Komil Avaz. Yoqut momo (hikoya)

1

Yoqut momoni el-elat oddiygina qilib Yoqit momo, deydi. Lekin biror marta u nega meni javohir – Yoqut emas, oddiygina Yoqit deb atashadi, deya xayollanmagan. O‘ziyam ismi jismiga mos, oppoq yuzlariga yarashgan ko‘kish ko‘zlari hozirda xiyol nursizlangan esa-da, haliyam quvonch chog‘laridagi jilolanishi odamlarni mehrivor qiladi.

Momoning mahalla-ko‘y to‘ylarida kayvonilik qilib huzurlanishi ham bor. Qiz-juvonlarga pand-nasihatlar qilib erkalanishi ham yo‘q emas. Yomon yashamadi. Bovasiyam gap-so‘zi o‘rnida, aql-hushli odam edi. Nevara-chevarali bo‘lishgach, turmush o‘rtog‘iga bova deyishni odat qildi. U esa shu uyga kelin bo‘lib kelganidan beri Yoqitni “kampir” deb atashni xush ko‘rardi. Yoqit momo shularni xayol qilar ekan, chuqur entikdi. “Har kemaning bir davroni”, deganlariday eri bilan yashagan o‘sha fayzli damlarni hamon qo‘msaydi. Keyingi bir-yarim yil ichida oila qo‘rg‘onida o‘rni yo‘qolib borayotganiga ich-ichidan eziladi.

Ko‘ngli xijilligini birovga aytib dodlagisi kelyapti uning. Uch-to‘rt kun bo‘ldi, xastalanib, kechalari xo‘rsiniqli tarzda yo‘talishi ko‘nglini cho‘ktiryapti, hayot ko‘ziga berang. Biroq u shu oqshom betobligidan ham ko‘ra, dil bezovtaligidan to‘lg‘anib chiqdi. Kunduzi yaxshi ko‘rgan kelini chegaradan chiqib, ichkari xonada o‘g‘lini koyidi, lekin momoning nazarida, yuragiga palaxmon toshini otdi.

– Yotib yeganga tog‘ chidamas! Ullivilon[1] bolasan, ko‘cha changitib, itdin chopqiliyvarincha, mollara o‘t solsang, suv barsang bo‘lmiydimi, juvoramak![2] Dadangni-ku, ro‘zg‘or bilan ishi yo‘q! Bir man bu uyda jon kuydiraman, sochim supurgi, qo‘lim kasov!

“Uri yo‘qni – o‘rni yo‘q ekan-da, qaridim, ro‘zg‘orga nafim tegmayapti”. Kelinning nevaraga aytgan bu achchiq dashnomini ho‘l o‘tinning tutuni yanglig‘ o‘ziga tortganidan avvaliga biroz xijillangan momo: “Balki kelin eri bilan aytishib qolgandir. Bu achchiq gaplarni ro‘zg‘orni qayg‘urib aytgandir. Nega uning achchiq gaplarini o‘zimga tegishli, deb xafa bo‘lishim kerak?” – deya o‘zini-o‘zi tinchlantirgan bo‘ldi.

Sirasi, agar kelinning gapini so‘zma-so‘z tahlil qilgandayam momoga tegishli joyi topilmaydi. Nega deganda, qaynona-kelin o‘rtasida hali biror marta achchiqmag‘iz gap o‘tmagan. Kelinning qo‘li ishga yugurik, oshxona, hovli yog‘ tushsa yalagulik, og‘zi gohida sho‘rta’m bo‘lsayam momoga qahrli chimirilib qaragan emas, xizmatini qilib yuribdi. Baribir, momo uning gaplarini o‘ziga oldi. Turfa mubham fikrlar ichida momoni xafa qiladigan boshqa vaj ham yo‘q emasdek edi. Xastalanganidan na mol-holga, na idish-tovoqqa qarolmay xijolatlanib yurgani barobarida, o‘g‘li Ismoiljon ham, kelinu nevaralari ham dil ochib, ahvolini so‘rashmaydi. Go‘yo osh-ovqati, choyi tayyor bo‘lsa bas, kampirga boshqa narsa kerakmas.

Momo endi o‘zini koyiy boshladi. Aslida, o‘zim sal narsaga norozilanib, ko‘nglim qurmag‘ur torayib borayotganga o‘xshaydi. O‘zimni ojiz sezishimga shu uch-to‘rt kunlik xastaligim sababmikan? To‘xta, Yoqit, o‘zingni qo‘lga ol, hech nima bo‘lmaganday ro‘zg‘orga aralashgin, deya qat’iy qarorga keldi-yu, yuragidagi boshqa bir xijillik uni yana tushkunlik bahriga otdi.

Axir, turmushga chiqishga yaragan kattagina qiz nevarasi ham ko‘rib-bilib yuribdi-yu, bir og‘iz iliq gapini aytib, enasining ko‘nglini ko‘tarish hushiga kelmaydi. Kelini ketma-ket ikki-uch bolani tug‘ib, o‘z-o‘ziga o‘ralashib o‘tirganida, momo shu qizginani beshigini tebratib, uyqusiz tunlar alla aytgan, tarab, yuvintirib, maktabga jo‘natgan.

Rahmatli boboyi kasallanib yotganida, eriga dalda berish uchunmi, ro‘zg‘ordagi ayrim bepisandliklardan ranjibmi, g‘amnishinlik bilan dilidagini tiliga chiqargan edi, ellik yildan ziyodroq vaqt bir yostiqqa bosh qo‘ygan boboyi unga dashnom bergan bo‘ldi:

– Unday dema, Yoqit, aksincha, men qolmagayman sendan keyin, chunki oshxona o‘zingniki, xohlagan narsangni pishirib-tushirasan, nevaralarni suyib, atrofingda parvona bo‘lganlaridan ko‘ngling taskin topadi. Erkakning yo‘rig‘i boshqa, kampir, – boboyi sal tin olib, eshitgan odamni yuragini vayron qiladigan bir gapni aytdi. – Sobir akani bilasan-a, xotini uzoq vaqt oyoq-qo‘li ishlamay, ko‘zlari ko‘rmay yotib, vafot qilgan edi. Yaqinda uni yo‘lda uchratib, hol-ahvol so‘radim. Ko‘zlari yoshlandi bechorani. “Eh, birodari aziz, shol bo‘lsayam, ko‘r bo‘lsayam xotinimni bori yaxshi ekan. Ertalab ham, peshinda ham, kechqurun ham kelinga, bolalarga otangga choy, ovqat berdingizlarmi, deb undar edi. Hozir o‘sha mehrga zorman”, dedi…

O‘sha paytda Yoqit momo erining bu gaplarini kasalligi bois ruhiyati tushkunligiga yo‘ygan edi. Mana, boboyining bu dunyoni tark etganiga ham besh-olti yil bo‘lib qoldi. Lekin u bashorat qilganlaridek, na oshxonaga xo‘jayin, na uyga. Kelini o‘zi pishiradi, o‘zi tushiradi. Onajon, siz urinmang, deydi. Bu yaxshi, lekin oshxona momoning qo‘lidaligida u bardam-tetik, yurishlari xo‘jayinona edi. Ammo haliyam hech kim uning pishigini pisht deyayotgani yo‘q. Ellikdan oshgan kelini bu dunyoning omonatligiga aqli yetadi. Faqat jindak rahmdillik yetishmaydi…

Yoqit momoning fikrlari chuvalashib, boshi g‘ovlay boshladi. G‘ayritabiiy kuch bilan o‘rnidan turib, sandiqdan to‘y-hashamlarga kiyish uchun ayab qo‘ygan mahsi-kalishini kiydi. Boshiga oppoq lachagini bejirim qilib o‘radi. So‘ng shahd bilan o‘rnidan turib, qoqsuyak qo‘li bilan hassasini mahkam qisgancha tashqariga yo‘naldi.

2

Rutubatli havoda ikki-uch chaqirim joyga yakka o‘zi ketishi unga biroz xavfli ko‘ringandek bo‘ldi, ammo Yoqit momo aytganidan qaytmaydigan fe’lli edi, yo‘lida davom etdi. Qadimdan yaqin dugonasi Ro‘zika momonikiga qarab ravona bo‘ldi.

U bir maromda qadam tashlarkan, yon-atrofga salqin sin soldi. Yaqin o‘rtada biror odam ko‘rinmadi. Bir-ikki qora qarg‘a qag‘illab, dala chetidagi go‘ng ustiga qo‘ndi. Qish oxirlab qolgan. Qishloq mukrim[3] mujdalar kutayotgandek sukunlik og‘ushida. Arvik yoqalab sokingina oqayotgan G‘azovot yopining suvi muzdek, salsabil, bir maromda osoyishtalik qo‘shig‘ini aytib borayotgandek shoshilmaydi. Momo so‘lg‘in nafas oldi. Qizlar bilan G‘azovotda cho‘milishlari xuddi kechagidek yodida. Ro‘zika kamgap, xoksorgina qiz edi. Dugonalar orasida birinchi bo‘lib kuyovga uzatildi.

Ro‘zika Xistiyonga kelin bo‘lib ketganida Yoqit ko‘p qayg‘urgan. Ro‘zikaning kelinlik uyidan it hursa eshitilgani bilan u yoq o‘sha paytda ayri o‘ram edi. Hozirda bu yerlar bir qishloq – Juryon.

Yoqit momo ikki yoniga yangi uylar qurilgani bilan o‘sha qadimiy, bir arava kengligidagi ikki tomoni tolu teraklik qadrdon yo‘lda borarkan, o‘zining kelinlik davrini eslab ketdi.

Elda ocharchilik. Yangi tuzilgan kolxozlarda boshboshdoqlik, ishning unumi yo‘q. Ba’zi odamlar ochlikka chidamay kunjara yeb, shishib o‘lib qoldilar.

Eng og‘ir kunlarda ham qaynotasi vazminlik bilan shukurlikka undardi. Kimningdir janozasi kuni qaynonasi turmushdan nolinsa, qaynotasi: “Tirikchilik – tirriqchilik”, derdi. Tamom, hamma narsa o‘rni-o‘rniga tushgandek bo‘lardi. “El bilan kelgan ofat ham to‘y”, derdi yana bir tushkunlik chog‘larida. U kishining yana bir aqlli gapi bor edi: “Iymon ham juft – sabr va shukur”. Aqlli gapi bir emas, ko‘p ekan. Birda qaynonasi: “Bu dono gaplaringiz bir burda non o‘rnini bosolmaydi, boy qarindoshingizdan bir tiyir bug‘doy so‘rasangiz bo‘lmaydimi, yozda qaytarardik”, deganida, “Tilangandan tilingan yaxshi, kampir. Hademay, ko‘k chiqadi, keyin tut pishadi. Og‘zimiz tutga yetishsa, o‘lmaymiz, u yog‘i o‘rikning oldi pishadi, olma, uzum degandek… Shu kunlarni yashab o‘tishimiz kerak bo‘lsa, chidam eng yaxshi suyanch”, degan edi.

Ro‘zg‘or davlati qaynotasining boshida ekanmi, vafotidan keyin uylaridan baraka ko‘tarila boshladi. Uylaridagi murosalik asta-sekin asabbuzarlikka aylana bordi, qaynonasining fe’li aynidi. Har narsadan ishkal topadigan, qovog‘idan qor yog‘ilib, quyoshli kunlarni ham zimiston qiladigan bo‘ldi.

Yoqitning hech esidan chiqmaydi. Bir kun dalaga go‘ng chiqarib, ariq tozalab, ochlikdan sillasi qurib kelsa, o‘g‘li Ismoiljon beshikda big‘illab yig‘lab yotibdi. Qaynonasiga bir so‘z demay, apil-tapil beshikka engashgancha, bolaga ko‘kragini tutdi. Qani bir tomchi sut bo‘lsa-yu, bola tinchisa. Dast turdi-da, bolasini beshikdan olib, onasinikiga ketdi. O‘g‘ilchasining tinimsiz yig‘isidan boshiga qon tepgan Yoqit oqibatini o‘ylab o‘tirmadi, yo‘lidan qaytmadi. Yoqitning onasi qizining bu qaltis tashrifini ma’qullamadi, lekin qahri qattiq bo‘lgani bilan quda momoning katxudoligi, kelib kelinini olib ketishiga ishongani bois qiziga biror ta’nali so‘z aytmadi. Sut, qatiq, obi yovg‘on bilan qorni to‘ygan Yoqitning kayfiyati yaxshilangani bavakka[4] ham o‘tdimi, tinchgina uxlab qoldi.

Uyidan urishib chiqmagani uchun Yoqit qaynonasi kelib olib ketishi to‘g‘risida, albatta bosh qotirgani yo‘q. Bir kosa qatiq bilan onasinikida qolgan ikkita zog‘ora nonni olib, o‘g‘ilchasi bilan uyiga kirib keldi. Qaynonasi yuzini burib qarshi olsa ham Yoqit hech gap bo‘lmagandek, o‘choqqa o‘t yoqib, ayvonni, dahlizni supuraverdi.

Baribir, Yoqit bilan qaynonasi oralaridan o‘tgan qora mushuk orqasiga qaytmadi. “Qovoq uygan uydan qirq kun baraka ko‘tariladi”, deganlaridek, na ishda unum bor, na uyda halovat. Ibroyimjon bilan Ikromjonlar qishloqdagi yagona traktorni yurgizolmay, erta ketib, kech keladilar. Holing nechuk, deb so‘raydigan inson yo‘q. Dalaga boradi – brigadirning zug‘umi, uyiga keladi – qaynonaning indamas nayzalari jonidan o‘tib yurgan kunlari butun oila romishiga[5] butkul darz ketar voqea sodir bo‘ldi.

Uyning ikki ustuni – Ibroyimjon bilan Ikromjonlarni askarlikka olishdi. Qaynonasining tik qaddi egildi, tili batamom zaharga aylandi. Urushning dastlabki kunlari Ikromjondan “qora xat” kelganidan keyin qaynonasi ko‘rpa-to‘shak qilib yotib qoldi.

Yoqit u yog‘ini eslagisi kelmadi. Eri Ibroyimjonning yarador bo‘lsa ham jahannam qa’ridan tirik kirib kelishi nafaqat Yoqitning, balki butun qishloq ahli qalbini shodlikka to‘ldirgan edi. Faqat o‘g‘lini ko‘rish baxti qaynonasiga nasib qilmadi. U bandalikni bajo qilgan edi.

Kunlar, oylar o‘tib, o‘n yoshdan oshgan o‘g‘li Ismoiljon dadasining og‘irini yengil qila boshlaganidan Yoqitning boshi osmonda, ro‘zg‘orlari tiklana boshladi. Ro‘zg‘orning erkasiga aylandi.

Yoqit momo vujudiga ingan qaviy quvvatdan yanada dadillanib, shiddat bilan Ro‘zika momoning uyiga kirib bordi.

3

Ajabkim, Ro‘zika momo xuddi Yoqit momoni kutib o‘tirgandek, quloch yoyib peshvoz qarshiladi.

– Ibi, assalom, chiqon, qadamingnan aynanin sani. Nichik galaqo‘yding? O‘zi sani sog‘ini-ib o‘tirvadim! Yaxshi galdingmi?

– Hovva. O‘zing yaxshi o‘tiribsanmi? Bola-chaqalaring omonmi?

– Shukur, hammasi yaxshi, qadrdonginam, hammasi sarasopinda.

Ro‘zika momo dugonasini mehmonxonaga boshladi. Mehmon tashrifidan quvonganini bildirish uchun madori yetsa-etmasa, yugurib-elib xontaxta atrofiga yangi ko‘rpachalar soldi. Shu oraliqda nevara-chevaralar, mol-hol omonligini so‘rashni ham o‘rinlatdi:

– Sani bugun Xudo yetirdi, chiqon. Top sani galjakingni bilgandin, galin sahar turib etli patir yopvadi. Ina, issiqqina, qani, dasturxonga qara.

Ro‘zika momoning kelini choy olib keldi, darrov ovqatga unnadi. Dugonasining har safargidan ham ko‘ra ziyodaroq mehribonchiligidan iyib ketgan Yoqit momo birdan yuragini bo‘shatgisi keldi. “Kelinimni manglayi­na emas, tanglayina bergan Xudo, Ro‘zikajon”, demoqqa shaylangan edi-yu, biroq so‘z o‘rniga “qult” etkizib yutinib qo‘ya qoldi. Siyrak tishlari orasidan bu yanglig‘ norizolik chiqib ketmaganiga shukur qildi. Ro‘zg‘orni yozg‘irsang, ofat yog‘dirasan. Bu aqidaga Yoqit momo qattiq rioya qiladi. U yo‘lda o‘ylab kelgan gaplarini dasturxon qilmay, elning boshqa bir achchiq gapini aytdi:

– To‘qson – el ichida yo‘qsan!

Dugonasining dardchil naqliga Ro‘zika momo jo‘yali bir javob topolmay, og‘ir nafas oldi va astagina:

– To‘g‘ri, – dedi.

Ro‘zika momo dugonasining afsusnamo gapini tasdiqladi-yu, nedandir tashvishda ekanligini anglab tursa ham, uning qalbi tubidagi burqsib turgan dudni alangalatishni istamadi. Gapni hazilga burib, saksonga yaqinlashib qolganlari bilan hali bardam-tetikligini aytib, hazil-huzul qilgan bo‘ldi.

Ammo Yoqit momo Ro‘zika momoning xayolini bo‘lib, mutlaqo boshqa yo‘sinda gap qildi:

– It yemishini yerga tashlasang, so‘vinarmish.

Ro‘zika momo hayratlangan kishiday ko‘zlarini katta-katta ochdi, ammo nega yemishini yalog‘ida bersa, it xafa bo‘larkan, deya luqma ham tashlamadi. Aksincha, momoning har bir so‘zga bir maqolmi, naqlmi qistirib o‘tishi odatiga ko‘nikib qolganidan, qaysi bir gurung orasida “Tovuq chaqirib don berma, yolaq chaqirib non berma”, degan naqliga ichidan tasanno aytdi va uning kirib kelgan vaqtidagi rangi o‘chiqligi o‘rniga yuzlari qizarib, ochilishib gapira boshlaganiga suyundi.

Yoqit momo boshlagan jumboqli naqliga izoh bermay, boshqa bir naqlni pesh qildi:

– “Oti yomon armonli ketar, xotini yomonning mehmoni ketar, o‘g‘li yomonning darmoni ketar”, deydi o‘tganlar, – Yoqit momo bir nafas jim turdi-da, dugonasiga sirli nazar solgancha, uzoqroq tanishlarining ahvoliga achindi. – Anovining kelini oyoq ochqanmish. Mo‘min-qobil erining yuzini yerga qaratgancha, hay ro‘yi siyo, oilaning halolligini, muqaddasligini pok saqlasa bo‘lmiymi, a?

Ro‘zika momo it bilan bog‘liq naqlga sal-pal tushungandek bo‘ldi, ammo so‘zamol dugonasining so‘zlarini oxirigacha eshitmaguncha bu to‘g‘rida gap ochmadi. Yoqit momo esa katta bir fojiali voqeani bayon etish bilan bir oila boshiga tushishi mumkin bo‘lgan ko‘rgiliklarning oldini olgandek, siyraklashgan qoshlarini kerdi.

Dugonasini har bir so‘ziga to‘g‘ri deb javob berib o‘tirgan Ro‘zika momo negadir it yemishi borasida bekor gap qilmagandir, degan o‘yda uning fik­rini quvvatlagandek gap qildi:

– Erini ishkali bordir…

– Qaysi erning ishkali yo‘q, a? – dugonasining so‘zini og‘zidan oldi Yoqit momo va shu baland pardada davom qildi. – Erimni ishkali bor deb, ayolning fe’li aynishi kerakmi? Men rahmatli, go‘rida tinch yotgur qaynonamning ne bir zug‘umlariga chidab, erimni o‘n yil kutdim. Sen-chi, sen? Bir umr kutyapsan. Uying halol, noning halol!

Ro‘zika momo ko‘ziga bilinar-bilinmas yosh oldi va negadir tiliga kelgan so‘zni qaytara olmadi:

– Hozir to‘qchilik, chiqon, “to‘qni to‘ydirish qiyin”, deydi o‘tganlar.

Yoqit momo birdan tutoqib ketdi:

– Kim to‘q? O‘sha oyog‘i yengil kelin to‘qmi? Durust, hozir to‘qchilik, lekin tomorqa yeriga g‘ovushdan[6] boshqa narsa ekishni bilmagan odam to‘q bo‘lar ekanmi? Bir tup olmaning mevasiga bir mashina g‘ovush beradi bozorda! Kuyovi ham dangasa, ishyoqmas! Shu tomorqa yerining qirog‘larini o‘n-o‘n besh tup olma, to‘rt-besh tup erta pishar, kech pishar arik[7] eksa o‘lami? Qishga qoqi qilsa, kilosi falon so‘m, bozorchilar kelib uyingdan olib ketadilar. Xotini ham yengil yo‘l bilan tillo isirg‘a osjaq rapidadek quloqlarina! Ota-buvalar bekor aytmagan: “Yiy-yiy xo‘rda bo‘ldim, yemin-emin murda bo‘ldim”.[8]

– To‘g‘ri, – dedi Ro‘zika momo bu safar hamishagi odatini buzmay. Biroq birovlarning balki hasaddanmi, havasdanmi beo‘rin gaplarini doston qilib, bir mushtiparning boshiga mag‘zava to‘kib o‘tirgan bo‘lmagin, deyishga tili bormadi. Dilini bo‘shatsin, emin-orqayin ko‘ngliga kelgan gapni aytib yayrasin deya, uning gapiga e’tiroz bildirmadi.

Yoqit momo dugonasi uning so‘zlariga gumonsirab qarayotganini ichki bir tuyg‘u bilan fahmladimi, sal hovridan tushgancha, asta dedi:

– “Yaxshi o‘lsa hamma bilan, yomon o‘lsa, bir o‘zi”, Ro‘zika. Elni og‘zina elak tutib bo‘lmiydi.

Yoqit momo boshqa gapirmadi. Dasturxonning popugini o‘ynagancha ko‘zlari bir nuqtada, xayolchan o‘tiraverdi.

Yoqit momoning cho‘rtkesarligi barobarida donishona qarashlari el ichida alohida izzatda edi. Kelganidan beri qizishib gapirayotgan, endi esa birdaniga jim bo‘lgancha yerga qarab, o‘y surib qolgan dugonasining nimadandir ezilib kelganini ichkin tuyg‘u bilan anglagan Ro‘zika tusmollagancha so‘z qotdi:

– “Kichik kofir bo‘lsayam, katta ko‘pir bo‘lsin”, degan donishlarimiz.

Yoqit momo yalt etib Ro‘zika momoga qaradi. Dugonasining hamishagi zukkoligiga yana qoyil qoldi. Aslidayam mana shu odati uchun Ro‘zikani axtarib kelgan edi u. Saksonni tevalab borayotgan umrining qay bir bo‘laklarida shu dugonasining muhim o‘rinlari bor. Hayotning pastu balandi Yoqitday fahm-farosatli, choratez ayolni ham chig‘iriqqa qisgan kunlar bo‘lgan. Ana o‘sha damlarda shu bo‘sh-bayovgina, ko‘p gapirmaydigan Ro‘zikaning uni ting­lab bo‘lgach, aytadigan bir og‘iz gapi olam-jahon zulmatini nurafshonlikka aylantiradi-qo‘yadi. Demak, kelinni ham, o‘g‘lini ham kechirishi kerak.

Sirini sirtiga chiqarmaslikka tirishgan Yoqit momo xiyol kulimsiragan bo‘ldi:

– Juda maqolchi bo‘lib ketibsanmi?

Ro‘zika momo ham o‘ziga yarasha nim tabassum bilan javob qildi:

– Qozonga yaqinlashsang, qorasi yuqadi-da, momoposhsha! Sannan yuqqan-don!

Shu tabassumli savol-javoblar asnosida ikki kampirning gurunglari yoshlik davrlariga qarab qanot qoqdi. Qora toldan uzun dudik[9] chiqarib, jamalak sochlariga qo‘shib o‘rganlari-yu, bektosh o‘ynab quvnaganlarini biri olib biri qo‘ydi. Hozirgi qizlar uzun sochlarini kesib, o‘g‘il bolalarga o‘xshab borayotganlari, ayrim qizlar shim kiyib yurganlarini hasrat bilan yozg‘irdilar.

– Hozir zamonga gap yo‘g‘-u, lekin odamlar orasida mehr-oqibat avvalgidan ko‘ra kamayib borayotganiga achinaman, momoposhsho. Hech esimdan chiqmaydi, bir yili bahor kechikib, mevalar gullaganda qor yog‘ib, sovuq urdi. Ekin ishlari ham kechikib ketdi, hosil bo‘lmadi hisob. Xullas, ocharchilik, onam xastalanib yotib qoldi, uyda bir burda non yo‘q. Eshikdan o‘ram oshoqidagi Guljon momo kirib keldi. Hozirgidek ko‘z o‘ngimda, oshkora emas, qisinib-qimtinib, uzun yengi ichidan bir dona anor chiqarib onamga uzatdi. Onam bechoraning ko‘zlari yoshlandi, lekin anorga imzanmadi. Onam yaxshi biladi, Guljonning uyida ham yeyarga hech vaqo yo‘q. Shu olib kelgan anorini bolalariga totintirsa, har tugul bir kun-yarim kun orom topishadi. Biroq xasta qo‘shnining ko‘nglini olishni muqaddas deb bilgani uchun yengi ichiga yashirib olib kelgan. Onam bechora shunda ho‘ngrab yig‘ladi. “Bolalaringga yedir, Guljon, men ancha yaxshiman, tuzalib qoldim”, dedi. Guljon momoning ham ko‘zlari yoshlandi: “Uyda yana bor”, dedi. O‘zining yolg‘oniga o‘zi ishonib, asta jilmaydi. Guljon momo ketgach, onam rahmatli: “Ikki kun bo‘ldi, ko‘nglimdan anor yeyish o‘tib turgan edi”, dedi. Men darrov kesib qo‘ydim. Onam bir-ikki dona urug‘ini shimib, qolganini bizga yedirdi. Qo‘shnilarning mehribonliklari oqibatidanmi, Xudoning karamidanmi, onam asta-sekin oyoqqa turib, yaxshi bo‘lib ketdi…

– To‘g‘ri, – deya tasdiqladi astagina Ro‘zika momo.

– O‘sha qimmatchilik, yeyishga bir burda non qayg‘u, ocharchilik paytlarda bavak tug‘ilgan uylarni esla, – so‘z nishabini balandladi Yoqit momo. – Qaysi bir xotin ikki, qaysi biri uch, qaysi biri to‘rt yumurta[10] olib kelib, dasturxonga qo‘yar edi. Qarabsanki, o‘ttiz-qirq yumurta yig‘ilib, chaqaloq tug‘ilgan uyning mo‘risidan chiqqan tutun bilan yog‘ isidan qishloqqa yana fayz kirgandek bo‘lar edi…

– Sani so‘zona so‘zlaringni eshitib, hozirda odamlar orasida mehr-oqibat avvalgidan ko‘ra kamayib borayotgan deganingga sal shak keltirsam, xafa bo‘lmiysanmi? – Ro‘zika momo o‘sha past ovozida muloyimgina davom qildi. – Gapingda jon bor. Mana, san kelding, uyimiz yoqtilanib getavardi. Rahmat sanga. Biroq bizning yoshimiz ulg‘ayib, sal chetda qolayotganimizni unutmasligimiz kerak. Uni o‘rniga, aksincha, ko‘proq e’tibor talab bo‘lib qolganimizni tan olmasak, insofdan bo‘lmas. Hozir bizga bir gap ko‘p, yarim gap oz. Hatto sal bundayroq nigohdan ham xafa bo‘la boshlaymiz. O‘zimizning yoshlik chog‘larimizni esla. Biz ham katta momolarimiz dardini tushunganmizmi? Hozirgi to‘kin-sochinlikka, osoyishtalikka shukur qilmasak, Xudoyam bizdan rozi bo‘lmaydi, momoposhsha.

O‘rtaga sokinlik cho‘kdi.

– To‘g‘ri aytsan, Ro‘zikajon, – dedi Yoqit momo jimlikni buzib. – “Yo‘qliq nani yedirmas, to‘qliq nani deyirmas”, deydilar. Mehr-oqibat ham, xush muomalayu mehmonnavozlik ham dasturxon mo‘llashgan sayin ortib boraveradi, Olloga behisob shukur, chiqonjon.

Ularning suhbatlari qizigandan-qizib, kech kirganini ham bilishmadi. Yoqit momo ketishga imzangan edi, Ro‘zika momo uni “Bir kecha ming kecha emas. Bugun shu yerda qolasan, so‘zlashib tong ottiramiz, chiqon”, deb qo‘yib yubormadi.

Osh-ovqatlar yeyilgach, ikkovi undan-bundan gaplashgan bo‘ldilar-u, suhbat orasida ko‘zi ilinib-ilinib ketayotgan Ro‘zika momo axiyri, yengil pishillagancha uyquga ketdi. Yoqit momo u yoqqa ag‘anadi, bu yoqqa ag‘anadi, uyqu yo‘q.

Narigi xonada chaqaloq yig‘isi eshitildi. Bolasini emizishga chiqqan kelin chiroq yoqdi shekilli, ular yotgan xonaga qiya yorug‘lik tushdi. “Chiqonimning uyidayam, ko‘nglidayam dardi yo‘q. Ko‘ngli tinch, xotirjamligi bois uyquyam uni tezgina elita qoldi. Menday yuragini og‘ir yuk bosib turganida, balki hali yana biroz suhbatlashib o‘tirgan bo‘larmidik”, – dugonasining beozorgina uxlayotganiga termilgancha havas bilan o‘yladi u. – Qiz-o‘g‘illari, nevara-chevaralari esli-hushli, mehnatkash bolalar. Dugonamning baxti bor ekan. Bolaligimizdayam shu muloyim, kamgapligi bois doim olqish olar edi. Qaniydi, yana bola paytlarimiz qaytib kelsa. O‘sha paytlari toshchiroq yorug‘ida dars tayyorlardik. Ko‘zimiz ham rosa o‘tkir bo‘lgan ekan-da. Paxtadan yasalgan pilikni, mol yog‘iga botirib yoqqandagi uyning nim yoqtisida bo‘ladigan kitobxonliklar bir olam yog‘du bo‘lib ko‘rinardi bizga. Endi toshchiroqni hech kim ishlatmasayam kerak. Hozir elektr chirog‘ining charog‘on nurida ignaga ip o‘tkiza olmayman. – Momo chuqur uf tortdi. – Qaridim, gapning indallosi shu!”

4

Yoqit momo bir amallab dugonasinikida tong ottirdi. Ro‘zika momoning kelini allaqachon sigirni sog‘ib, sutlarni pishirib, mehmonxonada dasturxon yozishga uringan. Momolar dahliz adanidagi[11] to‘shshi[12] yoniga keldilar. Ro‘zika momoning qiz nevarasi dastsho‘y bilan iliqqina suvga to‘ldirilgan kumushrang qumg‘onni tayyorlab, chap yelkasiga top-toza sochiq tashlagancha ochiq yuz bilan kutib turardi. Ro‘zika momoning uyidagi saranjom-sarishtalik, muloyimona mulozamatlarni ko‘rib yuragi bir qalqdi. Ikki hovli – ikki dunyo.

Shu kunlarda Ro‘zika momo borib qolsa, Yoqit momo uni qanday kutib oladi? Uyidagi bemehrlikdan zada bo‘lgani bir yon, mehmon oldida izza bo‘lgani bir yon bo‘lib, bu yoqti dunyodan ko‘z yumib ketishdan boshqa chora qolmaydi-ku…

Yoqit momo lahzalar ichida qalbida kechgan alamli tug‘yonni yuziga chiqarmay, nevara qizni alqab, duolar qildi.

– Baraka top, qizim, kelinlik baxtini yaxshi joylardan ato qilsin, borgan joyingda unib-o‘sgaysan, ibirli-chibirli bo‘lg‘aysan.

Qiz uyalinqirab, ne qilarini bilmay momosiga qaradi.

– Uyalsang-uyalmasang, hamma qizning boshida bor savdo bu, qizim. Yoqit momongni duolari iloyim dargohinda ijobat bo‘lg‘ay.

Qiz battar uyalib, orqasi bilan yurgancha ulardan uzoqlashdi.

Mehmonxonaga kirgach, dasturxonni ko‘rib, Yoqit momoning hayrati yana ham oshdi. Guldor likopchalarda qaynatilgan oppoq yumurtalar, ikkita sarg‘imtir likopchada tong saharlab kupida[13] chayilgan sariq yog‘, ikki piyolada tillodek tovlanib turgan asal, yana ikki kosada qaymoq. Hammasidan ham dasturxonda kechagi yopilgan etli patir emas, balki tandirdan yangi uzilgan to‘rtta zog‘ora chiroylik qilib sirchali la’liga[14] terib qo‘yilgan. Bularni ko‘rib, Yoqit momoning miyasiga kelgan ilk fikr: Ro‘zikaning butun umr tortgan azoblari joyiga tushibdi – ana izzat, ana hurmat.

Yoqit momo ushatilgan zog‘orani qaymoqqa botirib tamshanar ekan, dasturxondagi bari narsalar xonadon egalarining o‘zlari yetishtirgan mahsulotlar ekanidan mamnunligi oshdi. Zog‘ora jo‘xori unidan, u tomorqada yetishtiriladi. Yumurtalar o‘z oyoqlarida boqilib yurgan beminnat tovuqlar, o‘zlari jo‘ja ochib, o‘zlari ko‘payib, dasturxonni to‘ldiraveradi. Sariq yog‘u qaymoq bog‘ to‘ridagi sigirjonniki. Asal ro‘zg‘ordan ortgan yumurtalar pulidan keladi. Momo nonushta tamaddi qilguncha duoda bo‘ldi. Oshxona tomondan kuydirilgan yog‘ hidi keldi. Yoqit momo nigohini dasturxondan olib, dugonasiga minnatdorona boqdi:

– Ro‘zika, kelininingga ayt, ovqatga urinmasin. Men ketaman, loy-kesak uyimni sog‘indim, chiqonjon. Bolalarim oqshom qaytib bormaganimga xavotir olib o‘tirishgandir.

Yoqit momo o‘zining yolg‘oniga o‘zi ishonib, endi astoydil o‘rnidan qo‘zg‘aldi.

– Hali endi tong otdi-ku, ozib-yozib bir kelibsan, shoshaverma, borasan, qochib ketmas uying, – degani bilan Ro‘zika momo qaddini rostlab, oshxona tomonga borib qaytdi va qat’iy ohangda so‘zini davom ettirdi. – Kelinim tushmagur momomizning tishlariga qoyim qilib, yumshoqqina go‘mma pishiramiz, yeb ketadilar, nevaralariga ham olib boradilar deb, qizi bilan xamir qorib, ijjon[15] tayyorlayotir ekan.

– Yo‘q, Ro‘zika, men ketmasam bo‘lmiydi. Ichima bir havl tushdi. Go‘mma yemay yurgan yerimmi. Izzat bo‘lsa shuncha bo‘lar, rahmat.

U peshingacha o‘tirsa, Ro‘zika momo ham navbati bilan bir diydiyosini boshlashi mumkin. Ming to‘kin bo‘lgani bilan kamchiliksiz oilani topish qiyin. Juda bo‘lmasa, kasalligidan noliy boshlaydi. Hamdardlik bildirmay iloj yo‘q.

Yoqit momo endi borliq hovuridan tushib, yenglaydim, deganda yana dilsiyohlik yukidan g‘amga botishni istamadi. Yashin tezligida miyasidan o‘tgan o‘ylar ta’sirida so‘zini tamom qilib-qilmay, qo‘llarini tizzalariga omonatgina tiragancha o‘rnidan turdi.

Ro‘zika momo noiloj yana oshxona tomonga o‘tdi va biroz eylanib,[16] qo‘lida kichikroq bir tuguncha bilan Yoqit momo oldiga kirdi.

– Ha, bu novvi? – kerak bo‘lmasa ham beo‘rin savol berdi Yoqit momo dugonasining qo‘lidagi tugunchaga ishora qilib.

– Bolalaringni nasibasi.

Ikki dugona ham hech qayerda yozilmagan bu qat’iy udumiyat qonunini yaxshi biladi. Lekin baribir, mulozamat yuzasidan rad, xayrixohlik tuyg‘ularini to‘kib solishadi. Bu ham mehr-oqibat hosilasi bo‘lsa, ne ajab?

Yoqit momo qo‘lida tuguncha bilan bo‘sag‘a hatlab tashqariga chiqqanida quyosh yaraqlab, kechagi rutubat o‘rnini shavqli ravshanlik egallagan edi. Olam boshqacha, ko‘zga yoqimli, zarrin rangga kirgandek, yon jonib sirli jilmayayotgandek edi.

U Ro‘zika momo bilan xayr-xo‘shlashib, qaddini rasolagancha, qadamini yerga dadil bosdi. Kechagi g‘amnishinlikdan asar ham qolmadi. Aksincha, hovuridan tushib, uyiga qanday yetib kelganini bilmadi.

Tepasiga yaxshilik irimi uchun qo‘chqor shoxi mahkamlangan darvoza ko‘ringach, qadamini sekinlatdi. Narvondan yasalgan saldomli eshikni ichidan tambalanganmikan deb qattiqroq itargan edi, u yengilgina qiyalab ochildi. Momo bo‘sag‘a hatlab ichkari kirishi bilan ayvonda ne bilandir andarmon bo‘lib o‘tirgan qiz nevarasi dast o‘rnidan turib, uning istiqboliga chopqillab keldi-da, ozg‘ingina bo‘yniga osildi:

– Nerlarda qolib ketdingiz, momojon?

Ko‘ksiga boshini qo‘ygan nevarasining sochidan taralayotgan xushnamchil – muattar bo‘y momoga butkul enalik mehrini iydirib yubordi. Uning bo‘g‘ziga nimadir qalqqandek, yuragi hapqirib ketdi. Bir qo‘lida hassa bilan tuguncha, bir qo‘li bilan nevarasining ipakdek qora sochlarini silay boshladi. Ko‘zlaridagi sevinch yoshlari to shu kungacha bo‘lgan bari gina-kuduratlarni yuvib ketgandek bo‘ldi. Shu payt kelinining ginali ovozi eshitildi:

– Assalom, enajon! Bir og‘iz aytib ketsangiz bo‘ladi-ku, axir. Na Ismoiljoningiz uxladi, na biz.

– Tezda qaytarman, deb o‘ylagan edim, qizim. Ro‘zika momong yubormadi, noiloj, so‘zini qaytarolmay, tunab qoldim. O‘zimni ham ichimni it tirnadi. Sizlarni xavotirga qo‘yganimga ko‘p qisindim.

Yoqit momo shu onda o‘zini qushdek yengil sezdi. Tezda kiyimlarini almashtirib, ro‘zg‘or yumushlariga kirishib ketdi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 2-son

[1] Ullivilon (sheva) – kap-katta.

[2] Juvoramak (sheva) – juvonmarg.

[3] Mukrim – saxovatli.

[4] Bavak (sheva) – chaqaloq.

[5] Romish (sheva) – farog‘at.

[6] G‘ovush (sheva) – makka, jo‘xori poyasi.

[7] Arik (sheva) – o‘rik.

[8] Yeya-eya xo‘rda bo‘ldim, yemay-emay murda bo‘ldim.

[9] Dudik (sheva) – tolning nozikroq shoxini kesib olib, dumaloq qilib yumshatilgach, silliqqina shoxdan sug‘urib olingan po‘sti. Uning kichikroq kesmalarini hushtak qilib chalish mumkin.

[10] Yumurta (sheva) – tovuq tuxumi.

[11] Adan (sheva) – poygak.

[12] To‘shshi (sheva) – oqava suv ketishi uchun usti panjaralangan chuqurcha.

[13] Kupi (sheva) – kuva.

[14] Sirchali la’li (sheva) – chinni lagancha.

[15] Ijjon (sheva) – qiyma.

[16] Eylanib (sheva) – kechikib.


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!