda ham, Naimaning hayoti bir umr azobda o‘tadi. Unga ozor yetkazishni istamayman”, deganday gap qildi.
– Hozir-chi, hozir qiynalmayapmanmi?
– Shuning uchun aytayapman, Naima. O‘zingni bunday abgor qilishga arziydimi u? O‘zingni qo‘lga olib, hayotda sen ham o‘z baxtingga erishishing kerak.
…Ruhan o‘zim bilan o‘zim olishaverib, holdan toyganim uchunmi, kelishilgan uch kun emas, go‘yo oradan uch yuz yil o‘tib ketgandek tuyuldi. Oldingi ikki kun Ravshan bilan o‘tgan shirin xotiralarni eslagan, xayolan u kunlarda yashagan bo‘lsam, keyingi kun Ravshanning go‘yo, “Xotinimga yordam ber, iltimos” deya, iltijo ilinji bilan boqqan ko‘zlari ta’qibida yashadim. O‘zimni atayin biror ish bilan chalg‘itmoqchi bo‘lardim-u, ammo yana ko‘z o‘ngimda Ravshanning iltijoli ko‘zlari namoyon bo‘laverardi. Bu ko‘zlar xayol va xotirot uzra chiziq tortib, botinimdagi alamli isyon ham tengma-teng bosh ko‘tara boshladi. Qanchalik chiranmay o‘zimga o‘zim bas kela olmasdim…
“Tavba, bunchalik xotiniga qayg‘urmasa. Bir vaqtlar menga qayg‘urganmidi? Xo‘sh, do‘st ekan, o‘z ko‘nglidagini aytayotgan payt, loaqal sening ko‘nglingda kim bor deb so‘raganmidi? Lekin ayoli xaqiqatda farishtali ayol ekan. Qayg‘ursa, jon kuydirsa arziydigan. Men-chi? Men! Men arzimasmidim? Yaratganga ham hayron qoladi kishi. Insonni shunday chiroyli qilib yaratadi-yu, yana sekingina uning vujudiga bitta kasallikni ham qo‘shib jo‘natadi. Bu kasallikka esa, uni yana Yaratganning oldiga qaytarib olib borish vazifasi topshirilgan bo‘ladi…”
Jismimni ruhan zo‘riqish va charchash qamal etsa-da, berilgan uch kun ichida ayolning kasalligini aniqladim. Mening tahlillarim ham Azizani ko‘rikdan o‘tkazgan vrach qo‘ygan tashhisni tasdiqladi. Hozir Azizada saratonning yashirin shakli kechmoqda. Olingan tahlillarni o‘ta sinchkovlik bilan tekshirmagan vrach, bu kasallikni aniqlay olmasligi ayon edi…
Illo, meni bir shaytoniy kuch boshqara boshladikim, endi men istasam-da, avvalgi Naima bo‘la olmas edim!

8

Ravshan bolaligidan aytilgan joyga, aytilgan vaqt-soatda, hatto bir daqiqaga ham kechikmasdan yetib borishni odat qilgan. Sinfdoshim bugun ham shifoxonaga, aytilgan vaqtda yetib keldi.
– Assalomu alaykum Ravshan Nurboyevich, yaxshi keldingizmi?
– Vaalaykum assalom Naimaxon, rahmat. O‘zingiz sog‘-omonmisiz? Uydagilar tinchmi?
– Rahmat. Siz yaxshimisiz, Azizaxon?
Garchi botinan buni istamasam-da, zohiran shunday qilishga odamgarchilik vajidan majbur ekanligimni anglab, o‘zimdan-o‘zim ijirg‘anardim. Ularni xonam tomon boshlar ekanman, yana ichimdagi o‘sha zolim ovoz meni qiynashda davom etardi: “Uydagilar dedimi? Bu bilan qaysi uyimdagilarni nazarda tutdi? Yoki shu paytgacha oilam yo‘qligini pisanda qilmoqchimi? Hali oilalikman deyaptimi? Yonidagi hurpaygan tovuqni hali zamon ajal o‘z komiga tortay deb turibdi-yu!”
Ularni ish xonamdagi stullarga taklif etgach:
– Ravshan Nurboyevich, Azizaxon. Qadrdonlarim, avvalambor menga bildirgan ishonchingizdan minnatdorman. So‘zimni boshida shuni aytib o‘tay, gap shu xonadan nariga chiqmaydigan bo‘lsa, bir gap aytaman.
Ularning yuz ifodasi va Azizaning “Yo‘g‘-ey, o‘libmizmi?” deb, keyingi so‘zni eshitishga barcha ayollarga xos tezoblik bilan qiziqayotganidan roziliklarini uqib, muddaoga o‘tdim:
– Men Azizaxonning tahlil natijalarini yaxshilab o‘rgandim. Qayta va qayta tekshirib ko‘rdim. – Gap shu yerga yetganida, atayin tin olib, jim turishim kerak edi. Bu shifoxonaga kelganimga ko‘p yillar bo‘lgani sababidan, bemorlarning tahlil natijasini eshitayotganda butun vujudi quloqqa aylanishini, vrachlar og‘irroq kasallik belgilarini aniqlashganini aytishganda bu bemorga qattiq ta’sir qilishini, ba’zi bir bemorlar hatto, talvasaga tushib qolishganini ko‘raverib pishib ketgan edim. Gohida tashhisni aniqlagan vrachga ishonmasdan laboratoriya mudiriga boshqatdan tekshiruv o‘tkazishini talab qiladigan bemorlar ham chiqib qolar, ba’zida tashhis xato qo‘yilgan hollar ham uchrab turar edi. Hozir mening oldimda xuddi shunday bemorlar o‘tirishganini kasbim taqozosi anglatar edi. Ular vrachning tashhisi xato bo‘lishini, harqalay, tahlillarni tekshiruvdan o‘tkazadigan ular tanigan, yaqindan bilgan “o‘zining odami”ga ilinj bilan, “hech qanday kasallik yo‘q ekan” degan so‘zni eshitishni istaganliklari uchun kelib turgan edilar.
– Tahlil natijasi saraton degan tashhisni mutlaqo rad etadi, – dedim meni tinglashga jon qulog‘i bilan ilhaq bo‘lib o‘tirganlarga birma-bir qarab, qat’iy ishonch bilan.
– Naima Hamidovna qanday… bu-uu, axir vrachlar?!
Oniy lahzada “demak yolg‘on aytishgan” degan fikr miyasida chaqmoq keskinligida “yalt” etishi bilan, ko‘p yillik yurist, nohaqlikdan bo‘g‘ilib o‘rnidan turib ketayozdi.
– O‘zingizni bosing, Ravshan Nurboyevich. So‘zimning boshida sizlarni oldindan ogohlantirganim bejiz emas edi. Gap shu xonadan chiqmasligiga so‘z bergansiz!
Qat’iy qilib aytilgan so‘zdan Ravshan Nurboyevich biroz tinchlanganday bo‘ldi. Boz ustiga Azizaxon ham:
– Otasi, tinchlaning, qand diabetingiz oshib ketadi. Men shundayligiga ishonardim, – dedi beg‘uborlik bilan.
Azizaning so‘zidan keyin men so‘z “ot”ini qamchiladim:
– Siz uchrashgan vrach Dildora Botirovna haqida juda ko‘p shikoyatlar tushib turadi. Men buni sizlarni yaqindan taniganim va uzoq yillik qadrdon do‘stligimiz boisidan oshkor etayapman. Hatto uning kelgan bemorlarga bundan-da og‘ir tashhis qo‘yib, ruhan qo‘rqitib, aldab pullarini olganligi haqida shifoxonamiz xodimlari ichida gap-so‘zlar yuradi. Ammo odamlarni o‘zingiz bilasiz, Ravshan Nurboyevich. Hatto, o‘zlarining hayotiga befarq bo‘lgan bu olomon, o‘zgalar uchun biror yerga borib ko‘rsatma berishni mutlaqo istashmaydi. Shuning uchun, Azizaxon, men kasal ekanman deb o‘zingizni cho‘ktirib qo‘ymang. Siz umuman kasal emassiz. Bundan keyin ham Xudo xohlasa kasal bo‘lmasligingizga men kafil.
O‘z rolimni qoyilmaqom bajarar ekanman, so‘zlarimdan tog‘day tasalli olgan Azizaning ko‘zlarida quvonch porladi. Yurist bo‘lishiga qaramasdan har qanday “topib” aytilgan so‘z ta’siriga tez tushib qoladigan Ravshan esa mening, ya’ni “do‘sti”ning gapidan:
– Ana ko‘rdingizmi, Aziza biyi, nima degandim? – deb, azbaroyi quvonib ketganidan vrach oldida ekanliklariniyam unutib, qo‘llari bilan Azizaning qo‘llarini qo‘sh qo‘llab siqdi.
Bu holatdan jonu, jahonimga o‘t tutashib ketayotgan bo‘lsa-da, ko‘nglimda o‘zimning rol o‘ynayotganimni tasalli qilib, tishimni-tishimga bosdim.

9

Bolaligimizda bobo-buvilarimizning “Umr misli oqar suvday gap, ko‘zingni ochib-yumguningcha ketish tadorigini ko‘rib turaverasan”, deyishlarini ko‘p bora eshitganmiz. Bu gaplarning mag‘zini tuzuk-quruq anglamagan ekanman. Hozir yoshim saksonda. Ammo menga vaqt to‘xtab qolganday, xuddi bir joyda depsinib turganday tuyulaveradi. Yoki u zamonlarda dahr charxpalagi zuvillab aylangan-u, shu kunlarda holdan toygan odam holiga tushib, imillayaptimikan? Axir ota-onam vafot etib ketishganiga ham necha zamonlar bo‘ldi. Undan keyin akalarim, yangalarim ketishdi bu dayri fanodan. Ammo men ketolmay yuribman…
Bir tarafi yangalarim ketgani durust bo‘ldi, negaki ana o‘shalar meni otam xonadoniga sig‘dirishmadi. Topgan bahonalari “Bolalarimiz ulg‘ayib qolishdi, ularni uylab-joylashimiz kerak. Siz kattakon ishda ishlaysiz, hukumat sizni uysiz qo‘yib qo‘ymaydi” deb, meni aldab-avrashdi. Siqilaverganimdan ozib-to‘zib cho‘pday bo‘lib ketdim. Baribir jigar-jigar ekan. Menga rahmi kelgan singlim Nilufar garchi, eri ro‘yxushlik bermasa-da, o‘z uyiga olib ketdi. Nilufarning uch o‘g‘li va bir qizi bor. O‘g‘il bolalar otasiga tortgan – badjahl, odam isini yoqtirishmaydi. Ikkita o‘g‘li uy olib, alohida chiqib ketgan. Ammo ora-sirada kelib qolishsa ham meni tinch qo‘yishmaydi. Birovi:
– Xola, ishlab yurgan paytingizda shu, o‘zingizga bitta “dom” olib qo‘ymagan ekansiz-da. Bunday boqimanda bo‘lib o‘tirmasdingiz, – desa, ikkinchisi:
– Xola, bizning mahallada Salim ota degan yetmish yoshlarga chiqqan bir boboy bor. A, endi sizlarga yoshning nima ahamiyati bor? Baribir odamlar chol-kampir deyishadi. Bola-chaqasi tashlab ketgan emish. Aniq emas-u, harqalay odamlar shunday deydi. Zato, uy-joyi bor! – deb, hiring-hiring qilishib jig‘imga tegishgani-tegishgan.
Ammo men indamayman. Bilaman, bolalar baribir birozdan keyin uylariga qaytib ketishadi. Agar ularni bunday tantiq gaplari uchun jerkiydigan bo‘lsam, singlimning ko‘ngli og‘riydi. Endi ming qilganda ham ularning loyini yangilab bo‘larmidi?!
Singlim ularni jonidan ortiq ko‘radi. Qani unga bolalari, nevara-chevaralari har kuni kelishsa. “Boy molini gadoy qizg‘anibdi” deganlariday, bu menga yoqinqiramaydi. Bolalarning qiy-chuvidan hovlida qiyomat qo‘padi. Ular ketgandan keyin ham anchagacha o‘zimga kela olmay yuraman. Gohida esa dilim o‘ksiydi. Nega endi o‘shanda turmush qilib ketavermadim? Menga og‘iz solganlar bor edi-ku?! Agar o‘shanda barisiga qo‘l siltab erga chiqqanimda, bugun singlimning uyida sig‘indi bo‘lib o‘tirmagan, o‘zimdan yigirma-o‘ttiz yosh kichik bolalarning dakkisini ko‘tarishga majbur bo‘lmas edimmi?
Bilaman, ulardan xafa bo‘lishim o‘rinli emas. Endi to‘rimdan go‘rim yaqin bo‘lib qolgan odamman. Qolaversa, qilgan gunohlarim evaziga Ollohning jazosini olib, keyin uning dargohiga borishim kerak. Yaratgan oldiga bunday yuzim shuvutligi bilan borishim u qilgan gunohlarim oldida urvoqchayam bo‘lmay qolar-ov. U yoqda… rahmatli Ravshanjon bilan Azizaxonning ko‘zlariga qanday qarayman? Balki shuning uchun Olloh jonimni olishga shoshilmayotgandir. Mana shunday yolg‘iz tun-kechalarda o‘zim bilan o‘zim gaplashishdan o‘zga choram bo‘lmasa na qilay?! Ichimni kuydirib yotgan dardimni birovga aytishga shu kungacha jur’at topa bilmadim. Endi aniq bilaman, bu “fasod”ni o‘zim bilan go‘rga olib ketishim aniq…

10

Er-xotinni shifoxonada ko‘rganimdan keyin boshqa uchratmadim. Tanish-bilishlardan qancha so‘rab-surishtirmayin hech kimdan “Azizaning ahvoli og‘irlashdi, endi umid yo‘q ekan” yoki “Ravshanning ayoli rak ekan, kasallik uni yeb bitiribdi. Afsus, bilmay yuraverishibdi,” degan o‘sha o‘zim intiqlik va qo‘rquv bilan kutgan xabar hadeganda qulog‘imga chalinavermadi. Aksincha, “Ravshan ayolini olib, xorijdagi sanatoriyga dam olgani ketibdi” yoki “Ravshanni yuqoriroq lavozimga ko‘tarishibdi. O‘ziyam rosa iqtidorli, tushungan odam-da”, degan gaplarni eshitardim, xolos.
Oradan ko‘p yillar o‘tdi. Sinfdoshlar sim qoqib Azizaxon olamdan o‘tibdi, deyishdi. Men ham ular bilan qo‘shilib ta’ziyaga bordim. Ta’ziya bildirishga kelgan-ketganlar oldida boshida do‘ppi, egniga chopon kiyib, boshini quyi osiltirib turgan Ravshanni ko‘rib, ichim muzlab ketganday bo‘ldi. Tengqurlari orasida ulardan ko‘p yosh ko‘rinadigan, haliyam yoshlikdagi ko‘rkini yo‘qotmagan sinfdoshim bir kunda qarib qolganday edi.
Azizaxonning ma’rakalaridan keyin Ravshan ham to‘shakka mixlandi. Bir gal sinfdoshlar “Bo‘l, ho, bo‘l” deb, ularnikiga meni ham olib ketishdi. Kasal ko‘rishga kelgan sinfdoshlarni ko‘rib Ravshan o‘zida yo‘q suyunib ketdi. Ayniqsa, ularning orasida meni ko‘rib, bir quvonchiga ming quvonch qo‘shilganini uning ko‘zlaridan angladim.
Sinfdoshlar uzoq suhbatlashib o‘tirdik. Bolalik, yoshlik yillarini eslashdik. Mening Ravshanni deb qizlar bilan jiqillashib yurganlarimni eslab, rosa miriqib kulishdik. Vaqt allamahal bo‘lib, uy-uyiga ketish uchun o‘rinlarimizdan turayotganimizda Ravshan:
– Sizlarga mingdan-ming rahmat. Dunyo turguncha turgaysizlar. Sizlardek sodiq do‘stlarni menga ato etgan Ollohdan beadad minnatdorman… – deya, yana nimalarnidir demoqqa og‘iz juftlagan edi, Rasul:
– To‘xta, to‘xta. Shu yerda to‘xta. U yoqqa ketish uchun birato‘la roziligimizniyam olib qolmoqchimisan. Yo‘q, bu hisobga o‘tmaydi. Hali yana ko‘p kelamiz, – dedi.
– Ey, jo‘ra, berdisini aytguncha urib o‘ldiradigan odating sira qolmadi. To‘g‘ri aytasan. Hali nevara-chevaralarimning to‘ylarida o‘zlaring bosh bo‘lib turasizlar. Men sizlardan boshqa narsani iltimos qilmoqchi edim. Naimaxon shoshilmasalar, ularga aytadigan bir-ikki og‘iz gapim bor. Agar yo‘q demasalar. Keyin nevaram mashinasida eltib qo‘yardi.
Endi gapni Durdona ilib ketdi. Og‘zidagi bor-yo‘g‘i ikki dona tishiga tilini bosib, visillagancha:
– Ha, gap bu yoqda degin. “Gap tagida nimkosa” qilmasdan, nevara-chevaralarni deb o‘tirmasdan, endi boshlashni niyat qilayotganimiz, o‘zimizning to‘yimizga desang-chi.
Hammalari xoxolab kulishdi. Hamma-hamma bilan-u, Ravshanning bu so‘rovidan ichimga bir qaltiroq kirdi. Ravshan kelganlar bilan xayr-xo‘shlashguncha, xayolning ming bir ko‘chasiga kirib chiqdim. “Demak, bilgan. Ha, aniqlagan. Shuncha puxtalagan bo‘lsam ham, baribir yuristligiga boribdi-da”.
Tashvishga tushganimdan xayolga berilib ketgan ekanman, Ravshanning:
– Naimaxon, – degan sasidan cho‘chib tushdim.
–Uzr, sizni bezovta qilib qo‘ygan bo‘lsam. Rahmatli ayolimning ketar chog‘idagi so‘zlari bo‘ynimda qarz bo‘lib qolmasin deb, sizni olib qolishga majbur bo‘ldim. Keyin, siz bilan endi boshqa ko‘rishamizmi, yo‘qmi…
Men Ravshanning bu taxlit gapiga jilla qursa, “Yo‘g‘-ey, hali juda ko‘p yashaysiz” deb, tasalli so‘z aytish o‘rniga, mum tishlagandek, jim edim.
– Azizaxon davosiz kasalning dastidan juda ko‘p ozor chekdi. Ammo, sizning o‘sha paytdagi gapingizdan o‘ziga juda katta dalda olgan ekan. O‘limi oldidan: “Otasi, Naimaxon sinfdoshingizga mening nomimdan rahmat aytib qo‘ying. U kishi haqiqiy shifokor ekan. Kasalimni bila turib, bizni tushkunlikka tushib qolmasin deb, “kasal emassiz” deya qat’iy ishontirdi. Agar o‘shanda ha, kasal ekansiz desalar, men bundan yigirma-o‘ttiz yil oldin o‘lib ketgan bo‘lar edim. Ollohga beadad shukrlar bo‘lsinkim, o‘g‘il-qizlarni uylab, nevara-chevara ko‘rish nasibamda bor ekan. Bu ham bo‘lsa Naimaxonning sharofatidan. Ularga minnatdorligimni yetkazing”, dedi.
Uning ko‘zlarida yosh yiltillab, kiprigi namlandi.
– Nafaqat maktab yillarimizda, balki butun umr, menga qo‘shib, ayolimga ham “teloxranitel” bo‘lgan ekansiz. Sizga ming rahmat, Naimaxon. Sizday do‘stim… – u buyog‘iga nima deyishni bilmadimi, yoki umuman boshqa so‘z aytmoqchi edimi, anglolmadim. Biroz tin olib turdi va yerdan boshini uzib, menga shunday tikildiki, yana bir daqiqa shu taxlit tikilib tursa, yig‘lab yuborishim aniq edi. Ammo Ravshan tomog‘iga bir nima tiqilgan odamday, birdan yo‘talib qoldi, biroz tin olgach, so‘zini kelgan joyidan davom ettirdi. – …qadrdonim borligi uchun Yaratganga umrim oxirigacha shukronalar aytib yashayman.
Ichimda so‘zlar bo‘rondek isyon solar, ammo men jim edim. Oraga tushgan sukut ortida kimdir menga “Bo‘ldi Naima, tur endi, uyingga ketadigan fursat yetdi” deyayotganday edi.
– Sizga aytishim zarur bo‘lgan gapim faqat shugina emas. Azizaxon mendan yana bir narsani iltimos qilgan edi. Nevaram, o‘g‘lim Rashidbekning o‘g‘ilchasi bu yil yetti yoshga to‘ladi. Azizaxon ana shu nevaramizni sizga o‘g‘il qilib berishimizni o‘g‘limdan ham kelinimizdan iltimos qilib, mendan vasiyatini ado etishimni o‘tinib so‘ragan.
U gapirayapti-yu, chamamda mening quloqlarim chippa bitib qoldi. So‘zlarini eshitmaganimdan, ko‘zlarimni katta-katta ochib, og‘ziga tikilaman. Nihoyat miyam va quloqlarim orasida xuddi to‘lqin tarqatayotganday aks sado berayotgan shang‘illash tinib, gaplari qulog‘imga uzuq-yuluq kira boshladi.
– Bolalar “Oyi, xorijdagiday yangi udum o‘rnatmoqchimisiz? Bizda bunday qilishmaydi-ku” deb qanchalik qarshilik qilishmasin u aytganidan qolmay nevaramizga Ravshan deb ism berdi. Aziza xuddi buni oldindan bilganday, bizga bildirmasdan sekin-sekin tadorik ko‘rgan ekan, – sinfdoshginamning so‘nik nigohi yana jonlanib, yuziga tabassum yugurdi. – Juda odobli, ziyrak bola bo‘lgan. Yaxshilab o‘ylab, nima qarorga kelsangiz bizga ma’lum qilarsiz. Ammo shu yerda, bolalarimning oldida yashaysiz. Rashidbek bizga qo‘shni turadi. Kelinimiz ham yaxshi odamlarning bolasi. Azizaxon, bu gapni bolalarga bildirganida, siz bilan birga yashash fikri o‘sha kelinimdan chiqqan. U sizni ularning oldiga ko‘chib chiqishingizni intiq bo‘lib kutayapti.
Ravshan gapirib turib biroz tin oldi. Men esa, yuragimni nimadir bosib qolganday izillab yig‘lab yubordim.
– Nima bo‘ldi Naimaxon? Dilingizni og‘ritib qo‘ydimmi?
Qulog‘imga uning huv maktab vaqtlaridagi o‘ktam ovozi kelganday bo‘ldi.
– Agar gapim sizga ma’qul kelmagan bo‘lsa…
Qani shu paytda yer yorilsa-yu, shappa meni yutib yuborsa.
– Yo‘q, yo‘q. Aslo unday emas, dedim uyatdan nigohimni yerdan uzolmay. – Azizaxonning bag‘rikeng ayolligi ko‘nglimni bo‘shatib yubordi. U kishini faqat bir martagina ko‘rganman. Ular meni… shunchalik o‘zlariga yaqin oladi deb kim o‘ylabdi deysiz. Ammo men bunday iltifotga loyiq emasman. Go‘ring nurga to‘lgur Azizaxondan benihoya minnatdorman. Endi men boray, tuzalib keting.
Agar yana so‘zimni davom ettiradigan bo‘lsam, ular oldidagi yuzi shuvutligimdan sinfdoshim boxabar bo‘lishi tayin edi. Asta o‘rnimdan turib eshik tomon yura boshladim. Shunda eshik ochilib, xonaga bir yigit va kelinchak “Assalomu alaykum,” deb kirib kelishdi. Kelgan yigit xuddi yoshlikdagi Ravshanning quyib qo‘yganday o‘zginasi edi. Men so‘rashishga ham botinmay yigitga tikilib turaveribman.
– Naimaxon, bular hozir men sizga aytgan o‘g‘lim va kelinim. – Sinfdoshimning ovozi meni o‘zimga keltirdi, u bolalariga yuzlanib so‘radi: – Ravshanbek qani?
Kelini:
– Voy, dadajon, hozir shu yerda edi, – deb yugurib tashqariga chiqib ketdi.
Birozdan keyin yoqimtoygina bolani yetaklab kirdi. Uning kulib turishlaridan bu sinfdoshimning va go‘ring nurga to‘lgur Azizaxonning nevarasi, jajji Ravshanbek ekanini botinan ilg‘ab turardim.

11

O‘sha kundan hech qancha vaqt o‘tmay Ravshan ham bu olamni tark etib ketdi. Endi men chindan yolg‘izlanib qolgan edim. Ravshan bilan foniy dunyodagi oxirgi uchrashuvimizdan so‘ng tushimga tez-tez Azizaxon kirib, chiqadigan bo‘ldi.
…Qachon qarama, qo‘lida bir bosh chillaki uzum. “Opajon, uzumdan totining, buni sizga deb ataylab olib chiqqanman,” deyaveradi. Men esa, men badbaxtni kechiring, singil, deb yig‘laganim-yig‘lagan. Tongda yostig‘im jiqqa ho‘l bo‘lib uyg‘onaman.
Bu dunyoga kelgan bor umid, istakli odam, kimningdir koriga yarasam, Olloh bergan umrni yaxshilik ila bezasam deydi. Men-chi, men nima qildim? Yetisha olmagan sevgim alamini bir begunohdan oldim. Uning vujudini kasallik bemalol yemirishiga imkon yaratdim. Haliyam u bechoraning baxtiga Yaratgan va yaqinlari, farzandlari bor ekan. Shularning yaxshi-yomon kunlarida birga bo‘lish ilinji bilan yashab, kasalni yengishga o‘zida kuch topa bilgan. Xasta vujudining tashvishi yetmaganday, mening holimdan tashvishlanib, butun oilani yetti yot begonaga, yana dushmaniga nevarasini farzandlikka berishga ko‘ndiribdi. Nega mendaylarni yer ko‘tarib turibdi?!
Uch kun bo‘ldi lohasman, vujudim qaqshaydi. Mazam qochgan kundan boshlab, tushimda Ravshan va Azizaxon bilan andarmonman. Ayniqsa, Azizaxon xafalanib, “Nega nevaramiz bilan yashashdan bosh tortdingiz? Ular issiq-sovug‘ingizdan xabar olib turishardi-ku?” deb, holi-jonimga qo‘ymayapti. “Sizga aytadigan gapim bor, oz qoldi, tez orada uchrashamiz” deganmishman.
Vujudim goh isib, goh sovib ketganday, ko‘zimni uyqu elitaveradi… Tushimmikan bolaligimdan katta bo‘lgan qadrdon uyim oldidagi o‘sha katta tut tagida, supa oldida turgan emishman. Supada esa bir kampir garchi yonida hech kim bo‘lmasa-da, o‘zicha bir nimalar deb gapirib o‘tirardi…
G‘ira-shira tepamga singlimning kelini kelganini, ustimga ko‘rpani tortganini ko‘rdim. Suyagim qarsillab ketgandek, tanamga og‘riq yugurdi. Odam tushida og‘riq sezganini eshitmagan ekanman, yoki o‘ngimmikan? Uzoqdan kelayotgan qiroatli sas vujudimga rohat taraydi.
…Tavba, bir zumda ko‘zim oldi ravshanlashib, supadagi kampirga yittilab qaradim. Astag‘firulloh! Xuddi o‘zim-a! Shu payt kampir menga yeb qo‘ygudek tikilib dedi:
– Nimaga hayron bo‘lasan? Seni sog‘inib keldim. Tikilib turmasdan kelib yonimga o‘tir.
O‘zim anglamagan holda uning so‘zlariga bo‘ysunib, supa chetiga omonat cho‘kdim.
– O‘rnashibroq o‘tirsang-chi, axir bu yer sening ham sevimli joying emasmidi?
U buni qayerdan bilarkan, momoning yuziga savolomuz tikilaman.
– Ha! Sen sevib qolgan o‘sha yigitni, men bir umr unuta olmadim. Uni yuragimdan chiqarib tashlay olmadim.
Uning gapidan xafa bo‘lish o‘rniga “piq” etib kulib yubordim. Mening kulganimni ko‘rgan momo ham jilmayib, so‘zida davom etdi. – Nega kulasan shayton qiz? Bu bir sharti ketib, parti qolgan kampir bo‘lsa, bunga bunday gaplarni kim qo‘yibdi deb o‘ylayapsan-a? Boya menga tikilganingda, meni o‘zing ekanimni tanigan eding, shundaymi? Buni tanamizdagi ruh anglatadi. Farqimiz shuki, sen navqiron, go‘zal, ayni muhabbat yoshidagi Naimasan…
U biroz tin olib, bilinar-bilinmas “uh” tortdi:
– Bu yerga uni sog‘inib, o‘tgan o‘sha kunlarni so‘nggi bor eslagani keldim. Sen ishqida o‘t bo‘lib yonayotgan, har kuni yo‘liga ming bor intiq bo‘lib kutadigan Ravshanim bilan xayolan bir zumga bo‘lsa-da, suhbat qurgani keldim.
– Nimalar deyapsiz? – dedim ajablanib. – Axir sizning yoshingizda… muhabbat haqida gapirish?..
– Bu sening aybing. Ha-ha, sening aybing! Menga bunday yomon qarama. Sen uni shunchalik qattiq sevgan ekansanki, xohlasam-da, uni yuragimdan chiqarib tashlay olmadim.
Shu so‘zni aytayotib momo ayanchli ovoz bilan yig‘lay boshladi.
Supa ustidagi momo tomonga surilib, unga tasalli bermoqchi bo‘ldim. Ammo harchand qo‘llarimni cho‘zmayin, qo‘llarim unga yetay demasdi…
– Esingdami, bir kun Ravshan bir rivoyat aytib bergan edi, – davom etdi kampir. – Emishki, Yaratgan yer yuzidagi bori jonzotni yig‘ib, ularga qirq yoshdan umr bergan. Biroz vaqt o‘tib, jami maxluqot yana Yaratganning oldiga jam bo‘lishibdi. Kimdir rahmat aytgan, yana qaysi biri noroziligini bildiribdi. Shunda ot: “Ey Yaratgan, menga qirq yillik umr ko‘plik qilar ekan. Men qarib qoldim, ammo shunga qaramay odamzod meni ishlatishdan to‘xtamayapti. Quruq ustixonim bilan men uning ishlariga yaramayman. Bergan yoshingning yarmini ol, o‘tinaman”, – debdi. Shu payt odam qo‘lini ko‘tarib, so‘z so‘rabdi: “Ey, Olloh shu otdan qirqadigan umringni menga qo‘shib bersang, qirq yosh menga kamlik qiladi”. Olloh rozi bo‘libdi. Shu payt it ham tilga kiribdi: “Menga ham qirq yosh ko‘plik qilayapti. Mendan ham yarmini ol”. Yana odam qo‘l ko‘tarib: “Itdan qirqadigan umringniyam menga qo‘shib beraver, karamingni ayama, Parvardigor”, debdi. Olloh bandasining iltijosini qabul qilibdi. Qirq yil o‘ziga ato etilgan umr, yigirma yili otdan, yana yigirma yili itdan olib berilgan ekan. Demak, inson oltmishgacha har qanday mehnatdan qaytmaydi. Saksonga chiqqan odamdan yosh so‘ralsa, aksariyat, buni ikki qirq deb qo‘ya qoladi. Ya’ni, sakson – “Sak” (it), “son” (sanoq), it sanog‘ida umr kechirar ekan. Mayli, buyam bir rivoyat, lekin saksonga kirgan odamga sira havas qilmagan bo‘lar edim, – degan edi u… Oh, men hozir Ravshan aytgan o‘sha it sonidaman. Hech kimga keragim yo‘q. Ortimdan qoladigan izim ham yo‘q. Farishtaday ayoling ezgulik, oliyhimmatlilik deb o‘ylagan narsalaringiz bu mening senga xiyonatim edi. Shunday qilsam, sen undan tezroq ayrilib, yolg‘iz qolasan deb o‘ylabman. Ammo Xudo ham yaxshi bandalarini tirikligida mukofotlar ekan. Azizaxonning vujudidagi saraton erta-indin vujud egasini yeb tugatishi ayon edi. O‘ttiz yillik umr esa, bu jannatiy ayol uchun Ollohning ilohiy in’omi bo‘lsa ajab emas. U dunyodagi jannat, do‘zax degan gaplar rostligiga to‘g‘risi endi ishongim kelmaydi. Chunki gunohli-yu, gunohsiz bandasi bu dunyoda qilgan amallarining ajru savobiga faqat shu dunyoda javob berib, keyin uning huzuriga borar ekan. Ravshanning gapida jon bor. Saksonga kirgan odamga havas qilib bo‘lmaydi…
Bir payt qarasam, momo o‘tirgan joyida yo‘q. Uzoqdan qattiq shovqin eshitildi. O‘sha tomonga qarab chopdim. Yo‘l bo‘yida bir to‘p odamlar yig‘ilgan. Kattakon, haybatli buldozer qadrdon daraxtlarimni qo‘porib tashlamoqda. Gujumlar hali qo‘porilganiga soniya o‘tmagan bo‘lsa-da, allaqachon yaproqlari to‘kilib, shoxlari qurib qolgan. Yerda biron ildizi ham qolmagan…
Ko‘zimni ochsam, singlim yonimda yig‘lab o‘tiribdi. Unga ko‘zimni tikkanimni ko‘rib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi, karavot yoniga yaqin kelib, yuzimga mehr bilan tikildi. Tug‘ishganimni ko‘rib, xursandligimni bildirish uchun, og‘rinib bo‘lsa-da, jilmayishga urindim.
– Nilufar, sizlardan ming bor roziman. Sizlar ham rozi bo‘ling!
Birdan vujudim yenglayib, bolu parday yuqorilayotganimni sezdim. Bo‘ynimdagi tavqi ta’zirdan – jazo halqasidan ozod, yorug‘lik taralib turgan tomonga qarab uchayapman-u, qandaydir istak “tezroq, tezroq” deya meni oldinga qistaydi. Bir mahal, yorug‘likning eng quyuqlashgan joyida bir sharpa, qo‘l silkib, imlayotganini ilg‘adim. Yaqin borsam, o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlardagi Ravshan jilmayib turibdi…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2017 yil, 4-son