Matluba Yusuf Oxun. Xotin (hikoya)

Zaynab yengi uzun ko‘ylagini hilpillatib izdihomdan qaytar ekan, mahalla guzaridan chiqib kelayotgan oq rangli “Neksiya”ni ko‘rib yuragi shig‘illadi. Ko‘chani shitob bosib o‘tib tor yo‘lakka qisildi. Mashina o‘tib ketgachgina yo‘lida davom etdi. Keta-ketguncha yuragi to‘liqib, ko‘zlaridan yosh quyildi. Uyiga kelgach qo‘lidagi tugunini qo‘ymay turib, ayvon devoriga osilgan oynaga o‘zini soldi. Qirq besh yoshlardagi go‘zal ayol boqib turardi ko‘zguda. Faqat ro‘mol chetidan ko‘rinib turgan sochlari oqargan, ko‘zlari ma’yus. Battar xo‘rligi keldi. Alamidan tugunini so‘ri chetiga uloqtirdi.
– Ayajon, yig‘ladingizmi?
Cho‘chib ortiga o‘girildi. Beg‘ubor yoshligini eslatuvchi durkun qiz unga chaqnab qarab turibdi. Darrov ko‘zlarini ishqaladi.
– Yo‘g‘-ey. Tez yurganimdan terlab ketdim, – yolg‘on to‘qidi qiziga.
– Kiyimlaringizni almashtirib ozgina dam oling, men ungacha mollarga o‘t solib kelaman. Hasan-Husanlar dadamning yoniga ketdi, – Zamira shunday dedi-da, chaqqon yurib ketdi.
Zaynab o‘zining ust-boshiga qaradi. Almashtirishga loyiq emas, aslida. Ikki yildan buyon to‘y-to‘rkinga avaylab kiyib kelayotgan yaltiroq matodan tikilgan uzun ko‘ylak, dadasi tug‘ilgan kuniga sovg‘a qilgan yumshoq ro‘mol, o‘tgan yili sut sotib to‘plagan puliga olingan yengil poyafzal. Qo‘shni xotinlar bunaqa kiyimlarni huv anuv tomorqasiga kiyib yurishibdi, ammo Zaynab unday qilolmaydi. Bariga mana shu savil qolgur go‘zalligi sabab. Bilib aytishgan ekan, chiroy boshga balo deb.
Zaynab qishloqning eng go‘zal qizi edi. Ortidan yurmagan, oshiq bo‘lmagan yigitning o‘zi yo‘q. Hatto shundoq qishloq chegarasiga ulashib ketgan katta shaharlik yigitlar ham unga mahliyo.
– Uf-f! Seni deb tashvishim ko‘paygandan-ko‘payapti, – onasi kunda bir javrab oladi. – O‘qishingga to‘g‘ri borib, to‘g‘ri kel. Odmiroq kiyin. Aks holda dadang uyga qamab, ostona hatlatmaydi. Eson-omon egangga topshirib olaylik.
Onasi bekorga vahima qiladi-da. Axir ortidan kelbatidan ot hurkadigan ikki akasi poyloqchi-ku? Ular yetmaganday, ammasining o‘g‘li ketidan soyaday poyloqchilik qiladi. Ba’zan chiroyidan g‘ururlanadi, ba’zan esa xafa bo‘lib ketadi. Aytishlaricha, bunday go‘zallik unga katta buvisidan o‘tgan emish. Dadasi bundan juda faxrlanib gapiradi:
– Enamiz aslzodalarning avlodidan bo‘lgan. Dadasi Xudoyorxonning saroyi­da xizmat qilgan. O‘sha zamonda ham katta buvingning xaridorlari mingta bo‘lganmish. Axiyri yer-suvlari ko‘p boyga kenja xotin qilib berishgan ekan.
– Nafasingizni yel olsin. U zamonlar o‘tib ketdi. Oilam, bolam-chaqam deydigan esli-hushli yigit bo‘lsa o‘ylanib o‘tirmay berib yuboraman, – onasi dadasini tergab qoladi.
Zaynabga na dadasining maqtanishlari, na onasining kuyunishlari yoqadi. Yana bir yoqmagani – qadamida so‘roq-savol:
– Qayerga bording? Kim bilan kelding?
Shuning uchunmi, qiz paytidayoq bu go‘zallikdan zada bo‘lgan. Dugonalari unga havas qilgani battar jahlini chiqarardi. Lekin shuncha odamlar orasida ammasining o‘g‘li Sobir boshqacha. Yumshoq gapiradi, ko‘ngliga qaraydi. Uning Yo‘ldosh degan o‘rtog‘i bor. Ikkalasi doim birga yuradi. Zaynablarnikiga ham bemalol kelib-ketadi. Shuning uchunmi, uyidagilari tergamaydi, Zaynab bu yigitlar bilan bemalol gurunglasha oladi.
Bir kuni Yo‘ldosh gap topib keldi:
– Zaynab, narigi mahalladagi Kozim bor-ku. Sheppovurning o‘g‘li, shu ustingdan garov bog‘labdi.
– Garov? Nima deb? – Zaynabning ensasi qotdi.
– Seni olarmish. Undan boshqasining duxi yetmasmish.
– Esini yebdi. Dadam eshitsa tilini uzadi, – deya Zaynab katta ketdi.
– Menimcha unday emas! – negadir Yo‘ldosh ma’yus edi. – Kozimning dadasi rayon­dagi manaman deganlarning xizmatini qiladi. Puli ko‘p. Oshna-og‘aynilari ham. Birorta kattakon dadangga “qizingizni shuning o‘g‘liga bering” desa, noiloj ko‘nadi-da!
– O‘la qolsin! U Kozim deganlarini bangi deyishadi-ku? – Zaynab hamon beparvo edi. – Hamma biladi, dadam shunaqa bolaga meni loyiq ko‘rmaydi.
– Menga loyiq ko‘rarmidi? – dabdurustdan Yo‘ldoshning bu savolidan qizning ko‘zlari chaqnadi. Hatto bir zum anqayib qarab qoldi. So‘ng esa xaxolab kulib yubordi:
– Sengami? Voy, o‘lib qolaman.Tuya hammomni orzu qilibdi-da!
Yo‘ldoshning rangi oqardi. Shartta o‘girildi-da, achchig‘i bilan ketib qoldi. Shu ko‘yi ularnikiga butunlay kelmay qo‘ydi. Zaynab avvaliga biroz diqqat bo‘ldi, keyin ortiqcha e’tibor qaratmadi.
Keyin rostdan ham uni Kozim deganlariga turmushga uzatishdi. Zaynab boshida biroz yig‘i-sig‘i qildi. Kuyov tomondan kelgan antiqa sarpo, zeb-ziynatlarni ko‘rgach, ularga quvonib tegib ketaverdi. Qancha yigitlar kuyib qolaverdi.
Eri o‘ta rashkchi edi. Ostona hatlab ko‘chaga chiqarmasdi. Ammo Zaynabni o‘zi istaganicha ahmoq qilardi. Kelinlik paytida ertadan kechgacha xuddi qo‘g‘irchoq o‘ynagandek o‘n xil kiyinishga majbur qilardi. Bu ham yetmagandek u yoq-bu yoqqa yurgizib ustidan pul sochardi. Zaynabga bunaqa bachkana qiliqlar yoqmasa-da, erining aytganini bajarishga majbur edi. Bunday tomoshalar qizi tug‘ilgunicha davom etdi. Zamira tug‘ilgach esa:
– Sen meni yaxshi ko‘rmaganmiding hali? – deya urishni odat qildi. Chiroyli yuzlari kaltak zarbidan ko‘kardi.
– Anov maymoq Karimning xotini polvonday o‘g‘il tug‘ibdi. Chunki u erini yaxshi ko‘rgan. Sen-chi, sen! – Kozim bo‘kirgandan bo‘kirardi.
Qani bu badqovoq erga javob aytishga yurak bo‘lsa? Kaltagini yeb qolaverardi. Bunday azoblar qizi ikki yoshga to‘lguncha davom etdi. Bir tomonda uy qamog‘i, ikkinchi tomondan erining bema’ni bachkana qiliqlari jonini hiqildog‘iga keltirsa-da, tilini tishlab yashashga mahkum edi. Negaki, ota-onasi: “Uyga qaytib kelishni xayolingga keltirma, er degani shu bo‘ladi, chiqqan qiz chiydan tashqari”, deb har borganida qattiq-qattiq uqtirardi.
Ovsinlari yasanib hali u to‘yga, hali bu bazmga ketar, u esa mo‘ltirab qolaverardi. So‘ng esa o‘zini o‘zi yeb ado bo‘lardi:
– Ajab bo‘pti, chiroyimga ishonib mana shunaqa dabdabalarni istadim. Bu kunimdan o‘lganim yaxshi. Bunaqa boyga tekkandan birorta ketmonchiga tekkanimda erkinroq yasharmidim? Yoki anovi Yo‘ldoshga tekkanimda ham baxtli bo‘larmidim?”
Ba’zan xo‘rligi kelganida qizini quchoqlaganicha o‘ziga o‘zi gapirib yig‘lab o‘tirardi. Ana shunday azobli kunlarda eri isitmalab yotgan bo‘ldi-yu tuzalmas kasalga chalindi. Kasalxonadan beri kelmay qoldi. Kimdir u dedi, kimdir bu dedi. Ammo tuzalish o‘rniga battar og‘irlashdi. Baribir ko‘z ochib ko‘rgan eri ekan, yuragi achidi. O‘sha yomon erni ham sog‘inishi mumkinligini his qildi. Yoniga borishga otlandi necha bor. Ammo qaynotasi ruxsat bermadi:
– Kozim “kelmasin” deyapti. Borganingiz bilan tuzalib qolarmidi? Uyda o‘tiravering!
Dami ichida, so‘zsiz bosh egdi.
– Bangiligi boshiga yetdi eringizning! Endi sal yengil nafas olib yashayvering, tuzalishi dargumonmish, – katta ovsini unga hamdard bo‘lgandek gapirdi.
– Unaqa demang! Ming qilsa ham qizimning otasi, iloyim tuzalib ketsin! – Zaynab erining tarafini oldi.
– O‘la qolsin. To‘g‘ri aytishgan mashoyixlar, dunyoda bitta malika bo‘lsang ham bitta jinni erkakning qulisan deb. Shunga loyiqsiz shekilli, ovsinjon?
Zaynab tabiatan gapdon emasdi. Shu bois, ovsiniga qanday javob aytishni bilmagani uchun indamay qolaverdi. O‘gay onaning qizidek dovdiradi, bu xonadonda. Eng yomoni, qaynakalari u yoqqa o‘tsa ham, bu yoqqa o‘tsa ham qoshini uchirib, gap tashlashardi. Qo‘rqqanidan uy ichidan chiqmay o‘tiradigan bo‘ldi. Iloji boricha ro‘molga o‘ranib yurardi. Bir kuni tunda xonasida birov yurgandek tuyulib uyg‘onib ketdi. Shartta o‘rnidan turib chiroqni yoqdi. Hech kim yo‘q. Biroq eshigi qiya ochiq edi. Darhol derazadan mo‘raladi. Qaynakasi hovlida aylanib yurgan ekan. Yuragiga battar vahima tushdi. Ertasiga qaynonasidan ruxsat so‘radi:
– O‘g‘lingiz tuzalguncha uyda, ota-onamning yonida yashab tursam maylimi?
Qaynonasi bu xonadonga yarashgan tarzda, yaxshi ayol edi:
– Mayli, uch-to‘rt kun turib keling. Kozimjonga o‘zim tushuntiraman.
Xursandligidan yettinchi osmonga uchgandek bo‘ldi. Shosha-pisha yo‘lga tushdi.
– Sen qanday qizsan, ering kasal bo‘la turib, bu yerga kelibsan! – onasi eshikdan kirar-kirmas tergab qoldi. – Ko‘proq o‘shalarning ishini qilib, o‘tidan kirib kulidan chiqishing kerak.
Zaynab ichidagi gaplarni onasiga til kelib ayta olmadi. Faqat:
– Qaynonam o‘zi ruxsat berdi, – dedi.
– Bo‘pti, buguncha qol, ertaga ketarsan!
Zaynab o‘z uyida maza qilib uxlashi mumkin bo‘lgani holda tuni bilan o‘ylanaverib uyqusi qochdi. Aytay desa opasi yo‘q, singlisiga dardu hol qilgani bilan tushunmaydi. Aka-ukalariga til yorolmaydi…
Tong otishi bilan onasi tandirga o‘t qaladi:
– Yog‘li patir yopaman, somsa ham qilyapman. O‘zim seni olib borib tashlab kelaman.
– Yo‘q, ketmayman, erim tuzalguncha shu yerda qolaman! – dedi uyqusizlikdan qizargan ko‘zlari yoshga to‘lib.
– Bekorginani aytibsan. Ering kasal holida ham erkak. Bu yerdaligingni bilsa ming shubhaga tushadi, – onasi aytganidan qolmadi.
– U yerda-chi? Akalarining g‘alati qarashlaridan bezib ketdim! – Zaynab alamidan ichidagi vahimasini ochiq aytdi.
Onasi “yalt” etib unga qaradiyu, darrov jiddiylashdi:
– Sen juvonmarg, o‘zing shunaqasan. Chiroying ham qurib ketsin. Bo‘l tezroq, tayyorlan, ketasan!
Ona-bola katta savatni ko‘tarib erining uyiga yetib kelganlarida esa darvoza oldida odamlar gavjum edi.
– Kozimjon uzilib qolibdi! – qo‘shni ayolning pichirlab aytgan bu xabari Zaynabning qulog‘ini qomatga keltirdi go‘yo. Dod solib hovliga kirib bordi. Kelinlik uyining o‘rtasidagi divanda eri yotardi. Yuzi oq durra bilan yopilgan ekan. Uvvos solib yuzini ochishga urindi, biroq qaynonasi to‘xtatdi:
– Endi nomahramsiz, qaramang unga!
Chetga o‘tib yig‘layverdi, yig‘layverdi. Necha kungacha gung-soqov bo‘lib, osh-non yemasdan yig‘layverdi. Axiyri yotib qoldi.
– Oborib qaratinglar. Keyin kelar, – bu gal qaynotasi ruxsat berdi.
Uyiga kelgach ham hadeganda tuzalavermadi. Eriga kuyib bemor bo‘ldimi yoki bundan keyingi taqdirining qorong‘iligidanmi, o‘zi ham tushunmasdi. Ammo yuragida anglab bo‘lmas hadik bor edi.
– Quda tog‘a, endi el-yurt oldida opketmasak bo‘lmaydi, – bir kun katta qaynakasining ovozi eshitildi tashqaridan.
– Borib nima qildi, eri bo‘lganida boshqa gap edi, – dadasi ro‘yxushlik bermadi.
– Idda saqlashi kerak, shariat bo‘yicha. Buning ustiga ukamizdan yodgor bitta bola bor, – qaynakasi salmoqli javob berdi. – O‘zimiz qaraymiz. Zaynabxon ham singlimiz. Tengi chiqsa, balki, uzatarmiz. Dadam shuni istayapti.
– Rahmat qudalarimga, shunchalik jon kuyiktiribdi. Ammo… Bir-ikki kundan keyin o‘zim oboraman, – onasi dadasini bosib javob qaytardi. – Xijolat bo‘lmanglar.
Shu kuni uyida qiyomat janjal bo‘ldi. Dadasi bilan Zaynab bir taraf, aka-ukalari bilan onasi bir taraf. Oxir-oqibat ranglari so‘lisa-da, chiroyi boya­gidek yarqirab turgan Zaynab qaynota eshigiga qaytdi. Kunlari ham, tunlari ham qo‘rquvda, xuddi bo‘ridan qo‘rqqan qo‘zichoqdek titrab-qaqshab o‘tardi. Dam u qaynakasi, dam bunisi unga mehribon bo‘lib qolardi. Zaynab esa qaynonasining pinjiga tiqilgani-tiqilgandi.
Har narsaning chegarasi bor. Zaynabning ham sabri tugadi. To‘g‘rirog‘i, qaynakasi ostonasini hatlab o‘tmoqchi bo‘lgan tunda yuz berdi. Zaynab qizini bag‘riga bosganicha burchakka qisilib oldi. U g‘addor kirib ulgurmovdiki, tashqaridan qaynotasining ovozi keldi:
– Kim u?
Qaynakasi “ship” etib qorong‘ilikka o‘tib oldi. Qaynotasi uning xonasiga yaqin keldi. Zaynab shoshib o‘rniga borib yotib, o‘zini uxlaganga soldi. Hammayoq tinchigach esa bolasining kiyimlarini bir tugunga joyladi-da, bu uydan qochdi.
– Seni tug‘may men o‘lay, nega o‘g‘riga o‘xshab kechasi qochasan? Dardingni aytib, kunduzi qaytib kelsang bo‘lmaydimi? – onasi har doimgidek uni tushunmasdan dod soldi. – Nomuslarga o‘ldirasan sen bizni.
Kim nima deb o‘ylasa endi Zaynabga farqi yo‘q edi. Ustidan tegirmon yurgizishsa ham erinikiga qaytmaydi. Shunday ham bo‘ldi. Qaynotasi darg‘azab holda kelib rosa qarg‘adi. Qaynakalari yana olib ketishga urinishdi. Biroq bu safar Zaynab qattiq qarshilik qildi.
– Bitta shart bilan bu uyda qolasan! – katta akasi unga musht do‘laydi. – Iddang tugashi bilan choldan xaridor chiqsa ham erga beraman!
– Nima desangiz roziman! – Zaynab alam-achchiqda rozi bo‘ldi.
Sovchilar ko‘p keldi. Aksariyati “qizini tashlab ketsin” degan shartni qo‘yishdi. Hozirgi eri esa “bolasi uchun olaman” degan gapni aytdi. Zaynab o‘ylab o‘tirmay rozi bo‘ldi. Chunki ota uyiga sig‘may qolgandi. Hali onasi, hali aka-ukalari arzimagan narsadan janjal chiqarib, uning ustiga bo‘htonlarni ag‘darishdan charchashmasdi. Hamma ishning boshida onasi turgach, yolg‘iz dadasining qo‘lidan nima kelardi?
Xullasi, erini uning uyiga kelgach ko‘rdi. Basavlat, suyagi buzuq, qo‘polgina. Mashina tuzatadigan usta ekan. Ertadan-kechgacha qoramoyga belanib yuradi. Gap­lari ham muloyim emas. Dastlabiga Zaynab uni tanlaganiga afsuslandi. Ba’zan tunlari uyg‘onib ketar, yonida yotgan eriga qarab bu uydan uzoqlarga qochib ketgisi kelardi. Biroq birinchi erining kaltaklari esiga tushgach, bunisining fe’l-atvoriga, yurish-turishiga ko‘nikishga urindi. Uni urib-so‘kmasa, qiziga mehribon bo‘lsa, yana nima kerak? Ko‘ngilga bitta urib, sabr bilan yashayveradi-da.
Asta-sekin ikkinchi turmushiga ko‘ndi. Hatto, undan Xudoyim berib, Hasan-Husan farzand ko‘rdi. Egizaklarini bag‘riga bosa turib, rahmatli eri Kozimni esladi. Erini yaxshi ko‘rgan xotinlar o‘g‘il tug‘armish. Nahotki, qoramoyga belanib yuradigan erini yaxshi ko‘rgan bo‘lsa?
…Mana, ro‘zg‘orga o‘ralashib yillar o‘tayapti. Bir kun uch bolasini yetaklab ota uyidan qaytayotganida yonidan mashina o‘tdi. Changida qoldi. Ichida astoydil koyindi. Xuddi uni eshitib qolgandek mashina nariroqqa borib to‘xtadi va haydovchi boshini chiqarib:
– Opa, uzr, ko‘chamiz ja chang-da! – dedi.
Va har ikkisi qotdi-qoldi. Chunki rulda Yo‘ldosh edi. Zaynab beixtiyor u tomonga qarab yurdi. Mashina oldiga kelgach, ichkariga ko‘z qirini tashladi. Qorato‘ridan kelgan, chiroyi ham uncha ko‘zga tashlanmaydigan ayol antiqa ko‘ylakda sollanib o‘tiribdi. Xotini!
Yo‘ldosh qayta gapirmadi. U ham boshqa qaramadi. Shu kuni uyiga kelib rosa to‘lib-toshib yig‘ladi. Ko‘ngli bo‘shagach, ko‘zgu oldida o‘tirib astoydil pardoz qildi. Porillab ketdi. Va bu go‘zalligini eridan avval qo‘shni erkak sezdi: “Zay­nabxon, qaniydi sizday xotinim bo‘lsa?” desa bo‘ladimi?
U xuddi birov orqasiga tepganday uyiga qochdi. Anchagacha o‘pkasini bosa olmadi. Keyin esa… har kuni yasanib yuradigan bo‘ldi. Eri xursand edi.
– Onasi, bundoq o‘zingga qarab yursang bo‘larkan-u?
“Go‘l bo‘lmay o‘l!” – dedi ichida. Qo‘shni erkakka nozlanib qaraydigan bo‘ldi. U ham bemalol eshikdan kirib keladigan odat chiqardi. Bir kuni esa o‘sha erkakning balog‘atga yetib qolgan Zamiraga suqlanib qarayotganini ko‘rib qoldi. Naf­rati tomog‘idan toshib tiliga ko‘chdi:
– Bu yer sizga karvonsaroymi? Kambag‘al bo‘lsak balomi, bizning ham darvozamiz bor!
Qo‘shni erkak hushyor tortdi. Zaynab esa darhol Xudoyimga tazarru qildi. Axir, xiyonatga bir qadam qolgandi. Astag‘furilloh! Qiziga yaxshiroq qaramabdi-ya? Katta bo‘lib qolibdi. Onasiga o‘xshab chiroyli bo‘lmasa-da, durkungina. Sal qolsa uning baxtiga zomin bo‘lardi.
Yana eski ko‘ylagiga burkandi. Pardozni unutdi. Chiroyini ham.
Bugun yo‘lda kelar mahal oq “Neksiya”dan bekorga qochmadi. Bu o‘sha – Yo‘ldosh. Qaragani bilan endi hammasi befoyda. U begona, bu begona. Ko‘zguga termilgani ham befoyda. Chiroylimi, go‘zalmi, xotin. Qoramoyga belangan bir erkakning xotini…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 6-son