Mirkarim Osim. Aljabrning tug‘ilishi (qissa)

I

— Shahri Bagg‘dodga sog‘-salomat yetib kelganingizdan behad xursandman, yana ko‘rishadigan kun bor ekan, — dedi uy egasi — marvlik Xolid ibn Abdumalik keng peshonali yosh mehmon bilan quchoqlashib ko‘rishar ekan. — Abu Abdulloh Muham¬mad ibn Muso janoblari qachon yetib kelar ekanlar, deb yo‘lingizga muntazir edik. Alhamdulilloh, yana diydor ko‘rishar ekanmiz, ming qatla shukurki, avvalgidek tetik va bardam ekansiz.
Ko‘pdan buyon ko‘rishmagan ikki do‘st, hol-ahvol so‘rashib bo‘lganlaridan keyin ko‘rpachaga o‘tirdilar. Uzun yaktakli, qotmadan kelgan uy xizmatkori ularning oldiga dasturxon yozib, barkashda turli noz-ne’matlar va ikki kosa sharbat keltirib qo‘ydi. Soch-soqoliga oq oralab qolgan o‘rta yoshli mezbon xursandligini yashira olmay, “qani, olsinlar” degandek, tomirlari bo‘rtib chiqqan qo‘li bilan dasturxonni ko‘rsatdi.
— Marv shahrida menga emakdosh bo‘lgan yor-do‘stlarni sog‘indim, — dedi yoshi o‘ttizdan oshgan, qalin qoshli mehmon non tishlab, behi sharbatidan ho‘plar ekan, — Ahmad al-Farg‘oniy, Ahmad ibn Abdulloh, Muso ibn Shokir va uning o‘g‘illari sihat-salomat yuribdurlarmi?
— Alhamdulilloh, hammalari eson-omon, sizni ko‘rishga, suhbatingizdan bahramand bo‘lishga mushtoqdurlar.
Ular dasturxon ustida Xurosonda birga o‘tkazgan kunlarini, boshlaridan kechirgan voqealarni eslab, suhbatlashib o‘tirishdi. Mezbon tilining uchida turgan gapni aytish uchun payt poylab turardi.
— Kechikib kelishingizning sababi nima?— deb so‘radi u negadir o‘zini noqulay sezib. — Xalifa hazratlari ham: “Na uchun Abu Abdulloh Muhammad ibn Muso kechikdi, uni zudlik bilan huzurimga jo‘nat, deb Xorazmshohga maktub yuborgan edim-ku”, deganlarini ikki marotaba eshitdim. Nima hodisa yuz berdiki, shahri Bag‘dodga qadam ranjida qilgingiz kelmadi? ;
— Buning sababini sizgagina ayta olaman, — dedi mehmon o‘ylanqirab. — Ma’mun Xuroson qo‘shini bi¬lan Bag‘dodni bosib olganidan so‘ng o‘z inisi Aminni qatl ettirganini, Ozarbayjonda boshlangan zardushtiylar qo‘zg‘olonini shafqatsizlik bilan bostirib, asirlarni o‘ldirayotganini eshitib, bu yerga kelishga oyog‘im tortmay qoldi. Otashparastsan, deb begunoh odamlarni bola-chaqasi bilan qirib tashlash — o‘ta zolimlik-ku!
Xolid ibn Abdulmalik oqara boshlagan boshini qashib, miyig‘ida kulib qo‘ydi-da:
— Sizga al-Majusiy deb laqab qo‘yganlari bejiz emas ekan, otashparastlarga bu qadar xayrixoh ekanligingizning sababi endi ma’lum bo‘ldi, — dedi.
— Ha, bobom rahmatli zardusht dini rahnamolaridan biri edilar. Arab sarkardasi Qutayba binni Muslim Xorazmni bosib olganidan keyin hammani zo‘rlab islom diniga kiritdi. Xorazm yozuvini bilaturgan odamlarni o‘ldirtirib, qadimiy kitoblarimizni yondirib yubordi. Eski e’tiqodlariga sodiq bo‘lgan bobom jon saqlab qolish uchungina arab tilida kalima keltirishga majbur bo‘lgan ekanlar.
— O‘tgan ishga salavot, — dedi uy egasi mehmonning chaqnagan ko‘zlariga kulimsirab qarab, — aytilgan so‘zni, otilgan o‘qni qaytarib bo‘lmas, degan maqol bor. Xarobaga aylangan Xorazm yana obod bo‘lib, qaddini rostlab oldi, yana bilim urug‘lari o‘sib chiqa boshladiku!
— Yurtimizda eski madaniyat qo‘ri bor edi-da! Qutayba binni Muslim yonib turgan ma’rifat o‘chog‘ini so‘ndirishga urindi, ammo bid’at-xurofot kuli ostida ma’rifat cho‘g‘lari qolgan ekan.
— Borakallo, xalifa Ma’mun saroyiga to‘plangan olimlar yana ilm-ma’rifat gulxaniga o‘t qalab yubordilar. Xorazm yana olimlar yetishtira boshladi, yopilib qolgan ma’rifat darvozasi ochildi. Keling, kechagi kunni yodlab, bugungi kunni zaharlamaylik, imkoniyatlardan foydalanib qolaylik.
— Rost, men ham shul mulohaza bilan yo‘lga chiqishga majbur bo‘ldim, — dedi mehmon qalin qoshlarini kerib qo‘yib.
— Qayerda bo‘lsangiz ham xalifa hazratlari sizni toptirib keltirar edilar. Vaziri a’zam al-Afzal ibn Sahl janoblari ham sizni sabrsizlik bilan kutayotgan edilar.
— Ha, ul kishi Marv shahrida saroy vaziri bo‘lib turganlarida menga xayrixoh bo‘lib, kechalari mendan hind hisobini o‘rganur edilar. Shul sababdan bo‘lsa kerak, menga bir maktub yo‘llab, darhol poytaxtga yetib kelishimni iltimos qildilar. Shuning uchun to‘g‘ri kelib ul kishining huzurlarida bo‘ldim. Kechikib kelganim uchun norozi ekanliklari aftlaridan bilinib turar edi. Sir boy bermay, meni yaxshi qabul etib, ikki-uch kun o‘tmay alohida hovli topib berishni va’da qildilar. Hozir karvonsaroyda turibman.
— Menikiga ko‘chib kelaqoling. Siz uchun alohida xona bor.
— Tashakkur, sizni bezovta qilishni istamayman. Karvonsaroy hujrasida orom olib, o‘zimga kelib olay.
Ular allavaqtgacha gaplashib o‘tirib, o‘tgan vo¬qealarni esladilar.
Ma’munning otasi xalifa Horunarrashid o‘zining eroniy vaziri Ja’far ibn Yahyoni arzimagan bir gunohi uchun qatl ettirgan edi. Shundan keyin unga qarashli Eron va Xurosonda norozilik boshlanadi, u yer-bu yerda isyonlar ko‘tariladi. Horunarrashid ularni tinchitish uchun o‘zining eroniy joriyasidan bo‘lgan to‘ng‘ich o‘g‘li Ma’munni Marv shahriga — sharqiy viloyatlarning markaziga katta huquqlar bilan hokim qilib yuboradi. Ma’mun eroniylarga imtiyozlar berib, Xuroson va O‘rta Osiyoda yetishgan olimlarni o‘z atrofiga to‘play boshlaydi, har tarafdan ko‘hna kitoblarni toptirib, kutubxonasini boyitadi. Xorazmlik yosh olim Muhammad ibn Muso uning buyrug‘i bilan shar¬qiy Afg‘oniston, shimoliy Hindistonga borib, riyozat va astronomiyaga doir bir talay ilmiy asarlarni olib keladi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay Horunarrashid olamdan o‘tadi. U ikkinchi xotinidan bo‘lgan Aminni taxt vorisi qilib tayinlab ketgan edi. Otasining bu ishidan norozi bo‘lgan Ma’mun tishini tishiga qo‘yib sabr qilib turadi, sekin-asta turkiy xalqlardan askar to‘plab, poytaxt Bag‘dodni bosib olishga tayyorlana boshlaydi.
Ma’munga ergashib Dajla bo‘yiga kelgan Xolid ibn Abdumalik ko‘rgan-kechirganlarini bayon qilar ekan, Xorazmiyning ko‘zi o‘ngida dahshatli manzaralar birin-ketin o‘ta boshladi.
Bag‘dod shahri bo‘sag‘asidagi qonli janglar, shahar qo‘rg‘oniga shoti qo‘yib chiqayotgan qiyiq ko‘zli jangchilarning “urho-ur” deb qichqirishlari, u yer-bu yerdan ko‘tarilgan alangalar, ko‘ksiga nayza sanchilgan askarlarning ingrashi, ayollarning dod-faryodlari…
Nihoyat, xalifa Amin yengilib, shahardan qochdi. Uni tutib olib, akasi oldiga sudrab keldilar. Egnida yiltiroq po‘lat sovut, boshiga dubulg‘a kiygan aka qilichining dastasini changallab, darhol ukasining kallasini olishni buyurdi.
Ma’mun Pomir tog‘laridan Ispaniyagacha cho‘zilgan o‘lkalarga hukmdor bo‘lib, o‘zini xalifa deb e’lon qilganidan keyin  bir qo‘li bilan u yer-bu yerda boshlangan xalq qo‘zg‘olonlarini bostira boshladi, ikkinchi qo‘li bilan atrofiga olimlarni to‘plab, ilm-fan uchun ko‘plab mablag‘ sarf qilishga kirishdi.
Baytul-hikmat, ya’ni donishmandlar uyini tashkil qilib, hind, yunon, suryoniy tillarida yozilgan ko‘hna kitoblarni yig‘dira boshladi.

II

— Abu Abdulloh Muhammad ibn Musodek buyuk olimning qatorimizga kelib qo‘shilganidan behad mamnunmiz. Marhamat qilib Baytul-hikmat kalitini qo‘lga olsalaru hujralardagi kitoblarni tartibga keltirishga yordam bersalar, yosh olimlar va tolibul ilmlar u kishining maslahati bilan har ilmga doir kitob¬larni ayrim hujralarga joylab, ro‘yxatga olsalar… — deb gapida davom etdi, to‘rda, fil suyagidan yasalgan naqshli kursi ustida o‘tirgan Ma’mun. — Shoyi, atlas chopon, yupqa jun chakmon kiygan, boshlariga yumaloq oq salla o‘ragan olimlar katta uyning devori tagiga solingan ko‘rpachalarda qo‘l qovushtirib o‘tirar edilar. Ustidagi zardo‘z choponi ko‘zni qamashtiradigan oq yuzli, rangi toza xalifaning o‘ng tomonidan joy olgan al-Xorazmiy uning gapini ma’qullab, bosh egib qo‘yar edi.
— Marv shahridan sandiqlarda keltirilgan hind tilidagi asarlar tartbisiz holda. Ulardan eng muhimlarini arab tiliga tarjima qilishni Abu Abdulloh Muhammad binni Muso janoblariga, astrunumiyo va astruluxiyoga doir kitoblarni yunon tilidan tarjima qi¬lishni Yahyo binni Musoga topshirsak… — Yosh xali¬fa og‘zidan chiqqan ba’zi so‘zlarni tushunmay peshonalarini tirishtirib o‘tirgan yosh olimlarga qarab:— Yunoniylar astrunumiyo deb ilmul falakni, astruluxiyo deb ilmi nujumni aytadilar, astr — yulduz demakdir, — deb qo‘ydi.
Uning donishmandligini tan olgan olimlar indamay bosh egib qo‘ydilar.
O‘zidan uch yosh kichik bo‘lgan Ma’mun bilimdonligini ko‘z-ko‘z qilayotganligini fahmlagan al-Xorazmiy esa yerga qarab qoldi.

* * *
Baytul-hikmat kaliti qo‘liga tekkandan keyin al-Xorazmiy yosh olimlar bilan birga Hindiston, Eron, Iskandariyadan keltirilgan kitoblarni tartibga sola boshladi. U kechqurun charchab uyiga kelar, ovqatlanib, mizg‘ib olgandan keyin yarim kechagacha o‘tirib ishlar, hind tilidagi ko‘hna kitoblarni mutolaa qilar edi. Ikki-uch yil ichida baytul-hikmatdagi kitoblar joy-joyini topdi, shundan keyin u xotirjam bo‘lib, hind hisobi bilan shug‘ullana boshladi.
“Hindlar sonlarni raqamlar bilan yozishni kashf etganlar, ammo “1” sonining ahamiyatini tushunib yetmaganlar, — deb o‘zi bilan o‘zi gaplashar edi, besh sham o‘rnatilgan qandil yorug‘ida ishlab o‘tirar ekan u. — Axir ikki — ikkita bir, uch — uchta bir, to‘rt— to‘rtta bir va hokazo. Hindlar joriy qilgan to‘qqizlik sanoq tartibi bilan katta sonlarni qo‘shish, ayirish, ko‘paytirish va taqsim qilish amrimahol…”
Xorazmiyning xizmatiga doim tayyor bo‘lgan, ish buyurishini kutib uxlamay o‘tiradigan xizmatkori xo‘jayinining ba’zan yarim kechagacha o‘zi bilan o‘zi gaplashib ishlab o‘tirganiga hayron qolar: “Nega muncha o‘z joniga azob beradi-ya! Miyasi aynib qolmasaydi. Kunduz kunlari ishlagani yetmasmidi. Podsho shundog‘ ham unga maosh berib turibdi-ku!” — deb o‘ylar edi.

III

Tevarak-atrofdan dehqonlar, ko‘chmanchilar kelib, bozor qiladigan Dajla nahri bo‘yidagi qishloq Abul Abbosning o‘g‘li xalifa Mansur zamonida katta shaharga aylangan edi . Yuz ming qul ertadan-kechgacha ishlab xalila uchun shohona ko‘shk va saroylar, mulkdorlar, amaldorlar uchun baland g‘ishtin imoratlar, savdogarlar uchun mag‘ozalar  qurib, shaharni ikki qavat qo‘rg‘on bilan ixota etgan edilar. Keyin Dajla ustiga ko‘prik qurilib, so‘l qirg‘og‘ida katta bozor, usti yopiq rastalar vujudga keldi.
Xalifa Ma’mun erta bahorda boshlanadigan toshqindan keyin Dajla bo‘yidagi saroy bog‘iga chiqib istirohat qilar edi.
Shaharning shimol tomonidagi bu bog‘ qishin-yozin ko‘m-ko‘k xurmo, limun, shamshod va sarv daraxtlari bilan qoplangan edi. Xiyobonlarda nozlanib yurgan tovuslar rang-barang patlarini yoyib, o‘z go‘zalliklarini ko‘z-ko‘z qilar, daraxtlar tagida o‘tlab yurgan kiyiklar begona odamni ko‘rganda pishqirib, ko‘lankasi quyuq daraxtlar orasiga kirib ketar edilar.
…Yurt tashvishi, ulusning mojarosidan charchagan xalifa to‘lqinlanib oqayotgan Dajla daryosiga qarab, sozanda va xonandalarning xonishini tinglab o‘ziga keldi. Keyin yana yurt tashvishi yuragini kemira bosh¬ladi. “Bobak qo‘zg‘oloni borgan sari avj olayotir, boshqa elatlar ham ozariylardan o‘rnak olib, isyon tug‘ini ko‘tarmasmikinlar? Bizga qarashli mamlakatlarga fitna o‘g‘risi kirmayotganmikin?” deb o‘yladi u yuragi siqilib va darhol chopar yuborib, vaziri a’zamni o‘z huzuriga chorlatdi.
— Shahar tinchmi, yurt osoyishtami? Nima yangiliklar bor? — deb so‘radi u, saroy bog‘iga zudlik bilan yetib kelgan al-Fazlning salomiga alik olib.
— Poytaxt tinch, sizdan minnatdor bo‘lgan shahar aholisi duoyi joningizni qilib yotubdurlar.
Ma’mun, odat tusiga kirib qolgan bu gaplarni takrorlayvermang, degandek qovog‘ini uyib qo‘lini siltab qo‘ydi.
— Yuqoriga chiqib, yonimga o‘tiring, hech narsani yashirmay mamlakatning xorijiy va dohiliy ishlaridan meni xabardor qiling.
Soch-soqoliga oq oralagan bo‘lsa ham, hali tetik al-Fazl ibn Sahl qomatini tiklab, zinadan daryo bo‘yidagi shiyponga ko‘tarildi-da, o‘zidan ancha yosh xalifaning yoniga tiz cho‘kdi.
— Janoblariga tobe hukmdorlar o‘z vaqtida boj-hiroj to‘lab turibdurlar, — dedi u nafasini rostlab, — ammo O‘tror shohi itoat ipini uzib, o‘z vazifasini o‘tashdan bosh tortayotir.
— Ya’ni boj-xiroj to‘lagisi kelmayotir, a? Undog‘ bo‘lsa chorasini ko‘rish kerak.
Ma’mun oppoq qo‘lini keng peshonasiga tiraganicha o‘yga toldi.
— Afsuski hozir uning ustiga qo‘shin yubora olmaymiz, — dedi u bir ozdan keyin vazirga qarab. — Askarlarimiz ozariylar isyonini bostirish bilan ovora. Vaqtincha murosa yo‘liga o‘tish kerak. Hukmdor har vaqt qilich va qamchinni ishga solavermaydur, ba’zan itoatdan bosh tortgan tobelarini yaxshilik bilan yo‘lga solishga majbur bo‘ladur. Siz O‘tror shohiga sovg‘a-salom yuborib, “bir yillik xiroj seniki, kelasi yildan boshlab, o‘z vazifangizni o‘tashdan umidvormiz”, degan mazmunda maktub yo‘llang. Agar bir sanadan keyin ham oyog‘ini tirab turib olsa, unga qarshi qorluqlar xoni Jabg‘uni qayrab solurmiz, dushmanni uning g‘animi qo‘li bilan bartaraf qilmoq kerak. Xo‘sh, yana qanday yangiliklar bor?
— Turk Afshin ozariylar bilan Jang qilib, bir ming asir olibdur.
— Ofarin. Afshinni jangi jadalga” rag‘batlantirish kerak. Jang olib borgan kunlari unga o‘n ming dirham, urush bo‘lmagan kunlari ikki hissa kam maosh to‘lab turmoq zarur. Asir olingan o‘tparastlar bola-chaqalari bilan qilichdan o‘tkazilsin. Farmonimni yozib oling.
— Bosh ustiga, sizning har amringizga tobe, buyruqlaringizni bajo keltirishga tayyorman. Sizdek ulug‘ va adolatli xalifaga xizmat qilganim uchun o‘zimni baxtli sezaman. Himoyatingiz ostida ma’rifat kuchlari jaholat devoriga rahna solmoqda, ilmu fan rivoj topmoqda…
Vazirning xushomadgo‘yligi xalifaga erish tuyulsa ham, negadir undan yuragi orom olar edi.
Xalifa xalq qo‘zg‘olonlarini bostirish to‘g‘risida gapirayotganida qovog‘ini uyub mushtini qisar, olimlarning kashfiyotlari to‘g‘risida gapirayotganida yuzi yorishib, undan nur yog‘ila boshlar edi. Fursat topganida ilmi nujum bilan shug‘ullanadigan al-Fazl bu holni ko‘rib: “Ma’mun juda murakkab, bir-biriga zid xislatlardan tarkib topgan odam, — deb o‘yladi. — Unda nur va zulmat, latofat va kasofat bor. Shuni tan olish kerakki, u olimlarga homiylik qilib, ularni o‘z qanoti ostiga olgan, ahmoq hukmdorlargina ilm ahliga nisbatan adolatsiz bo‘ladilar”.
Shiypon yonida qad ko‘targan sarv daraxtlari uning ko‘nglidan o‘tayotgan fikrlarni ilg‘ab olganday bosh chayqab, shivirlashib qo‘yar edilar.

IV

Al-Xorazmiy o‘n bitta sham qo‘ndirilgan qandil yorug‘idan xontaxta ustiga egilib, mushkul bir hisob masalasini hal qilayotganida ko‘cha eshikni birov asta taqillatdi. “Kim ekan shu bemahalda kelgan?” deb, u qalamni dovot yoniga qo‘ydi-da, asta o‘rnidan turdi. Uning xizmatkori o‘z hujrasida xurrak otib uxlab yotar edi. Asta-asta qadam bosib, eshik yoniga keldi-da:
— Kim u? — deb so‘radi,
— Men — Feruz. Matkarim darvozabonning o‘g‘li.
Alloma o‘z yurtdoshi Matkarimni yaqindan tanir edi. Ovozi notanish yigitning yaxshi niyat bilan kelgani bilinib turardi. U eshikni ochib, ro‘parasida chor-paxildan kelgan qora chakmonli yigitni ko‘rdi.
— Assalomu alaykum!
— Yarim kechada nima qilib yuribsan? — dedi salomga alik olishni ham unutib qo‘ygan uy egasi.
— Boshpana izlab keldim… Sizdan boshqa panohimiz yo‘q… Qutqaring! — Yigit entikib gapirar edi.
— Ichkariga kir!
— Mening… sherigim ham bor, — dedi uzoqroqda iymanib turgan hamrohining qorasini ko‘rsatib.
— Kim u?
— Fo‘lodbekning qizi… Yoqutoy… Hayron qolganini yashira olmagan uy egasi:
— Iya! — deb yubordi. — Mayli, kiringlar! Mehmonxonaga kirib, ipak gilam ustiga o‘tirganlaridan keyin mezbon qora chakmon kiyib, yigit qiyofasiga kirgan oq yuzli, qora qosh qizga hayron bo‘lib qaradi.
U bir-birini sevgan bu ikki yoshning boshidan ko‘p mojarolar o‘tganini, boshqa joy topolmay unikiga qochib kelishganini angladi.
Es-hushini yig‘ishtirib olgan Feruz uy egasining unga mehribonlik bilan qarayotganini ko‘rgach, dadillanib voqeani bayon qila boshladi…
… U farg‘onalik Fo‘lodbekning o‘g‘li Hayot bilan tengdosh bo‘lib, ularnikiga tez-tez kelib turar edi.
Ulardan ikki yosh kichik bo‘lgan Yoqutoy akasi va uning qalin do‘sti Feruz bilan birga chillak o‘ynar, o‘q-yoy otishar, charchaganlaridan keyin hovli o‘rtasida qad ko‘tarib turgan hurmo daraxti ostiga solingan sholcha ustida o‘tirishib ovqatlanishar edi.
Yoqutoy qo‘rquv nimaligini bilmaydigan qiz bo‘lib, ba’zan o‘zi tengi o‘g‘il bolalar bilan olishib qolar, har safar ulardan ustun chiqar edi. Otasi uning jasurligidan mag‘rurlanib: “Bu mardlik unga mendan o‘tgan, asli o‘g‘il bo‘lib tug‘ilishi kerak edi-yu, adashib qiz bo‘lib tug‘ilgan”, deb qo‘yar edi.
Feruz bilan bu qiz o‘rtasidagi do‘stlik bora-bora boshqacha tusga kira boshladi. Ular bir-birlarini ko‘rganda suyunib ketar, boshlari osmonga yetgandek bo‘lar edi. Otasi esa qizining husni ochilib ketayotganini ko‘rib, xursand bo‘lish o‘rniga vahimaga tushar, “uning ta’rifi saroygacha borib yetmasaydi”, deb qo‘rqar edi. O‘sha vaqtda haramga Bag‘dodning eng chiroyli qizlarini kanizak qilib olar edilar.
“Feruz es-hushli, uddaburro yigit, kiroyi kuyoving shunday bo‘lsa, — deb o‘ylar edi Fo‘lodbek. — Otasi ham o‘ziga to‘q odam, katta maosh oladi”.
Ko‘rinishdan musulmon odamga o‘xshagan bu odam asli zardushtiy bo‘lib, kecha-yu kunduz yaxshilik xudosi Ormuzddan bola-chaqasiga baxt-saodat tilar edi. Ba’zan parda bilan yopib qo‘yilgan tokchani ochib, yog‘ochdan yasalgan, ustiga qimmatbaho toshlar qadalgan haykal oldiga sham yoqar, unga bosh egib, pichirlab duo o‘qir edi.
“Ey odamlarga mehr-shafqatli bo‘lgan yaxshilik xu¬dosi, biz musofirlarni balo-qazodan asra, bolalarimga baxt ato qil!” deb yalinib-yolvorar edi. Biroq uning duosi darrov ijobat bo‘lmasdi.
Yoqutoy o‘n oltiga to‘lib o‘n yetti yoshga qadam qo‘yishi bilan husni ochilib, uning doyrug‘i saroygacha borib yetdi. Ularning uyiga haram bekasi kelib ketganidan keyin Fo‘lodbek o‘zini qayerga qo‘yishini bilmay qoldi. Ko‘p o‘tmay podshoning shaxsiy mulozimi Hojib uni dargohiga chaqirtirdi.
— Hojib sizni nega chaqirtirgan ekan? — deb so‘radi xotini u saroydan qaytib kelganidan keyin. Qovog‘idan qor yog‘ib turgan Fo‘lodbek chakmonini qoziqqa ilib qo‘ydi-da, “uh” deb ko‘rpachaga o‘tirdi.
— Haram bekasi uyimizga kelib ketganidan keyin nima gap bo‘lardi, — dedi oldiga qo‘yilgan bir piyola muzdek sharbatni ichib. — Yonimga o‘t’ir, gapimni eshit. Men Hojibning huzuriga kirib, ta’zim qilganimdan so‘ng: “Boshingga baxt qushi qo‘ndi, Fo‘lod¬bek, — dedi. — Podshohi a’zam qizing Yoqutoyning ta’rifini eshitib, uni amirlashkar Afshin ibn Qorus janoblariga in’om qilmoqchi bo‘ldilar. Shundog‘ ulug‘ odamga qaynota bo‘lib, qo‘yin-qo‘njing tilloga to‘ladigan bo‘ldi”, dedi. Men bosh egib qo‘ydimda, odatdagidek, podshoning amri vojib, dedim. Eshitishimcha, Afshinning uch xotini bor ekan. Qizimiz sho‘rlik, hasaddan yonib turgan uch kundosh orasiga tushadigan bo‘ldi. Zardushtiylarning ashaddiy dushmani Afshinga qizimni bergandan ko‘ra o‘lganim yaxshi! Yo‘lda kelaturib, qizimizni Feruz bilan qovushtirib qo‘ymaganimga achindim. Keyin o‘ylab-o‘ylab, haliyam vaqt o‘tgani yo‘q, deb qat’iy bir qarorga kelib qo‘ydim. Shu bugunoq pirimiz Egamberdini uyga chaqirib kelib, zardushtiylar odatiga muvofiq ma’bud oldida nikoh o‘qitamiz.
Katta to‘y berib qizini uzatmoqchi, orzu-havasini ko‘rmoqchi bo‘lgan ona, tiz cho‘kib, ikki qo‘li bilan yuzini berkitib yig‘lay boshladi.
— Ha, nima bo‘ldi? Nega yig‘layapsan? — deb o‘shqirdi er g‘azablanib.
— Yo‘q… o‘zim… Siz ham tomdan tarasha tushgandek, hech kutilmagan gapni aytib, meni esankiratib qo‘ydingiz.
Eshik orqasida turgan Yoqutoy ularning gapini eshitib behad quvonib ketdi, quloq solayotganimni ko‘rib qolishmasin, deb o‘zini darhol panaga oldi.
Er-xotin maslahatlashib o‘tirganlarida Feruz salom berib kirib keldi.
— Farishtalar haydab keldi seni, — dedi uy egasi quvonib. — Hozir seni yo‘qlab turgan edik. O‘tir, hayrli bir gap bor. — U xotiniga yuzlanib buyruq berdi. — Sen oshxonaga yugur, o‘choqqa olov yoq, osh damla. Uyda et bormi?
— Ha, bor. Bir lagan osh uchun masallig‘ topiladi!
…Goh qovog‘ini uyib, goh kulimsirab quloq solib o‘tirgan al-Xorazmiy Feruzning keyingi so‘zlarini eshi¬tib behad quvondi.
— Fo‘lodbek jasur odam deb eshitgan edim, rost ekan, mard odamning ishini qilibdur, — dedi u kulib.— Sen, Feruz, mening o‘g‘limsan, Yoqutoy — qizim. Mana uy, mana joy. Tap tortmay menikida turaveringlar. Otangiz uchun qo‘rqmang, agar u xalifa-ning g‘azabiga uchrasa, qutqarib qolish qo‘limdan keladur.
Bir-birini sevib qovushgan ikki yoshga boshpana berganidan u mamnun, podshoning iltifotidan mahrum bo‘lishdan qo‘rqmas, xayrli ish qilishni ta’magirlikdan ustun qo‘yar edi. Husnlari guldek ochilib ketgan ikki yoshning yuzlaridan yog‘ilayotgan yog‘du huvillab qolgan uyini nurga to‘ldirgandek bo‘ldi.

* * *
— Biz amirlashkar Afshin Haydar ibn Qorusga tengi yo‘q go‘zal bir qizni in’om etib, uni xursand qilmoq niyatida edik, niyatimizga yetolmadik, — dedi sakkiz qirrali oltin taxt ustida viqor bilan o‘tirgan Ma’mun, ro‘parasida tiz cho‘kkan vazir al-Fazlga qarab. — Ammo qizning otasi Fo‘lodbek taklifimizni rad etib, qizini bir yigit bilan qochiribdur. Biz mirshablar yuborib uni hibsga oldirdik. Shunisi qiziqki, uyida yog‘ochdan yasalgan bir ma’bud bor ekan.
—Zardushtiy ekan-da. Ehtimolki, shuning uchun qizini otashparastlar dushmani Afshinga berishni istamagandir, — dedi al-Fazl, negadir hayajonlanib.
— Shundog‘. Fo‘lodbek qizi bilan yosh kuyovini kimnikiga yashirgan deb o‘ylaysiz?
— Farg‘onalik do‘stlarining biri kuyovi bilan qiziga boshpana bergandir-da!
— Topmadingiz, — deb kuldi Ma’mun. — Ular al-Xorazmiyning uyida berkinib yotgan ekanlar. Muhammad ibn Muso kuni kecha kelib o‘zi aytdi, Fo‘lodbekni zindondan chiqarib, yoshlarning gunohini kechirishni so‘radi. Men uning iltimosini qabul etib, xursand qilib yubordim. ;
— Olijanoblik qilibsiz, — dedi al-Fazl mamnun bo‘lganini yashira olmay. Keyin noqulay ahvolga tushganini yashirish uchun gapni boshqa yoqqa burdi. — Farg‘onayu Xorazmdan ko‘chib kelgan turkiy xalqlar orasida majusiylar ko‘p. Ular masjidga chiqib namoz o‘qib tursalar-da, uylarida oltin ma’budga topinadurlar.
— Biz majusiylikni bartaraf qilishimiz lozim. Qo‘l qovushtirib, qarab turaversak, ular Shamosiya tepaligida otashkada qurib, uni mug‘tepaga aylantiradilar.
Al-Fazl bir vaqtlar Xurosonda zardushtiylarning ibodatxonasini ko‘rgan edi. To‘rtburchakli hovli o‘rtasidagi usti yopiq bino, besh zina bilan pastga tushiladigan otashkada, o‘rtada yonib turgan olovga xushbo‘y giyohlarni tashlab, duo o‘qiyotgan oppoq soqolli pirimug‘on ko‘z oldida jonlanib, seskanib ketdi.
— Rost aytadurlar, zardusht diniga barham bermoq kerak. Uning ta’siri ostida bo‘lgan turkiy xalqlar arablarni yomon ko‘radurlar, ba’zan ko‘cha-ko‘ylarda to‘qnashuvlar bo‘lib turadur.
— Hammasidan xabarim bor, — dedi Ma’mun qovog‘ini uyib. — Ammo turkiy xalqlar bizning tayanchimiz. Notinch arablar u yer-bu yerda isyon tug‘ini ko‘targanlarida ularning yordami bilan tartib o‘rnatamiz. Shuning uchun bu masalada ehtiyotkor bo‘lmoq kerak. Agar al-Xorazmiy o‘z yurtdoshlariga pand-nasihat qilib, arablar bilan to‘qnashib turishning oqibati xunuk bo‘lishini yoshlarga tushuntirib tursalar, yaxshi bo‘lur edi. — U vazirining yuzida norozilik alomati paydo bo‘lganini ko‘rib, o‘z fikridan qaytdi. — Yaxshisi, bu ishga ulug‘ allomani aralashtirmaganimiz ma’qul. Hozir u zot hind hisobini mukammalashtirish ustida bosh qotirmoqdalar. Bu ishni o‘zimiz bartaraf qilganimiz yaxshi. — Ma’mun xufya ishlar bo‘yicha vaziri bo‘lgan Mahmud ibn Yahyoga bu haqda topshiriq berish, poytaxtdagi majusiylarni ro‘yxatga olib, ularga qarshi zimdan chora ko‘rish kerakligini ko‘nglidan o‘tkazib qo‘ydi.

Asarning to‘liq variantini saqlab oling