Otabek Yo‘ldoshev. Hadya (hajviya)

Ikki  hafta davomida kechani kecha, kunduzni  kunduz demay dars tayyorlaganlarim havoga uchdi-ketdi. Fakultetda “Sattorovning  darsidan besh baho oldim”, deb ko‘krak kergan talabalarni sanashga bir qo‘lning barmoqlari ham ko‘plik qiladi. Men ham shular safiga kirsammikin, degandim-da.
– Tak, –  dedi Sattorov burnining ustiga qo‘ndirgan ko‘zoynagini tepaga ko‘tarib. – Ishing “duoyi salom”ga qolyaptiku, uka.
Kayfiyatim tushib ketdi. Gapirishga endi og‘iz  juftlagan ham edimki, u “tss”, dedi-yu gapida davom etdi:
– Sen meni  noto‘g‘ri  tushunyapsan. Bilaman, pora berish gunoh demoqchisan. Sen buni pora deb emas, shunchaki hadya deb hisobla. Xo‘pmi, uka?
Yomg‘irda qolgan kuchukdek shalvirab qoldim. Yuqori bosqichda o‘qiydigan bir talaba: “Sattorov hammadan oladi”, degan edi. Demak, uning gaplari to‘g‘ri ekan-da… Jahlim chiqdi.
– Ustoz, hadya dedingizmi?
– Ha.
– O‘sha narsani hadya deb emas, bosh-ko‘zimdan sadaqa deb bersam qandoq bo‘larkin?!
Sattorovning ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi:
– Hammang gapga o‘qigansanlar. Senga sadaqani ko‘rsatib qo‘yaman.
Qishki ta’tilni igna ustida o‘tirgandek bedor o‘tkazdim. “Mana senga”, deb baho qo‘yib bermasa-ya… O‘zim ahmoqman-da. Tinchgina duoyi salomini berib qo‘ya qolsam o‘larmidim. Ta’til tugashiga uch kun qolganda kursdoshim Abduvali telefon qilib qoldi:
– Sattorovdan besh olishga qachon ulgurding, xumpar?
Men jurnalni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaguncha uning gaplariga ishonolmasdim.