Habib Siddiq. So‘raganingiz nima edi? (hajviya)

Asab kasalliklari shifokori huzuriga xotinini olib kelgan kishi hasratini to‘kib solib yordam so‘radi. Shifokor bemorni ko‘zdan kechirar ekan savol berdi:
— O‘zi parrandachilik mahsuloti, ranggi oq narsa nima?
— Tosh,— dedi bemor.
— Mana shunaqa ahvol, — dedi er xo‘rsinib.
— Tovug‘ingiz tuqqan narsa, usti qattiq, ichi suyuq, — dedi shifokor bu gal tushuntiribroq — rangi oppoq, nima?
— Oppoq tosh.
— E-e, — dedi er xunobi oshib.
— Bo‘ldi, — dedi doktor, — bemorni olib chiqavering, davolanish uchun yo‘llanma yozib beraman.
Xotinini tashqariga olib chiqqach, er xonaga qaytib kirib shifokordan so‘radi:
— Bir narsani so‘rasam maylimi, do‘xtir?
— Bemalol.
— Aytingchi, haligi so‘raganingiz nimaydi o‘zi?